Bir aylanib kelinglar! Mourinyo "Real"ning ikki futbolchisiga chiqish eshigini ko‘rsatdi
Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Joze Mourinyo kelayotgan mavsumda himoyachi Raul Asensio va hujumkor futbolchi Franko Mastantuono xizmatlariga asosiy tarkibda ishonch bildirmayotgani xabar qilinmoqda, deb yozdi Fichajes.net manbasi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, ispan grandi rahbariyati yozgi transfer oynasi yopilguniga qadar ushbu ikki futbolchini ijaraga jo‘natish variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, ularni to‘liq sotib yuborish rejalashtirilmagan — Asensio va Mastantuono «Real» bilan 2031 yilgacha mo‘ljallangan uzoq muddatli shartnomalarga ega. Madrid klubi rahbariyatining fikricha, doimiy o‘yin amaliyotini boshqa jamoalarda davom ettirish futbolchilar rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ijaraga ketishi ehtimoli eng yuqori nomzodlardan biri — 23 yoshli Asensio. Fransiyalik markaziy himoyachi Ibrohim Konate jamoaga kelib qo‘shilgandan so‘ng «Qirollik klubi»ning himoya chizig‘ida raqobat yanada kuchaydi. Bu esa ispaniyalik futbolchining asosiy tarkibda muntazam maydonga tushish imkoniyatlarini sezilarli darajada kamaytirdi. O‘tgan mavsumda Asensio rasmiy uchrashuvlarda 34 marta maydonga tushib, ikki gol urdi va bir golli uzatma muallifi bo‘ldi.
Shu kabi qaror 18 yoshli Mastantuono borasida ham qabul qilinishi mumkin. «Real» argentinalik yarimhimoyachining salohiyatini yuqori baholaydi, biroq uni butun mavsum davomida zahirada qoldirishni istamaydi. O‘tgan mavsumda Mastantuono 35 o‘yinda ishtirok etib, uchta gol urdi va bir bor hamkasbini golli pas bilan ta’minladi.
Xabar qilinishicha, madridliklar sport bo‘yicha rahbariyati yaqin kunlarda har ikki futbolchi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. «Real» Asensio va Mastantuono uchun taklif etiladigan ijarа variantlarida ularga yetarli o‘yin amaliyoti kafolatlanishiga alohida e’tibor qaratadi.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida «Real» rasmаn Joze Mourinyoning bosh murabbiy sifatida klubga qaytganini e’lon qilgan edi. Portugaliyalik mutaxassis 2029 yil 30 iyungacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi va allaqachon jamoani 2026/2027 yilgi mavsumga tayyorlash ishlarini boshlab yuborgan.

Fikrlar