
Davron Fayziev: Birinchi davradagi o‘rnimizdan pasayishga aslo haqqimiz yo‘q
«Dinamo» jamoasi hamda uning bosh murabbiyi Davron Fayziev birinchi davraning qahramonlaridan biriga aylanishdi. Buning sababi nimada ekanligini yaxshi bilasiz deb o‘ylaymiz. Boisi, murabbiy birovga kerak bo‘lmagan, oddiy, o‘rtamiyona futbolchilardan kurashuvchan, g‘alabaga chanqoq jamoani tuza olganidan qoyil qolsa arziydi. Mehnatlari evaziga ular 7-o‘rinni egallab turishibdi. Agar Davron Fayzievning o‘rnida boshqa murabbiy bo‘lganida vaziyat qanday bo‘lardi, degan haqli savol ham tug‘ilishi mumkin. Balki boshqasi bunday tarkib va cheklangan imkoniyat bilan ishlashni istamagan bo‘lishi ham mumkin edi. Lekin Fayziev qaerda va qanday jamoa bilan ishlashning farqi yo‘q. Kamtar murabbiy, kamtar tarkibdan ham binoyidek jamoani shakllantira olishini yana bir bor ko‘rib turibmiz. «Dinamo» misolida chempionatimizda yana bir kurashuvchan, intrigani vujudga keltirishga sabab bo‘layotgan jamoani ko‘rib turibmiz. Muhimi, murabbiy izlanishdan, o‘rganishdan to‘xtamayapti. Yaqinda Toshkentda murabbiylar uchun tashkil etilgan pro o‘quv-kurslarida ham tahsil oldi. Ahamiyatlisi, bir qator mutaxassislar murabbiylar haqida va jumladan Fayziev xususida ham iliq fikrlarni bildirishyapti.
- Albatta murabbiylar uchun tashkil etilgan o‘quv-kurslari juda ajoyib o‘tdi, - deya gap boshladi, «Dinamo» bosh murabbiyi. - Rostdan ham biz uchun yangiliklar ko‘p bo‘ldi. Har bir murabbiy uchun kerakli bo‘lgan o‘quv qo‘llanmalari juda asqotadi. Shu bois unda ishtirok etgan barcha murabbiylar butun e’tiborini faqat o‘qishga qaratib, nimadir o‘zlashtirishga harakat qilishdi. Masalan, o‘zim ham instruktor Islom Ahmedov bilan gaplashib, bungacha qilgan ishlarimizni muhokama qilib, qaerdadir to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri qilgan ekanmiz deya ishimizdan xulosa chiqaryapmiz. Bemalol ishonch bilan ayta olamanki, ijobiy tomonga o‘zgarishlar juda ko‘p.
- Islom Ahmedov murabbiylarning qanchalik o‘zgarganini ikkinchi davrada ko‘rasizlar deya alohida gapirdi. Mazkur pro o‘quv-kurslarida Superliga klublarida ishlayotgan bosh murabbiylar bir jamoa sifatida tahsil oldinglar. Ertaga esa chempionat boshlanganida yana hamma murabbiy maydonda bir-biri uchun raqibga aylanasizlar. Ayting-chi, ikkinchi davrada qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin?
- Yangilik? Qaysi murabbiy qaysi uslubni qo‘llashiga bog‘liq. To‘g‘ri, barchamiz bitta bilimni olib, bir kursda o‘qidik. Hamma murabbiy ham uy-safar tizimiga qarab tayyorgarlik olib boradi. Menga esa eng yoqqan tomoni, o‘tgan o‘yinlarning tahlillarini qilish bo‘ldi. Bunday tahlillarda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi, raqiblarning kuchli va kuchsiz jihatlarini ajratib olish kabi jarayonlarni yaxshiroq o‘rgandik va endi shunga qarab tayyorgarlik olib borish lozim. Shu bilan birga o‘sha jamoa bilan oldingi statistikalar qanday bo‘lganiga ham qaraladi. Umuman olganda, o‘sha uchrashuvga kim qanday taktikani qo‘llashiga ko‘p narsa bog‘liq.
- Sir bo‘lmasa, sizga ko‘proq qaysi taktik qo‘llanmalar ma’qul kelyapti?
