
Dostonning "Paxtakor" bilan shartnoma imzolashi nega cho‘zildi? Unda yana qanaqa variantlar bor edi? Hamdamov qanday izoh berdi?
“Paxtakor” klubida yangi mavsum oldidan jiddiy o‘zgarishlar yuz berganidan xabardorsiz. Shunga mos ravishda tarkibda ham yangiliklar kuzatilyapti.
Bir qator etakchilar esa saqlanib qolindi. Ulardan biri Doston Hamdamov bo‘lib, ushbu tajribali o‘yinchi yangi mavsumni yana “Sherlar” safida boshlaydigan bo‘ldi. Ammo futbolchiga jiddiy takliflar ham bor edi.
Shunga qaramay, Doston o‘z klubida qoldi. Futbolchi esa Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Doston, "Paxtakor" klubi bilan shartnomangizni yana uzaytirishga qaror qildingiz. Bu jarayon esa biroz cho‘zildi. Bu nima bilan bog‘liq va klubda qolishingizning asosiy sababchisi kim?
- “Paxtakor” bilan shartnomani uzaytirishga to‘xtalsam, biz avvaliga ta’tilga chiqib ketgandik. O‘sha ta’tildan keyin birinchi navbatda “Paxtakor”ning variantini ko‘rib chiqishim kerak edi. Qolaversa, ular o‘ylab ko‘rishim uchun vaqt berishdi. Shu bois biroz cho‘zildi. Ungacha ta’tilda edim.
- Shu bilan birga oldingizda bir qancha variantlar ham bor edi va sizni jamoani o‘zgartirishingiz ham kutilayotgandi. Ko‘nglingizga yoqadigan taklif bo‘lmadimi yoki boshqa sababi bormi?
- Ko‘ngilga yoqadigan taklif bo‘ldiyu, baribir o‘zim uchun birinchi navbatda “Paxtakor” variantini kutayotgandim. Natijada “Paxtakor”dan tushgan taklifni ko‘p o‘ylab o‘tirmasdan o‘z roziligimni bildirdim.
- "Paxtakor" portugaliyalik yangi murabbiy bilan mavsumga tayyorlanmoqda. Uning o‘yin uslubi qanday, sizlardan nimani hohlayapti? Ya’ni, boshqa murabbiylardan farqi nimada ekan?
- Hozircha hammasi ko‘ngildagidek ketyapti. Bor e’tiborimizni jismoniy tayyorgarlikka qaratganmiz. Asta-sekin portugaliyalik murabbiy nima xohlashini o‘rganib boramiz va buni rasmiy o‘yinlarda ko‘rsatishga harakat qilamiz.
- 2024 yil "Paxtakor" uchun omadsiz o‘tdi va buning sababi nimada bo‘ldi? Bundan klub qanday xulosa chiqardi? Yangi mavsumga rejalaringiz qanday?
- Bilmadim. Omad etishmadi, deb o‘ylayman. Mavsum boshida ham, oxirlarida ham yaxshi harakat qilayotgandik. Lekin ochkolar yo‘qotdik va o‘zimizga qiyinchiliklar tug‘dirdik. Shu fursatdan raqiblarimiz yaxshi foydalanib ketishdi va chempion bo‘lishdi. Endi ushbu mavsumga yanada yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rib, muxlislarimizni xursand qilib, yana chempionlikni qo‘lga kiritishni maqsad qilganmiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar