Terma jamoa futbolchisi kelishilgan o'yinlarda ayblanib qo'lga olindi
Laos terma jamoasi futbolchisi Soukphachan Luentala ASEAN mintaqasi chempionati doirasida o‘yin natijalarini kelishib olishda ishtirok etgani haqidagi ayblovlar asosida qo‘lga olindi.
Bu haqida The Guardian nashri xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 24 yoshli yarim himoyachi, mahalliy “Salavan Yunayted” klubi a’zosi, Vetnamda faoliyat yurituvchi bukmekerlik guruhi manfaatlari yo‘lida kelishilgan o‘yin tashkil etishga yordam bergan, degan gumonga tushgan.
Laos futbol federatsiyasi (LFF) o‘yin natijalariga aralashuv bo‘lgani haqidagi ma’lumotlarni to‘plab, rasmiy huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etgan. Shu asosda tergov ishlari boshlangan. Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi musobaqadan qaytgandan so‘ng Laos terma jamoasining bir qator futbolchilari politsiya tomonidan so‘roq qilingan.
Turnir avgust oyi boshida Myanmada o‘tkazilgan edi. Guruh bosqichida Laos terma jamoasi qator yirik mag‘lubiyatlarga uchradi: Tailandga 0:5, Malayziyaga 0:4, Filippinga 1:4, Myanmaga esa 2:7 hisobida yutqazdi. LFF 7 avgust kuni e’lon qilgan bayonotida o‘yin natijalarini manipulyatsiya qilish bilan bog‘liq ehtimoliy qoidbuzarliklar yuzasidan ichki tekshiruv boshlanganini tasdiqlagan. Shu tekshiruv natijalari asosida materiallar politsiyaga yuborilgan.

Fikrlar