
Buxoroda nogiron-amputantlar o‘rtasida “Mustaqillik kubogi” musobaqasi o‘tkazildi
Joriy yil 11-17 sentyabr kunlari Buxoro viloyatida futbol bo‘yicha nogiron-amputantlar o‘rtasida “Mustaqillik kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Musobaqada jami 6ta jamoa g‘oliblik uchun bahs olib borishdi. Bular — “Matonat”, “Baynalminal”, shuningdek Jizzax, Andijon, Farg‘ona hamda Qo‘qon nogiron-amputantlar futbol klublaridir.
Ajoyib va keskin kurashlarga boy tarzda o‘tgan ushbu musobaqada g‘oliblikni “Matonat” jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, faxrli 2-o‘rinni Jizzax jamoasi egalladi. 3-o‘rin esa “Baynalminal” jamoasiga nasib etdi.
Musobaqalar yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Ushbu musobaqa shu yilning sentyabr-oktyabr oylarida nogiron-amputantlar o‘rtasida Turkiyaning Istanbul shahri mezbonlik qiladigan Jahon chempionatiga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi. Mundial bahslariga 23 sentyabr kuni start beriladi.
Fikrlar