
Erkinligiga qo‘shib o‘zligini boy bergan daho yoxud Messiga nimalar bo‘lmoqda?
Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, endi tan oling, “Barselona” muxlislari, Messining klubdagi yorqin davrlari o‘tmishda qoldi. Bartomeu o‘zining siyosiy o‘yinlari bilan Leoni yana bir mavsumga klubda olib qolishga erishdi. Ammo bundan qay taraf yutdi?! Argentinalik futbol yulduzi oyog‘iga zanjir bog‘langandek o‘ynamoqda. U erkin ijod nimaligini sezmayotgandek. Unga qarar ekanman, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov qalamiga mansub “Ruhlar isyoni” dostonining bosh qahramoni Nazrul Islom xayolimga keladi. Xalqning ko‘zi chaqnoq farzandi zabardast yoshida haqiqatni tarannum etgani uchun qamoqqa tiqiladi va u tutqunlikda es-xushini yo‘qotadi. Yillar o‘tib, odamlar uni ko‘klarga ko‘targancha, ozod etishadi. Ammo ulug‘ shoirning ruhi allaqachon o‘lib bo‘lgandi… Lirik chekinish uchun uzr so‘rayman. Bu holat Messining haqiqiy ustozi va do‘sti Ronaldino taqdirini ham yodga soladi. “Barselona”dan Messining kelajagiga to‘siq bo‘lib qolmaslik uchun ketgan Ronni kelgusida hech bir klubda omadli harakat qila olmadi. Paragvaydagi qamoqxonalarda bir necha oylab o‘tirib ham chiqdi.
Xohlardimki, Messining kelgusi yillardagi taqdiri bunday ko‘rinish olmaydi. Braziliyalik “afsungar” kabi ayanchli tarzda faoliyatini yakunlagandan ko‘ra, shu mavsum so‘ngidayoq butsalarini mixga ilgani durust.
Bugun Leoning borligi “Barselona”ga qo‘shimcha bosim yuklayapti. Tarkibingizda Messi bor ekan, siz avlodlar almashinuvi va moliyaviy qiyinchiliklar singari bahonalarni qila olmaysiz. Ammo klubda bazo‘r qolgan va majburligidan maydonga tushayotgan futbolchi bugun jamoaga ortiqchalik qilayotgandek. U bir odatini tark etmadi: hamon jamoadan ajralib turibdi. Biroq bu mavsum ushbu ta’rif ijobiy ma’noda ishlatilmayapti. Oradan yillar o‘tib, Messi nomini tilga olganimizda, so‘zsiz uni “Barselona” libosida ko‘z o‘ngimizda gavdalantiramiz. Ayanchlisi, bugun ular bir-biriga begonadek. Bu futbolchining ko‘rsatkichlarida kundek ravshan bo‘lib turibdi. Bugungacha jami 49 marotaba zarba bergan Messi atigi 4 ta gol urishga erishdi (penaltilar istisno qilingan). Aniqlik darajasi qanday yomon holatda ekanligini tasavvur qilib ulgurgandirsiz?! 2008 yildan beri u 30 tadan kam gol urmay kelmoqda, shu davr mobaynida 10 marotaba 40 tadan ko‘proq to‘p kiritishga erishgan.
Unga motivatsiya etishmayapti. Messi faoliyatida yangiliklar qilishni xohlamoqda, ammo biroz kech emasmi?! Ishtiyoqi etarli bo‘lgan paytda uni to‘xtatish qanchalik qiyin kechishini “Yuventus”ga qarshi o‘yinda ko‘rdik. Qolgan 10 ta futbolchi karaxt ahvolda bo‘lsa ham, Leoning bir o‘zi raqib darvozasi oldida vaziyatlar yaratishga erishdi. Uchrashuv mobaynida 10 marotaba raqiblarini aldab o‘tishga urundi va 5 tasida buni uddaladi. 11 ta golli vaziyat yaratdi, xuddi shuncha zarba berdi (7 tasi aniq). Yuqoridagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha u bahsdagi eng sermahsul futbolchi.
42 yoshli Janluiji Buffon darvozasi shuncha urunishlarga qaramay, golsiz qoldi. “Yuventus”ga qarshi bellashuv bunday muvaffaqiyatsiz o‘yinlarning birinchisi emasdi. Bungacha La Liganing 4 ta turida argentinalik futbol yulduzi raqiblari darvozasini 10 martadan ko‘proq nishonga olib, gol ura olmagan.
