"Energetik-BGU"ni tark etgan Shaxzod Ubaydullaev Polsha va Vengriyadan taklif oldi yoki "Shaxtyor"ga qaytadimi? Legionerimiz bilan suhbat

  • 4 dekabr, 2021, 22:38
  • 0
  • Futbol

Iqtidorli hujumchimiz Shaxzod Ubaydullaev mavsum boshida Belarus chempionatiga ketdi va u erda dastlab “Shaxtyor” bilan shartnoma tuzdi. Keyin “Energetik-BGU” jamoasiga ijaraga berildi.

Ushbu klubda legionerimiz 3 ta gol urdi va 3 ta assist vazifasini bajardi. Sports.uz muxbiri kuni kecha Ubaydullaev bilan suhbat uyushtirdi.

- Sizni “Energetik-BGU” jamoasi bilan xayrlashganingizni eshitdik...

- Men “Energetik” klubida ijarada o‘ynayotgandim. Jamoa bilan kelishuvimiz tugagani uchun u erdan ketdim.

- Bu klubdagi faoliyatingiz qanday kechdi? Siz uchun qoniqarlimi yoki ko‘nglingiz to‘lmadimi?

- Bu mavsusm men uchun unchalik ko‘ngildagidek o‘tmadi. Faqat bitta narsadan xursand bo‘ldim: jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha juda katta qoniqish hosil qildim. O‘yin tomondan qoniqmaganimga kelsak, ikkinchi davra boshida “Energetik-BGU”da yosh o‘yinchilarga ko‘proq imkoniyat berildi. Shu sababdan bizga oldingi chiziqqa to‘p etib kelishi qiyin bo‘ldi. O‘rtada to‘p etkazib beradigan o‘yinchi etishmadi. Shuning uchun oldingi chiziqda qiyinchilik bo‘ldi.

shaxzod

- “Energetik” klubiga o‘tgan chog‘ingizda asosiy maqsadingiz Evropaga ketish haqida aytgandingiz. Hozir ham o‘sha maqsadingiz o‘z kuchidami yoki rejangiz o‘zgardimi?

- Yo‘q, o‘zgarmadi. Maqsadim hali ham o‘sha. Menga Evropa jamoalaridan takliflar bor. Endi qolganini vaqt ko‘rsatadi.

- Yangi mavsumni qaerda o‘tkazishni o‘ylab turibsiz?

- Hali bu haqda o‘ylab ko‘rganim yo‘q. Xudo xohlasa, Evropada o‘ynashni orzu qilyapman. Menga yaxshi takliflar bor, nima bo‘lishi va qaerga o‘tishimni vaqt ko‘rsatadi. Bu borada maslahatlashadigan odamlarim bor. Ular bilan barchasini yaxshilab maslahat qilganimdan keyin bir qarorga kelaman.

shaxzod1_1

- Sir bo‘lmasa, Evropadan qaysi klublar qiziqish bildiryapti?

- Hozircha Polsha va Vengriyadan takliflar bor.

- Bunday takliflarga qanday qarayapsiz? Muzokaralar boshlanganmi?

- To‘g‘risi, men hali bu xususida o‘ylab ko‘rganim yo‘q. Chunki boya aytdim, maslahatlashadigan odamim bor. Ular bilan gaplashgach, keyin hal qilamiz. Ochig‘i, bunday takliflar menga hali qiziq tuyulgani yo‘q. Chunki men hali to‘liq bir yil o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishim kerak. Agar kelasi yili “Shaxtyor” meni qaytarsa, o‘sha erda bir mavsumni ko‘tarinki ruhda o‘tkazib keyin ketmoqchiman. Bu yil esa u erda ishlagan murabbiy bilan o‘rtamizda biroz kelishmovchilik bo‘lgandi. Shu sababdan “Shaxtyor” klubidan ketgandim. Endi u erda murabbiy o‘zgardi. Xudo xohlasa, keyingi mavsum boshqacha bo‘ladi, degan umiddaman.

- Bu masalada “Shaxtyor” klubidagilar bilan gaplashdingizmi?

- Hali ular bilan gaplashmadim. Hozircha uyda dam olyapman. Katta ehtimol bilan birinchi va ikkinchi yig‘inni “Shaxtyor”da o‘tkazsam kerak.

shaxzod6

- Belarus chempionatida o‘ynadingiz va u erdagi muhitni endi yaxshi bilasiz. O‘zimizni Superligamizdan qanday farqli jihatlarini ko‘rdingiz?

- O‘tgan yili Belarus chempionatini oson deb o‘ylagandim. Lekin u erga borib guvohi bo‘ldimki, chempionati qiyin ekan. O‘zimizdagi birinchilik bilan farqi shundaki, u erda jismoniy tayyorgarlik kuchli bo‘ladi, bizda texnikaga tayaniladi. Lekin u erni bizdan kuchli ham, kuchsiz ham deya olmayman. Ammo, baribir bu Evropa.

- “Shaxtyor”ga qachon qaytasiz?

- Uyda dam olyapman. O‘zlari aloqaga chiqishadi. Yig‘in qachon va qaerda to‘planishimizni xabar qiladilar.

shaxzod5

- Superligamizdan ham xizmatingizga aniq takliflar bormi? Agar “Shaxtyor” sizni ijaraga beramiz desa, o‘zimizga qaytasizmi?

- Menga hali Superligamiz klublaridan aloqaga chiqishmagan. Hozircha O‘zbekiston chempionatiga qaytish niyatim yo‘q.

- Ilgari milliy terma jamoamizga sizni ham chaqirib turishardi. Yangi murabbiy sizni kuzatyapti deb o‘ylaysizmi?

- Meni ham chaqirsa albatta o‘zimni ko‘rsatishga harakat qilaman. O‘zimga ishonaman. Terma jamoamizdagi futbolchilar bilan tezda kirishib ketaman. O‘tgan yili va bu yil boshida ham chaqiruv olgandim.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!