
Bugun "Bunyodkor" va AGMK o‘zaro o‘ynaydi. Abramov va Qosimov duellarida ustunlik kim tomonda?
Superliganing 16-turi doirasida AGMK Toshkentning "Bunyodkor" jamoasi bilan to‘qnashadi. Olmaliqliklar matbuot xizmati uchrashuvga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Bo‘lajak o‘yin ushbu jamoalarning o‘zaro barcha musobaqalardagi umumiy hisobda 33-uchrashuviga aylanadi. AGMK va "Bunyodkor" qarama-qarshiligi tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, o‘tkazilgan o‘yinlarda 7 marotaba olmaliqliklar g‘alabani tantana qilgan, 6 bor durang qayd etilgan va 19 marta "Bunyodkor" zafar quchgan. To‘plar farqi ham "qaldirg‘ochlar" foydasig‘a: 61-35.
AGMKni Mirjalol Qosimov, "Bunyodkor"ni esa Vadim Abramov boshqarayotgandan buyon ushbu jamoalar uchun bo‘lajak o‘yin hisob bo‘yicha oltinchi bahsga aylanadi. O‘tgan yili har uchala frontda duch kelgan AGMK va "Bunyodkor" bellashuvlarida chempionat doirasida "Bunyodkor" Olmaliqda g‘alaba qozongan bo‘lsa, Toshkentdagi o‘yinda AGMK "qaldirg‘ochlar"ga imkoniyat qoldirmay mag‘lub etgandi. Shuningdek, Liga Kubogi va O‘zbekiston Kubogi doirasidagi uchrashuvlarda AGMK yaqqol ustunlik bilan g‘alabani tantana qilgandi. Joriy mavsum esa birinchi davrada AGMK “qaldirg‘ochlar”ni ishonchli tarzda mag‘lub etgandi.
Ayni paytda jamoalar turnir jadvalida yonma-yon joylashishgan. AGMKda 30, "Bunyodkor" 29 ochko to‘plagan.
Ma’lumot o‘rnida: AGMK O‘zbekiston milliy chempionatlari tarixidagi 355-uchrashuvi ostonasida turibdi. Jamoa elitada o‘tkazilgan 354 o‘yindan 127tasi g‘alaba qozongan, 151 mag‘lubiyat va 76 bellashuvda durang qayd etilgan. To‘plar farqi: 488-514.
"Bunyodkor" joriy mavsum faqatgina ikki bor mag‘lubiyatga uchragan. Mavsumdagi ilk mag‘lubiyatni aynan AGMKdan qabul qilgan "qaldirg‘ochlar" ikkinchi bor mamlakat chempioni "Paxtakor"ga imkoniyatni boy berishgandi.
Bellashuv bugun 18:00da start oladi.
Fikrlar