
“Barsa”ni 19 yoshli “yulduzcha” tark etadigan bo‘ldi
“Barselona” asosiy tarkibiga kiritilmagan 19 yoshli qanot hujumchisi Yan Virjili yangi mavsumni boshqa jamoada boshlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Gap shundaki, bosh murabbiy Xans-Diter Flik iqtidorli o‘yinchini asosiy jamoa bilan Osiyo turnesiga olib ketmadi. Demak, Virjilga o‘zini ko‘rsatish va tarkibdan joy olish imkoni berilmaydi.
Bu vaziyatda La Liganing ikkita klubi foydalanib qolmoqchi. “Malorka” va “Jirona” Yan Virjilini ijaraga olish harakatlarini boshlab yubordi.
Sport.es saytining ma’lum qilishicha, “Malorka” kataloniyaliklarga bog‘lanib, o‘yinchini keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga so‘radi. Bu jamoa bosh murabbiyi Yagoba Arrasate Virjiliga qo‘ng‘iroq qilib, futbolchining jamoadagi roli haqida gaplashib olgani aytilmoqda.
Virjili “Barselona” tizimiga 2024 yili qabul qilingan. O‘tgan mavsumda ikkinchi jamoa safida barcha turnirlarda 17 ta uchrashuvda qatnashib, to‘rtta gol va ikkita assist muallifi bo‘ldi.
Fikrlar