- Har bir murabbiyning dunyoqarashi bor. Men esa ko‘proq futbolchilarning maydondagi texnik va taktik tomondan joylashuvi va shunga asosan ko‘rsatadigan o‘yiniga e’tibor qarataman. To‘g‘ri, bitta futbolchi taktik tomondan ko‘p xato qilishi mumkin. Lekin o‘sha o‘yinchi o‘sha xatolar ketidan baribir o‘z vazifasini o‘rganib oladi. Men ham taktika tanlayotganda baribir o‘yinchilarning kuchli va kuchsiz tomonlariga ko‘proq ahamiyat qarataman, endi. Futbolchidan qaysi paytda foyldalanish mumkin yoki foydalanmaslik kerak, shularni o‘rganib boryapman.
- Birinchi davra yakunlariga ko‘ra ko‘pchilik mutaxassislar «Dinamo» haqida iliq fikrlarni bildirishdi. Hattoki, Baxtiyor Ashurmatov sizni birinchi davraning eng yaxshi murabbiy deb ham atadi. Mavsumning dastlabki qismini jamoangiz 7-o‘rinda tugatdi. Bosh murabbiy sifatida bundan qoniqdingizmi?
- Bosh murabbiy sifatida nima deyishim mumkin? Bahoni mutaxassislar, jurnalistlar va muxlislar berishadi. To‘g‘risi, o‘zim jamoamni unday yoki bunday deb maqtashga yo‘qroqman. Lekin tan olishim kerakki, murabbiy sifatida jamoamning birinchi davrada ko‘rsatgan o‘yinidan qoniqish hosil qildim. Yigitlar yuqori darajada o‘yin ko‘rsatishlari uchun o‘zlariga to‘la-to‘kis ishonishlari kerak. Shu bois bu hozircha biz uchun oxirgi cho‘qqi emas. Hali o‘yinimizda xato va kamchiliklarimiz bor, shularning ustida ishlashimiz lozim. Agarda o‘sha muammolarimizni to‘g‘rilay olsak, unda o‘ylaymanki, oldimizga qo‘yilgan vazifaga erishsa bo‘ladi. Ammo birinchi davradagi o‘yin va natijalardan keyin aslo pasayishga haqqimiz yo‘q. Biz yana shu ruhda yurishda va oldinga qarab harakatlanishda davom etishimiz kerak.
- Sizning murabbiylik ish uslubingizni kuzatar ekanmiz, ko‘pincha nomi chiqqan, tajribali futbolchilardan ko‘ra katta futbolga endi kirib kelayotgan, yosh, hali nom chiqmagan o‘yinchilar bilan ishlashingiz qulayroqdek ko‘rinadi. Masalan, birinchi davradan keyin «Dinamo»dan nomi chiqqan o‘yinchilar ketishdi. Ayting-chi, chindan ham sizga o‘rtamiyona futbolchilar bilan ishlash osonroqmi?
- Ha, bir tomondan qaraganda osonroq ham deyishim mumkin. Bundan tashqari, baribir o‘sha yoshlarga ham ishonch berishimiz kerak. Tan olaman, oldingi intervyularimda jamoamizga tajribali o‘yinchilar kerak deb aytgandim. Albatta, ana shunday futbolchilar bo‘lsa, men ham olaman. Ammo shunda ham imkoniyatimizga va cho‘ntagimizga qarab, albatta. Lekin hozirda cho‘ntagimizda hech narsa bo‘lmaganidan keyin ixtiyorimizdagi yoshlarning xatolarini to‘g‘rilab, ularni o‘rgatish ham vazifamizga kiradi. Shunday qilib, ulardan ham foydalansa bo‘ladi. Aslida menda ham imkoniyat bo‘lsa, nomdor o‘yinchini olish istagi yo‘q emas. Lekin boya aytganimdek, hammasi imkoniyatimizga qarab bo‘ladi. Ammo, bilasizmi, o‘sha nomi chiqmagan yoshlarni tarbiyalab, ularni kashf qilish ham mumkin.
- Tushunishim bo‘yicha, ikkinchi davrada «Dinamo» tarkibida katta o‘zgarishlar bo‘lmaydi, shundaymi?
- Hozircha aniq ayta olamanki, jamoamizda katta o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Qolgani esa imkoniyatimizga bog‘liq.
- Yaqinda jamoangizni to‘rt nafar o‘yinchi tark etgandi. Ularning o‘rnini to‘ldirish vazifasi ham yo‘qmi?
- O‘sha ketgan to‘rt nafar futbolchilarning o‘rnini faqat yoshlar bilan to‘ldirishimiz mumkin.
- Faqat mahalliy o‘yinchilardanmi?
- Ham mahalliy, ham boshqa jamoalarda o‘ynayotgan iqtidorli yoshlar, aytaylik pro-ligadan umidli o‘yinchilarni sinab ko‘rish mumkin. To‘g‘risi, biz jamoamizga ana shunday yigitlardan 3-4 tasini taklif qilganmiz. Qani ko‘ramiz, ular qanchalik ishonchimizni oqlay olisharkin?
- Aynan «Dinamo»da yangi futbolchilardan kimlar shug‘ullanishyapti?
- Hozir ularning nomlarini aytsam-u, ammo ertaga ular ishonchni oqlay olishmasa yaxshi emas. Lekin o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazgan paytlarimizda ular kimlar ekanligini ham ko‘rishlaringiz mumkin bo‘ladi. Ammo hozirdan u yoki bu futbolchilar deb aytishim noto‘g‘ri bo‘ladi. Hozircha esa hammasi ko‘rikdan o‘tishyapti. Shuning uchun oldindan bir nima deya olmayman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
- Istalgan murabbiy o‘z jamoasida yaxshi o‘yinchilarni ko‘rishni xohlaydi. Ammo yuqorida o‘zingiz aytib o‘tganingizdek, hamma ham cho‘ntagiga qarab ish tutadi. Vaziyatga real qaraydigan bo‘lsak, Superligada o‘ynayotgan qaysi uch nafar futbolchini jamoangizda ko‘rishni xohlagan bo‘lardingiz?
- Markaziy yarim himoyachi, ayniqsa hujumkor o‘yinchi. Keyin bitta hujumchi va bitta yaxshi markaziy himoyachini olgan bo‘lardim.
- Siz xohlayotgan futbolchilar kimlar?
- Xohlayotganlarim ko‘plikka ko‘pku-ya, ammo aytganim bilan nima foyda? Baribir bular amalga oshib qolmaydi. Agar ularning nomlarini aytadigan bo‘lsam, Davron aka men bilan ishlashni xohlar ekan deb yana osmonga chiqib, o‘ynamay qo‘yishmasin.
- Murabbiy sifatida ikkinchi davradan nimani kutyapsiz?
- Ikkinchi davrada bizga og‘ir bo‘lishi aniq. Buning ustiga biz ikkinchi davrani mehmonda nomdor jamoaga qarshi o‘yin bilan boshlaymiz. Yuqorida siz aytgandek e’tiroflar jamoamizning yuzini ko‘rsatib beradi. Bizga bo‘lgan ishonchni oqlash hamda bundan-da, yuqori natijaga erishish biz uchun muhim. Biz yana maqtov va olqishlarga sazovor bo‘lishni xohlasak, birinchi davradagi o‘rnimizdan pastga tushmaslikka harakat qilamiz. Kamida o‘z o‘rnimizni saqlab qolishimiz lozim bo‘ladi.
- Buning ustiga birinchi davradagi ajoyib o‘yinlardan keyin samarqandlik muxlislarning ikkinchi davradan umidlari yanada katta…
- Muxlislarga birinchi navbatda katta rahmat aytmoqchiman. Ular yil boshida bizga ishonch bildirishdi, ularning ishonchlarini oqlashga harakat qildik. Oldimizda og‘ir o‘yinlar kutib turgan bo‘lsa-da, bundan keyin ham ishqibozlarning bizga bo‘lgan ishonchlarini yuqori notada oqlashga harakat qilamiz. Bu bilan ularning bizga bo‘lgan umidlari so‘nmasligini xohlaymiz. Shu bois barqarorlikni yo‘qotmasligimiz kerak. Muxlislarimizga esa sog‘liq-salomatlik tilayman.
Fikrlar