Bosh murabbiy: Shomurodov uzr so‘radi, lekin...

  • 9 aprel, 2023, 21:21
  • 4
  • Futbol

A Seriyaning 29-turida “Spetsiya” jamoasi safar uchrashuvida jiddiy raqib – “Fiorentina” bilan to‘qnash keldi. Florentsiyaliklar barcha musobaqalarda 9 ta uchrashuvdan iborat g‘alabali seriyani davom ettirayotgani bois, bu bahsda ham mezbonlarning qo‘li baland kelishi taxmin qilingandi.

Biroq o‘yin davomida Leonardo Semplichi “Spetsiya”ning o‘yinini ancha kuchaytira olganini yana bir karra isbotladi. Bahsning aksariyat qismida mehmonlar ustunlik qildi. Biroq ketma-ket ikkinchi uchrashuvda “Spetsiya” futbolchilari o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ymoqda. Bu gal Pshemislav Vishnevski 25-daqiqada avtogol muallifi bo‘ldi.

Oradan etti daqiqa o‘tib, “Spetsiya” to‘purari Mbala Nzola hisobni tenglashtirdi.

746745_original

O‘yinga 77-daqiqada tushirilgan Eldor Shomurodov yana o‘yin qahramoni bo‘lishi mumkin edi. Maydan markazida to‘pni egallab olib, darvozaga bo‘lgan masofani katta tezlikda bosib o‘tgan hujumchimizning zarbasini mezbonlar posboni qaytarib qoldi. Eldor jamoasiga qimmatli g‘alaba keltirish imkonini qo‘ldan berdi.

Bellashuvdan keyin Leonardo Semplichi o‘z fikrlarini bildirib, bu vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi.

- O‘yin durang bilan tugagan bo‘lsa ham, ketma-ket to‘qqizta uchrashuvda raqiblarini er tishlab kelayotgan kuchli jamoa bilan to‘qnashuvdagi ijobiy natijadir. Bu qimmatli ochko kelajakka umid bilan qarashimiz mumkinligiga xizmat qiladi. Shogirdlarim birinchi bo‘limda zo‘r o‘ynadi, ikkinchisida g‘alabani qo‘lga kiritish imkoniyatini boy bergan bo‘lsa-da, oxirigacha kurashdi.

Aynan mana shu men shakllantirishni istagan mentalitet hisoblanadi. Ular oxirgi soniyagacha kurashishi kerak.  Tarkibda muammo ko‘rligiga qaramay,  sifatli o‘yin namoyish qildik. Jamoaning o‘ziga bo‘lgan ishonchi mentalitetga ko‘chmoqda. Hatto o‘yin oxirida bizni uch ochko bilan qaytishimizga xizmat qiladigan vaziyat ham bo‘ldi.

Safimizda raqib hujumlarini qaytargan Bartlomey Dragovski bor. Nzola Mbala biz uchun juda qimmatli futbolchi, u bu gal ham gol urdi. Jamoada o‘sish borligi chempionatda kurash olib bora olishimizga xizmat qiladi.

Salvatore Espozitoning texnik va taktik harakatlari yaxshi, lekin hali ancha tajriba to‘plashi kerak. Hozir u ana shu tajribani olishga intilyapti, kelajakda o‘z so‘zini aytishiga ishonamiz. Boshqa jamoada o‘ynaganida bemalol boshlang‘ich tarkibga kiritilar edi.

Biz minglab muxlislari ko‘z o‘ngida o‘ynagan kuchli jamoadan bir ochko tortib oldik. Biz bu ochkoga loyiq o‘yin ko‘rsatdik. Ikkinchi bo‘limda juda to‘g‘ri himoyalandik. Oxirida sensatsion voqea guvohi bo‘ldi. Afsus. Lekin bu futbol.

Shomurodov o‘sha vaziyatda gol ura olmaganidan qattiq afsusda. Uning zarbasi hal qiluvchi va raqibni nokautga tushiradigan bo‘lishi mumkin edi. Lekin unday bo‘lmaydi. O‘yindan keyin Eldorning ko‘nglini ko‘tarishga harakat qildim, qulay vaziyatni boy berganidan tushkunlikka tushgan.

Eldor jamoadosh do‘stlarining barchasidan uzr so‘radi. Lekin u bunday qilmasligi kerak. Hammamiz ham xato qilamiz. O‘tgan o‘yinda u gol urgan edi, bu gal maqsadini amalga oshira olmadi.

Men unda ishtiyoq uyg‘otishga harakat qildim. U o‘z kuchiga, sifatli jihatlari borligiga ishonishi kerak. Shunda “Jenoa”da porlagan hujumchini yana ko‘ramiz.

7f5f0a6521b95928e85add94c1115125

Florentsiyada qo‘lga kiritilgan ochkodan ko‘nglim to‘ldi va xotirjam dam olishim mumkin, - dedi Leonardo Semplichi.

“Spetsiya” 30-tur uchrashuvini 14 aprel kuni o‘tkazadi. Shu kuni Shomurodov jamoasi o‘z maydonida “Latsio”ni qabul qiladi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi.

Salciomercato.com: Shomurodov yana qahramon bo‘lishi mumkin edi...

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ботир
09/04/2023 17:21
Хаммада булиши мумкин бундай холат. Олга Шома !
&
Olimov shavkat
11/04/2023 01:19
Olg'a shoma
Raxmanov Alisher
09/04/2023 20:50
Кейинги уйинларда омад Элдор
&
Asabbuzar
09/04/2023 17:21
Mavur tentak Eldorni buzdi zur formada edi zaxirada ushlab qoraitti tushurib imkon bermadi Eldorni bir yarim yil umrini Mavur oldi haliyam uziga kelolmayapti Eldorga yaxshi mativatir kerak spetsiya avalgi murabiyi imkon berishardi uyam ketti xali yaxshi buladi iloji busa qaytib Jenoaga qaytsa oldida yosh uzbek futbolchilari busa Eldorga tupurarlik nasib etadi uni tushunadigan uyinchi yuq bumasa termadagi uyinnini kursatadi hali vaqt bor jch saralashigacha jarohatsiz yursin