Chempion jamoa Vinisiusga rekord darajada maosh toʻlaydi
Angliyaning amaldagi chempioni «Arsenal» klubi Vinisius Zhuniorga jamoa tarixida eng yuqori maosh taklif qilishga tayyor ekani xabar qilinmoqda.
Avvalroq London klubi braziliyalik vingerning transferi variantlarini ko‘rib chiqayotgani ma’lum qilingan edi. Bu faqat Vinisius «Real» bilan 2027 yil yozida tugaydigan shartnomasini uzaytirishdan bosh tortgan taqdirda amalga oshishi mumkin. Shu bilan birga, «Real» bosh murabbiyi Joze Mourinyo futbolchini sotishga qarshi ekani aytilmoqda.
The Telegraph nashri ma’lumotlariga ko‘ra, «Arsenal» Vinisiusga haftasiga 400 ming funtdan ortiq maosh taklif qilishga tayyor. Bu yillik 20,8 million funt atrofida bo‘lib, klub tarixidagi eng yirik shartnoma sifatida qayd etilishi mumkin.
Manbalarga ko‘ra, London klubi vingerni qo‘lga kiritishning istalgan imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor, moliyaviy tomon esa «Arsenal» uchun to‘siq bo‘lmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mesut Özil va Pyer-Emerik Obameyang «Arsenal» tarkibida haftasiga 350 ming funt maosh olgan. Yaqinda shartnomasini yangilagan Bukayo Saka maoshi esa haftasiga 365 ming funtgacha oshgan edi.

Fikrlar