
Bugun Muhammadievning "Buxoro"dagi keyingi taqdiri ko‘rib chiqiladi
“Buxoro” klubi mavsumni juda muvaffaqiyatsiz boshlagan holda muxlislarini ranjitmoqda. Dastlabki turda Qo‘qonda “Qo‘qon-1912”ga 0:3 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, ikkinchi turda Toshkentda “Paxtakor”ga va so‘ngra “Lokomotiv”ga ham yana shunday hisoblarda taslim bo‘ldi. Natijada "Buxoro" turnir jadvalida oxirgi o‘rinda bormoqda.
Albatta, hozirgi paytda “Buxoro”ning uy stadionidagi maydon yangilanayotgani bois klub vaqtinchalik uy uchrashuvlarini ham safarda o‘tkazib turibdi. Biroq har uchala bahsda ham yirik hisoblarda mag‘lubiyatga uchragani klub mutasaddilariga ham yoqmagani turgan gap.
Mana, “Andijon” jamoasi dastlabki uchta turda ikkita mag‘lubiyat va bitta durang qayd etilgach, jamoa ustozi Aleksandr Xomyakov iste’fo berish haqida so‘z ochdi va hozirda uning klubni tark etishi haqiqatga yaqin. Shu bois “Buxoro” bosh murabbiyi tojikistonlik Muhsin Muhammadievning ham kursisi qimirlab qolgani haqidagi xabarlar chiqqandi.
Shu munosabat bilan klub mutasaddilari bilan aloqaga chiqqanimizda bugun aynan shu masala bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bundan ko‘rinib turibdiki, rahbariyat bosh murabbiy masalasini ko‘rib chiqadi. Demak, Muhammadiev iste’foga chiqariladi yoki unga yana imkoniyat berilishi mumkin. Voqealar rivojini esa kuzatishda davom etamiz.
Fikrlar