
Bunaqasi tarixda birinchi marta bo‘ladi
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) prezidenti Tomas Baxning so‘zlariga ko‘ra tashkilotning 136-Sessiyasi koronavirus pandemisi sabab onlayn o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti xabar bermoqda.
Mazkur qaror XOQ Ijroiya qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan. Rejaga muvofiq, 136-Sessiya 17 iyul kuni o‘tkazilishi kelishib olindi. Konferentsiya xavfsiz elektron tizim orqali olib boriladi va uning faoliyati jonli efirda namoyish qilinadi.
XOQ Ijroiya qo‘mitasi, shuningdek, tashkilotning atletlar komissiyasiga bo‘lib o‘tadigan saylovni kelgusi yil iyul oyiga qoldirdi. Biroq komissiya a’zolarining faoliyati belgilanganidek joriy yil yakuniga etadi. Umumiy hisobda komissiyaning yangi a’zoligiga 30 nomzod 4 ta bo‘sh joy uchun kurash olib boradilar. Avvalroq, XOQ atletlar komissiya a’zoligiga saylov joriy yilning avgust oyida o‘tishi belgilangan edi. Eslatib o‘tamiz, mazkur komissiya a’zolari bir vaqtning o‘zida XOQ Ijroiya qo‘mitasi tarkibiga ham kiradi.
Fikrlar