
Mourino qilgan ishni Evropada birorta murabbiy uddalay olmagan
Joze Mourino Konferentsiyalar ligasida jamoasini yarim final bosqichiga olib chiqdi. Bosh murabbiy oldiga ushbu musobaqada g‘olib chiqish vazifasi qo‘yilgan. Yakuniy bosqichda eng kuchli to‘rtta klub qoldi.
Xususan, “Roma” final yo‘llanmasi uchun “Lester” bilan raqobatlashadi. Ikkinchi yarim finalda “Marsel” futbolchilari “Feyenoord”ga qarshi bahs olib boradi. Dastlabki o‘yinlar 28 aprelga, javob uchrashuvlari 5 mayga belgilangan.
“Lester” bilan bo‘ladigan bellashuv Joze Mourino uchun faoliyati davomida Evrokuboklardagi 11-yarim final sifatida qayd etiladi va bu rekord natija hisoblanadi.
Hali Evropadagi birorta murabbiy Evrokuboklar yarim finalida bu qadar ko‘p ishtirok etmagan. Bu statistikani Marca nashri taqdim etdi.
Unga ko‘ra, Joze Mourino to‘qqiz martadan yarim finalga yo‘llanma olgan italiyalik Karlo Anchelotti va ispaniyalik Xosep Gvardiola, finalga chiqish uchun sakkiz marotabadan kurashgan shotlandiyalik ser Aleks Fergyuson va germaniyalik Yupp Xaynkesni ortda qoldirmoqda.
Shuningdek, Joze Mourino Chempionlar ligasi, Evropa Ligasi va Konferentsiyalar ligasi turnirlari yarim finaliga etib borgan yagona murabbiy hisoblanadi. Agar “Roma” bu turnirda finaliga chiqsa va g‘alaba qozonsa, Mourinoning rekordlari soni yana ikkitaga ko‘payadi.
Eslatib o‘tamiz, UEFA tasnifidagi musobaqalarda Italiya jamoalari so‘nggi bor 2010 yilda bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. O‘shanda “Inter” klubi Chempionlar ligasida zafar quchgan edi.
“Roma”ga ispan futbolchisi kerak
“Valensiya” rahbariyati o‘z tarbiyalanuvchisi Karlos Solerni yangi shartnomaga ko‘ndira olmayapti.
2017 yildan beri asosiy tarkibdan muqim joy olib kelayotgan 25 yoshli futbolchi maydon markazi va o‘ng qanotda o‘ynay oladi.
Uning klub bilan amaldagi shartnomasi kelasi yili yozda bitadi. Bu mavsum oxirida uni arzonroq narxga qo‘lga kiritish mumkin. “Valensiya” bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun bir necha oy mobaynida yangi shartnoma bo‘yicha muzokara o‘tkazdi. Lekin tomonlar bu borada bir qarorga kela olmadi.
Ispan matbuotining yozishicha, Karlos Solerga kamida oltita jamoa taklif yuborgan. Ular orasida “Barselona”, “Tottenxem” va “Roma” kabi taniqli klublar bor.
Joze Mourino anchadan beri mahoratli yarim himoyachini Rimga kelishini istayapti. “Bo‘rilar” sport direktori Tyagu Pinto Soler atrofidagi vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib bormyapti va qulay fursat kelishi bilan uni “Roma”ga ko‘chirib kelmoqchi.
Karlos Soler bu mavsumda barcha turnirlarda 20 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasini 11 marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga beshta golli pas oshirdi. Uning transfer summasi 50 million evroga baholanayotgan bo‘lsa-da, shartnomasi oxirlab borayotgani uchun bu narx yozda pasaytiriladi.
Pellegrinining natijasiga hali hech kim erishmagan
“Roma” Evrokuboklarda Italiya sharafini himoya qilishni davom ettirayotgan yagona klub. Rimliklar Konferentsiyalar ligasi chorak finalida Norvegiyaning “Budyo-Glimt” jamoasini ortda qoldirib, xalqaro turnirning yarim finaliga yo‘llanma oldi.
Shu tariqa, rimliklar so‘nggi besh yilda uch marotaba Evrokuboklar yarim finalida qatnashadigan to‘rtinchi jamoa sifatida “Real”, “Arsenal” va “Liverpul” qatoriga qo‘shildi.
“Roma” 2018 yili Chempionlar ligasi 2021 yili Evropa Ligasi va bu yil Konferentsiyalar ligasi yarim finalida o‘ynaydi.
“Roma”ning bu natijasi jamoa sardori Lorentso Pellegrinini ham rekordga etaklamoqda. Rimliklar so‘nggi besh yilda uch marta xalqaro musobaqalar yarim finaliga chiqqan bo‘lsa, Lorentso navbatdagi bahs – 28 aprel kuni “Lester”ga qarshi o‘tkaziladigan yarim finalda maydonga tushishi bilan ajoyib rekord sohibiga aylanadi.
Aniqroq aytganda, Lorentso Pellegrini “Roma” tarixida xalqaro maydonda uchta yarim finalda qatnashgan birinchi futbolchi sifatida tarixga kiradi.
Lorentso Pellegrini joriy mavsumda 32 ta uchrashuvda 12 ta gol va oltita golli pas muallifi bo‘ldi.
Fikrlar