"Barselona"ning "Kamp Nou" rekonstruksiyasi uchun ajratilgan mablagʻ tugamoqda
"Barselona" klubining mashhur "Kamp Nou" stadion va uning atrofidagi infratuzilmani qayta qurish loyihasi jiddiy moliyaviy muammolarga duch keldi. Bu haqida "Marca" nashri xabar bermoqda.
Manba ma'lumotlariga ko‘ra, avval ajratilgan mablag‘lar barcha rejalashtirilgan ishlar uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Klub prezidenti Joan Laporta boshchiligidagi rahbariyat "Goldman Sachs" banki tomonidan taqdim etilgan 1,45 milliard yevro miqdoridagi kredit liniyasi deyarli to‘liq sarflab bo‘linganini, loyiha esa hali yakunlanishdan ancha uzoq ekanini tan olgan.
Shu munosabat bilan klub qo‘shimcha moliyalashtirish uchun a'zolardan ruxsat so‘rash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu masala iyul oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishda muhokama qilinishi mumkin.
Hozirda ishlar nafaqat "Kamp Nou"da, balki "Espai Barca" loyihasining boshqa obyektlarida ham davom etmoqda. Ular qatoriga "Palau Blaugrana" arenasi va sobiq "Les Korts" stadioni hududlari ham kiradi.
Ayni paytga kelib rekonstruksiyaning 1S bosqichi yakunlangan bo‘lib, stadion sig‘imi 62 657 tomoshabingacha oshirildi. Hozirgi asosiy ishlar ikki qavatli "VIP" sektorlar va uchinchi yarus tribunalarini qurishga qaratilgan.
Loyihaning joriy bosqichida qariyb 9400 ta "VIP" o‘rindiq barpo etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, uning 2027 yil yozida yakunlanishi rejalashtirilmoqda. Shundan keyin eng murakkab bosqich — stadion tomini o‘rnatish va konstruksiyaning kompression halqalarini qurish ishlari boshlanadi.
Qurilishning yakuniy bosqichi vaqtida "Barselona" ehtimol 2027/28 yildagi mavsum boshida o‘z stadionini vaqtincha tark etishiga to‘g‘ri keladi. Biroq jamoa o‘sha davrda uy uchrashuvlarini qaerda o‘tkazishi hozircha aniqlashtirilmagan.

Fikrlar