Barqaror bo‘lmagan beqarorlar bahsida jamoaviy futbol ustun keldi (O‘yin haqida)

  • 11 aprel, 2024, 03:24
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Evropa Chempionlar ligasi chorak finalning ikkinchi kunida kattaroq afisha bu - PSJ - "Barsa" bahsi edi. Kutilmalar turli bo‘lgan mazkur bellashuvning yakuni ko‘pchilik uchun biroz kutilmagan bo‘ldi. Luis Enrike boshchiligidagi PSJ Mbappe kabi "yirtqich" hujumchisiga ega bo‘la turib o‘z maydonida "Barselona"ga imkoniyatni boy berdi. Ha, bu bahsning favoriti aynan Parij grandi edi. Keling, o‘yinda nimalar sodir bo‘lganini yana bir eslaymiz! 

Birinchi bo‘lim! 

Birinchi taymning avvali Parij klubining ustunligi bilan boshlandi. Ilk daqiqalarda biroz tajovuzkorlik namoyish etgan Luis Enrike shogirdlari, garchi, ustunlik qilgan bo‘lsa ham sifatli hujumlar uyushtirishni uddasidan chiqmadi. Li Kan In va Asensioning olisdan yo‘llagan zarbalarigina esda qoldi. Kichik bosimdan chiqib keta olgan "Barselona" taymning qolgan qismida nazoratni o‘z qo‘liga oldi. Burchak zarbasi amalga oshirilgach, Levandovski Donnarumaning xatosidan foydalanib, deyarli bo‘sh qolgan darvozaga zarba yo‘lladi, ammo Mendesh to‘pni chiziq ustidan olib chiqdi. Bundan tashqari, Rafinyaning olisdan yo‘llagan zarbasi va yana bir qator oxiriga etmay qolgan chiroyli hujumlar "Barsa"ning PSJdan ustun harakat qilayotganini ko‘rsatib turardi. Nihoyat, bu ustunlik 37-daqiqada hisobga ham ko‘chdi. Yamalning qanotdan bergan uzatmasidan so‘ng hujum markazidagi Levandovski aqlli harakat bilan to‘p Rafinyaga borib tushishini ta’minladi. Fokusni polyakka qaratgan PSJ himoyachilari va darvozabonini Rafinya jazoladi hamda bo‘sh qolgan darvozaga xotirjamlik bilan zarba yo‘llab, bellashuvda hisobni ochdi. Tushunarsiz futbol namoyish etayotgan Parij grandi goldan keyin ham o‘ziga kela olmadi. Taymning qolgan qismi ham mehmonlarning nazoratida, mezbonlarning esa mavhum harakatlari bilan o‘tdi. 

Ikkinchi bo‘lim! 

Ikkinchi taymda Luis Enrike qandaydir o‘zgarishlarga qo‘l urishi kutilgandi. Hujum markaziga Asensioni qo‘ygan murabbiy bu qarori xato bo‘lganini tushunib etdi. Ispaniyalik hujumkor yarim himoyachi o‘rniga yosh va tezkor Barkola maydonga tushdi. Aynan uning tezligi ora-orada "Barsa" mudofaasining tinchini buza oldi. 48-daqiqada Dembelening o‘xshamagan uzatmasiga arang etib borgan Kilian to‘pni raqib jarima maydoni markaziga etkazib berdi. Himoyachilardan qaytgan to‘p Usmonga kelib tushdi. Frantsuz bitta harakat bilan De Yongni ortda qoldirib qaytarib bo‘lmas allambalo zarbasi bilan bellashuvda hisobni ochdi. Ushbu goldan keyin hali o‘ziga kelib ulgurmagan "Barselona" ko‘p o‘tmay darvozasidan ikkinchi to‘pni ham olib chiqdi. Fabian Ruisning ajoyib uzatmasidan so‘ng Vitinya raqib jarima maydoni ichiga katta tezlik bilan kirib bordi va oyoqlari uchi bilan zarba yo‘llab, Ter Shtegen darvozasiga gol urib ketdi. Birinchi taymni ustunlik bilan yakunlagan "Barsa" futbolchilarining ustidan PSJ "muzday suv qo‘yib yubordi". Bu gollar Kataloniya klubini o‘ziga kelishini yoki battar "muzlashini" ta’minlashi kerak edi. Amalda birinchi variant guvohi bo‘ldik. 

"Barselona" o‘zgarishlarga qo‘l urdi. Jarohatidan hali to‘liq tuzalmagan Pedri Robertoni, Felish esa ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yayotgan Yamalni o‘rniga maydonga tushdi. Aynan ispaniyalik xavbekning to‘pga ilk teginishi zargarona uzatma bilan yakunlandi, Rafinya esa bu vaziyatni ko‘kka sovursa uyat bo‘lardi. Hisob 2-2! Safarda harakat qilayotgan Xavi shogirdlari uchun bu hisob nisbatan qulay edi. 2:2'dan so‘ng jamoalar biroz hovurini bosib olib, bir-biridan cho‘chib harakat qilishni boshladi. Shu joyida Xavi yana bir yurishni amalga oshirdi. Tayanch zonada harakat qilayotgan de Yong o‘rniga oxirgi paytlarda majburlikdan ushbu pozitsiyada ko‘p ko‘rinish berayotgan Kristensen o‘yinga qo‘shildi. 79-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda aynan Andreas burchak zarbasidan so‘ng bosh bilan gol urib, "ko‘k-anorranglilar"ni hisobdagi ustunligini ta’minladi. 44 yoshli mutaxassisning o‘yinga kiritgan "tuzatishlari" maksimal samara berdi. Qolgan daqiqalarda PSJ oldinga tashlandi, ammo "Barsa" himoyasi faqatgina 3-4 daqiqa pand berdi xolos. 

Xulosa

Parij klubi va Enrike bir-biriga u qadar mos bo‘lmagan "ikki qutb", deb hisoblayman. Garchi, hozirgi PSJ to‘p nazoratida ancha aktivlik ko‘rsatayotgan bo‘lsa ham bog‘lamlar yaxshi ishlamasligi jamoa o‘yinida yaqqol namoyon bo‘lyapti. Hujumlar asosan Mbappe yoki Dembelening reydlari ortidan vujudga keladi. Taktik ishlanmalar deyarli ko‘zga tashlanmaydi. "Barselona"da Mbappe darajasidagi futbolchi bo‘lmasa ham to‘pni o‘zida xotirjam ushlab tura oladigan ko‘plab mahoratli futbolchilar va eng muhimi maydondagilarni birlashtirib turadigan jamoa falsafasi bor. Avvalgidek emas va bunga da’vo ham qilisha olmaydi. Biroq baribir klub "tomiriga" bir marta kirgan qon ancha yillar shu "tomirda" aylanib yuradi. Bugun "Barselona" PSJni jamoa bo‘lib yutdi. Xavi boshliq butun butun jamoa g‘alaba uchun o‘z hissasini qo‘shdi. Balki Kataloniyada hammasi o‘zgarib ketar. Enrikening "tulpor"lari safarda umuman boshqacha o‘yin ko‘rsatib, vaziyatni o‘z tomoniga og‘dira olar. Biroq Parijdan "Barselona" haqli va chiroyli g‘alaba bilan qaytyapti. Eng muhimi, ustunlikni o‘z tomonlariga og‘dirib! 

                                                                                                                                                                                 KARIM Xudayqulov tayyorladi 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!