Brunu: "Ronalduning gol urushi biz uchun ham muhim edi"
Portugaliya terma jamoasi yarim himoyachisi Brunu Fernandes Oʻzbekistonga qarshi bahsdan keyin Krishtianu Ronalduning oʻyini haqida fikr bildirdi.
Portugaliya guruh bosqichining 2-turida Oʻzbekistonni 5:0 hisobida magʻlub etdi. Uchrashuvda Ronaldo dubly muallifiga aylandi.
"Sardorimiz uchun gol urish muhim edi. Biz uchun ham uning gol urishi katta ahamiyatga ega edi. U hujumda almashtirib boʻlmaydigan futbolchi. Biz uning nomidan juda xursandmiz.
Eng muhimi — Portugaliyaning gol urishi. Uni men uramanmi yoki boshqa futbolchimi, buning ahamiyati yoʻq", — dedi Brunu.
"Manchester Yunayted" futbolchisi oʻz vazifasi jamoadoshlariga imkoniyat yaratib berish ekanini ham taʼkidladi.
"Mening vazifam — jamoadoshlarimni yaxshi pozitsiyalarga chiqarish. Bu mening oʻyinimning bir qismi. Gol uramanmi yoki yoʻqmi, bu muhim emas.
Men oʻz imkoniyatim kelishiga ishonaman. Va bu jamoaga eng kerak boʻlgan paytda sodir boʻlishiga umid qilaman", — dedi Fernandes.
Qayd etish joiz, Oʻzbekiston ustidan qozonilgan yirik gʻalabadan keyin Portugaliya guruhdagi ahvolini yaxshilab oldi va pley-off yoʻllanmasi uchun muhim qadam tashladi.

Fikrlar