2018/2019 yilgi natijalarga nazar tashlasak, mutlaqo boshqacha holatning guvohi bo‘lamiz. Ushbu mavsumda har 90 daqiqa hisobidan Messi 5,68 ta zarba yo‘llagan va o‘rtacha 1,22 tadan gol urgan. So‘nggi paytlarda uning zarbalari berilayotgan masofalar ham darvozadan ancha uzoqlashib ketgan. U hujumda o‘zi uchun munosib juftlikni topa olmayotgani sabab, uzoq masofalardan tavakkal urunishlarni amalga oshirmoqda. Ba’zida u himoyachilar zich turgan pozitsiyalardan ham tepishga intilyapti. Natijada, zarbalardagi statistika yuqorida ko‘rsatayotganimizdek, pastlab bormoqda. Messiga noqulaylik tug‘dirayotgan tarafi, yarim himoya va vinger pozitsiyasidagi futbolchilarning tinimsiz ravishda rotatsiya qilinayotgani bo‘lmoqda. Ansu Fatining uzoq muddatga safdan chiqishi esa “dard ustiga chipqon” bo‘ldi. Xosep Mariya Bartomeu va Ronald Kuman mavsum boshida Luis Suaresni sotib yuborishdan nimani ko‘zlagani bizga qorong‘u. Ammo ular Breytueytni urugvaylikdan kuchliroq sanaydigan darajada bo‘lmasa kerak. Antuan Grizmann esa 1,5 yil o‘tib ham, jamoaga moslasha olmayapti. Biz “ko‘k-anorranglilar”ning hujumdagi muammolari haqida gapirmoqdamiz. Vaholanki, Kumanni hujumdan ham ko‘ra, mudofaa tashvishga solmoqda. Pike, Langle, Arauxo, Mingesa - hech biri hujumni boshlab beradigan dastlabki pasni bera oluvchi himoyachilar emas. Har biri xuddi kelishib olgandek, navbatma-navbat kulgili xatolarga yo‘l qo‘yadi. Bugun kataloniyaliklar qanchadir million sarflab hujumchi olishga emas, Van Deyk singari bir klub futbolini to‘liq tartibga tushiruvchi himoyachi xarid qilishga muhtoj.
Ha, har qanday klubda ham bu kabi etishmovchiliklar bo‘lib turadi. Ammo “Blaugranas”da barcha muammolarga Leo javob beradi. “Mes que un club” - klubdan-da yuqoriroq, deganda Yoxan Kroyf Messini nazarda tutmagan! U ham qolganlar singari futbolini o‘ynagisi keladi. Ammo futbolchining kichik jussasiga rahbariyat ancha katta mas’uliyatni yuklab qo‘ygan. Bu uning erkin ijod qilishiga halaqit bermoqda. Messi etakchilik qobiliyatiga ega emas. Mana nima uchun Jahon chempionati finalini yutkazgan, nima uchun haligacha Maradonani undan ustun ko‘ruvchilar bor. Diego kichik gavdasidan bir necha barobar shaddotroq, asov shijoatga ega edi. U iste’dodi etmagan pallalarda xarakter bilan jamoasini oldinga etaklab borgan. Messining asosiy raqobatchisi Ronalduda ham etakchilik qobiliyatining shakllangani unga katta yutuqlar olib kelgan. E’tibor bering, “Barsa”da Puyol, Xavi, Maskerano va Inesta kabi etakchilar bor paytda Messi qanday o‘ynagan?! Hozir-chi?! Farq katta. Menimcha, uning rostdan ham ketadigan vaqti keldi. Allaqachon kelgandi! “Bu klubdan meni haydashsagina, ketaman”, degan paytlarida bunday ishlar bo‘lishini tushida ham ko‘rmagan bo‘lsa kerak.
Yanvarda prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Biz “Barsa”ning yangi boshqaruvchisidan Messiga taqdirini o‘zi hal qilish imkonini berishini so‘ragan bo‘lardik. Shundoq ham, shartnoma yozda yakunlanadi va futbolchining o‘zi ketishni istagan taqdirda, hech kim unga to‘sqinlik qila olmaydi. Ammo Lionel Messining “Barselona”ni tark etishi oddiy o‘tmasligi zarur. Ronaldu EChL finalida “Real” safidagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazayotganini bilmagan edik. Umid qilamizki, ketishni ixtiyor etgan taqdirda, Leoning xayrlashuv uchrashuvi oldindan ma’lum bo‘ladi va barchamiz uni olqishlar bilan “Kamp Nou”dan kuzatib qo‘yamiz.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar