
“Dinamo” klubidagi murabbiylar qo‘nimsizligi. Buning oxiri bormi?
Klublarimizda murabbiylarni almashtirish odat tusiga kirgan. Ayniqsa turnir jadvalining quyi qismidagilarda.
Superliga-2022ga katta maqsadlar bilan kirib kelgan “Dinamo” ayni paytda kelib 2 ta murabbiyga javob berib, uchinchisini olib keldi. Mavsumga jamoani tayyorlagan murabbiy Predrag Rogan iste’foga chiqarilib, uning o‘rniga kelgan mutaxassis ham allaqachon lavozimini tark etdi.
20 may kuni «Dinamo» qarorgohida klub rahbariyati hamda jamoa ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgandi. Unda jamoaning qoniqarsiz natijalari sabab klub bosh murabbiyi Predrag Rogan bilan xayrlashilgandi. Ammo serbiyalik mutaxassis jamoada yaxshi ishlayotgandi, nazarimizda. To‘g‘ri, natija ko‘ngildagidek emasdir, lekin o‘yin borasida o‘zgarishlar ko‘zga tashlanayotgandi. Birdaniga Pro ligadan chiqqan jamoa fantastik hisoblar qayd etishi qiyin. Qolaversa, taqvim ham samarqandliklar uchun ancha qiyin tushgandi.
Rogan ketgach «Dinamo» jamoasi sport direktori Andrey Shipilov bosh murabbiy etib tayinlandi. Andrey Sergeevich bungacha «Paxtakor»da darvozabonlar murabbiyi va «Metallurg» klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan.
Bekobodda aytarli ishlarni amalga oshirmagan Shipilovni bu vazifaga tayinlash xato ustiga xato edi. Chunki tarkibni yangilagan va mavsumga jamoani tayyorlagan Roganga klub rahbariyati tomonidan ishonch bildirilmadi.
Roganning ketishi xato bo‘lsa, ushbu xatoni yana xato bilan davom ettirildi. Lekin bu uzoqqa cho‘zilmadi. “Nasaf”dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng Andrey Shipilov qo‘lidan kelmaganini, shu sabab iste’foga chiqishini bildirdi. Samarqandliklar Shipilov boshchiligida 5 o‘yin o‘tkazib, birorta ham g‘alaba qozona olmadi. Lekin mutaxassis buni angladi va ketish to‘g‘ri yo‘l ekanligini anglagani ham bir mahorat.
Ana endi O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq murabbiyi Vadim Abramov keldi. U bilan yarim yillik bitim tuzildi. Shuni o‘zidan ham bilsa bo‘ladiki, klub rahbariyatining yoki murabbiyning o‘zida ishonch yuqori emas. Shuning uchun yil oxirigacha shartnoma imzolandi. Jamoa mabodo Superligadan tushib ketadigan bo‘lsa birinchi navbatda Vadim Abramov ketadi. Agar “Dinamo” mutasaddilari klubni faqatgina ligada olib qolish emas, balki kattaroq maqsadlarni oldiga qo‘yganida murabbiy bilan bunday shartnoma imzolamagan bo‘lardi. Bu pallada Abramovni ham bir necha yilga ko‘ndirish qiyin dersiz. Lekin u keldiku “Dinamo”ni boshqargani.
Hullas klubga qayg‘uradigan va uni o‘ylaydigan, futbol haqida tushunchasi bor insonlar ko‘p emasdek. Balki bu o‘zgarishlar yaxshilikka bo‘lar. Barchasini vaqt ko‘rsatadi. “Dinamo” muxlislari ham jamoasini Superligada kamida ketma-ket ikki mavsum ko‘rishga haqli. Yana jamoa ligadan tushib ketsa, demak klub katta islohotlarga muhtoj.
Bekzod ISAEV
Fikrlar