
Dzyudo. Jahon chempionatiga tayyorgarlik qizg‘in davom etmoqda
Mamlakatimizda o‘tadigan dzyudo bo‘yicha tarixiy jahon chempionati startiga atigi 8 kun qoldi. Bugun Milliy Olimpiya qo‘mitasida 6-13 oktyabr kunlari tashkil etiladigan ushbu yirik musobaqaga tayyorgarlikning holati bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Ushbu yig‘ilishda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, Xalqaro dzyudo federatsiyasi menejeri Liza Allan, shuningdek, tashkiliy jarayonga mas’ul bo‘lgan vakillar ishtirok etishdi.
Tadbirni Azizjon Kamilov olib bordi. Yig‘ilish davomida har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullar bo‘lajak musobaqaga oid so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishtirishdi. Unga ko‘ra, 87 davlatdan 582 sportchi jahon chempionatida ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyuradi. Azizjon Yakubjanovich mas’uliyatli musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha xodimlardan bor kuchlarini safarbar qilishlarini so‘rab qoldi.
Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, 30 sentyabrdan ilk ishtirokchi davlatlar Toshkentga etib kela boshlaydi. Shuningdek, musobaqa doirasida Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Chungvon Choi, Xalqaro suzish federatsiyasi rahbari Husayn al Musallam, Birlashgan kurash dunyosi prezidenti Nenad Lalovich kabi bir qator xalqaro federatsiyalar rahbarlari poytaxtimizga tashrif buyurishi kutilmoqda. Yig‘ilishda mutasaddilar mehmonlar foydalanadigan transport-logistika tizimining benuqson yo‘lga qo‘yilishini nazoratga olish, “Humo arena” muz saroyini xalqaro federatsiya talabiga mos ravishda tayyorlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tishdi.
Qayd etish joiz, ayni paytgacha bo‘lgan tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirayotgan Liza Allan jarayonga yuqori baho berdi. Yakunda mas’ullarga qisqa fursat ichida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, mehmonlar uchun barcha qulayliklarni yaratish bo‘yicha kerakli topshiriqlar berildi.
Fikrlar