Duel: Legionerimiz qozoqlarning 15 yillik orzusini chippakka chiqarishi mumkin...
Qozog‘iston Premer-ligasining to‘purarlar poygasida kamyob holat yuzaga kelib qoldi. Ayni paytda eng ko‘n to‘p kiritgan futbolchilar o‘rtasida mahalliy futbolchilardan Islom Chesnokov ikki etakchidan biri bo‘lib turibdi.
Qozog‘iston chempionatida qozog‘istonlik futbolchilar to‘purar bo‘lmaganiga 15 yil bo‘ldi. Biroq, Islom ham hali g‘olib bo‘lgani yo‘q. Bunga legionerimiz Jasur Yaxshiboev xalaqit qilyapti.
Islom Chesnokov va Jasur Yaxshiboev o‘ynayotgan “Tobol” va “Ordabasi” hozirgacha 19 tadan uchrashuvda maydonga tushgan. Har ikki fubolchi 16 tadan bellashuvda raqiblar darvozasini 9 marotabadan ishg‘ol qilgan. Biroq 24 yoshli Islom gollaridan bittasini penaltidan kiritgan. Yana bir bitta penaltini aniq amalga oshira olmagan.
27 yoshli Jasurbek assistentlik bobida Islomdan ustunlik qilyapti. Legionerimiz hisobida uchta, raqobatchisida ikkita golli pas bor. Demak, Jasurbek Yaxshiboev chempionatning eng foydali o‘yinchisi bo‘lib turibdi.

O‘tgan mavsum to‘purari – “Qayrat” vakili braziliyalik Joao Paulo va “Elimay”ning belaruslik legioneri Nikita Korzun hisobida ettitadan gol bor.
Islom Chesnokov to‘purarlar poygasida O‘zbekiston, Braziliya va Belarus legionerlari bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri kelyapti.
Qozog‘iston chempionatlari tarixida aksariyat hollarda to‘purarlik borasida legionerlar ustunlik qilgan. Mahalliy o‘yinchilardan oxirgi marotaba Murod Tleshev liga to‘purari bo‘lgan. Bu voqea 2009 yili, ya’ni 15 yil avval ro‘y bergan. Tleshev bungacha ikki bor – 2005 va 2003 yillarda ham to‘purarlar poygasida g‘olib chiqqan.
Qozog‘iston chempionatlari tarixida to‘purarlik sovrinini eng ko‘p qo‘lga kiritgan o‘yinchi o‘zbekistonlik Ulug‘bek Baqoev bo‘ladi. Hamyurtimiz qo‘shni mamlakat ligasida jami to‘rt marotaba eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi.
O‘zbek futbolining yana bir vakili Ja’far Irismetov 2006 va 2007 yilgi chempionatlari to‘purariga aylangan.
Agar Jasur Yaxshiboev bu yilgi musobaqada g‘olib chiqsa, Qozog‘iston chempionatlari tarixida to‘purar bo‘lgan uchinchi o‘zbek futbolchisi sifatida qayd etiladi.

Qani, kuzatishda davom etamiz, to‘purarlar duelida bu gal ustunlik kim tomonidan bo‘ladi? Jasurbek Yaxshiboev ko‘p to‘p kiritadimi yoki Islom Chesnokov? Balki to‘purarlik tojini boshqa o‘yinchi ilib ketar...
Rossiyada legionerimizni nega o‘ynatishmayapti?

Fikrlar