
Diyor Imomxo‘jaev: Bu jamoaning 1 yillik imtiyozi saqlab qolinadi
Surxondaryo viloyatining Denov tumani "Denov" jamoasi 2023 yilda Birinchi liga musobaqalarida ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jaev o‘zining telegramdagi sahifasida ma’lum qildi.
"Birinchi liga musobaqasida ishtirok etish uchun da’vogar bo‘lgan "Denov" jamoasi rahbariyati hamda tuman hokimi Abdumalik Allamurodov bilan suhbatda bo‘ldik. Nasib bo‘lsa, "Denov" 2023 yilgi mavsumda Birinchi liga musobaqasida ishtirok etadi.
Bungacha O‘zPFL tomonidan talab etilgan hujjatlar o‘z vaqtida taqdim etilmagandi. Shunday bo‘lsa-da, "Denov" pulka o‘yinlari orqali qo‘lga kiritgan yo‘llanmasini 1 yillik imtiyoz bilan o‘zida saqlab qoladi. Kelasi mavsumga qadar barcha masala o‘z vaqtida hal etiladi.
Ayni vaqtda tuman hokimi jamoani qo‘llab-quvvatlash uchun barcha chora ishga solinishi yuzasidan kafolat bermoqda. Biz yangi lavozimga kirishganiga bir necha kun bo‘lgan tuman hokimi bilan aprel oyida ko‘rishamiz hamda barcha masalada fikr almashib olamiz.
O‘zPFL "Denov" jamoasini Toshkent mezbonlik qiladigan O‘zbekiston kubogining saralash uchrashuvlariga taklif etadi", - deb yozdi Diyor Imomxo‘jaev.
Fikrlar