«Bunyodkor» murabbiyi: «Bosh sovrin bilan Toshkentga qaytamiz»
«Hokim kubogi»ning yarim finalidan o‘rin olgan «Neftchi» - «Bunyodkor» (0:2) uchrashuvidan keyin mehmonlar ustozi Marat Miftaxuddinov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Umumiy ma’noda uchrashuv qiziqarli, tomoshabop kechdi. Bahs stadionga tashrif buyurgan muxlislarga ham manzur bo‘ldi, deya olaman. Birinchi bo‘limning dastlabki 20-25-daqiqasida mezbonlar faollik ko‘rsatdi. Shundan so‘ng, ustunlik biz tarafga o‘tdi. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. «Bunyodkor» yil boshidan beri bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdi, jismoniy tayyorgarlik ustida ishladi. «Neftchi»ning tarkibi deyarli yangilangan, jamoaviy o‘yin shakllanishiga biroz vaqt kerak. Bunday holatda jamoa borini berganida ham boshdan baland sakray olmaydi.
Aytganimdek, birinchi bo‘limning ikkinchi qismida ustunlikni qo‘lga oldik. Tanaffusga chiqib ketish arafasida hisobni ochdik. Ikkinchi bo‘limda ham faollik va ustunligimizni ko‘rsatdik. Buning natijasi o‘laroq, ikkinchi gol ham mezbonlar darvozasidan joy oldi. Bunday musobaqalarda, odatda, mezbonlarga qarshi o‘ynash oson emas. O‘z-o‘zidan mezbonlarda ustunlik bo‘ladi. Maydon, muxlis har qanday jamoaga katta ishonch beradi. Shuning uchun bunday raqiblar bilan bo‘ladigan bahslarga futbolchilarga doimgidan boshqacharoq so‘zlarni aytish kerak. Bu jamoaning g‘alabasiga yo‘l ochadi. Xursandmiz, finalga chiqdik! Endi finalda ham o‘z o‘yinimizni ko‘rsatib, bosh sovrin bilan Toshkentga qaytamiz, degan umiddaman", - deya murabbiyning so‘zlarini keltirmoqda klub matbuot xizmati.



Fikrlar