
“EVRO-2020”ga tayyorgarlik, final bosqichi oldidan final - Portugaliya va Frantsiya qarama-qarshiligi (prevyu)
Ko‘pchilik futbol faxriylari va uning atrofidagi odamlarning fikricha, musobaqalarning ko‘payib ketishi futbolchilarni jismoniy va ruhiy tomondan ezib yuboradi. FIFA jahon futbolida UEFA tutayotgan pozitsiyadan allaqachon xavotirga tushib qolgan va turli yo‘llar bilan klub miqyosidagi futbolda ham EChL darajasidan yuqoriroq liga tashkil etishga urunmoqda. Ha, biz muxlislar jahon yulduzlari ishtirok etadigan bellashuvlarni qancha ko‘p ko‘rsak ham ozdek tuyuladi. Lekin futbolchilarning tiklanishiga sarflanadigan muddatning kamayib ketayotgani mutaxassislarni o‘yga toldirmoqda.
Mana, Millatlar Ligasi ham eng avvalida shunday tanqid va muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Endi uning nufuzi oshib, terma jamoalar ushbu turnirga jiddiyroq qaraydigan bo‘lib qoldi. Portugaliya va Frantsiya bellashuvi jamoalarning ushbu o‘yingacha etib kelgan holati jihatidan ham intrigaga boy. Ushbu musobaqaga jahon chempionati yo‘llanmasi tikilganini inobatga olsak, uning nima sababdan bu qadar yaxshi darajaga chiqib olganini tushunish osonlashadi. FIFA tashkil qilmoqchi bo‘lgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining yangilangan formati, Evropa Superligasi g‘oyasi ham bu qadar rivojlanib ketishiga hech kim kafolat bera olmaydi.
Millatlar Ligasi ushbu oyda final bosqichi vakillarini aniqlashtirib oladi. Noyabr oyidagi dasturdan ko‘proq markaziy o‘yinlar o‘rin olgan. Shu bilan Evropa jamoalari FIFA kunlari davomida o‘rtoqlik uchrashuvlari bilangina cheklanishga majbur bo‘ladi. Demakki, fursatdan foydalanib qolishimiz lozim bo‘ladi.
Frantsiya maydonida kechgan bellashuv hali yodimizdan ko‘tarilib ulgurganicha yo‘q. Ronaldu - Mbappe qarama-qarshiligi u qadar oshkora kurashga aylanib ketmagandi. Juda kam vaziyatlar yaratilgan, ehtiyotkor ruhda kechgan uchrashuvda frantsuzlar kichik ustunlikni qo‘lga kiritgan. O‘z maydonida o‘ynaganligi e’tiboridan va guruhdagi vaziyat mehmonlar foydasiga ishlayotgani jihatidan bu tushunarli. Ammo ular yakunda o‘z maqsadlariga erisha olmadi. Portugaliya mehmondan bir ochko va birinchi o‘rinni saqlab qolgan holda qaytdi. Hanuz ular ushbu guruhda peshqadam bo‘lib turibdi. To‘plar nisbatidagi ustunlik evaziga Santush shogirdlari faranglardan oldinda bormoqda. O‘zaro munosabatlarga oydinlik kiritib olish uchun Deshamda bundan qulayroq imkoniyat bo‘lmasligi mumkin. Sababi, ushbu bahsda ham mag‘lub bo‘lgan taqdirda, “EVRO-2020”da ruhiy ustunlikni raqibga boy berishlari aniq.
Portugaliya
Ikkinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu musobaqada har qanday jamoa Santush shogirdlari bilan hisoblashishga majbur. Salohiyat va nomni qo‘ya turaylik, amaldagi chempionlar doimo o‘zgacha hurmat-ehtiromga munosib ko‘rilgan. Shuningdek, hech bir jamoa Portugaliyadek Millatlar Ligasiga katta ishtiyoq bilan yondashayotgani yo‘q. Buni jamoa bosh murabbiyi tanlagan g‘oyat optimal holatdagi tarkibdan ham ko‘rib olishingiz mumkin. Albatta, qaydnoma nazarda tutilmoqda. O‘z navbatida, muhim o‘yin oldidan jarohatlangan va diskvalifikatsiyaga uchragan futbolchilarning yo‘qligi portugallarning omadi va yutug‘i.
Portugaliya futboli haqida gapirar ekanmiz, quvonarli jihatlar ko‘p ekanligini ta’kidlab o‘tishimiz zarur. Jamoa endi tarkibida Ronaldu borligi uchungina kuchli emas. Endi ushbu jamoa tarkibida Krishtianuga elkadosh bo‘lishga qodir futbolchilar va uning munosib vorislari paydo bo‘la boshladi. Shulardan biri, hech shubhasiz, Joau Felishdir. Ushbu yosh iqtidor egasi “Atletiko”da o‘rtamiyona moslashish yilini o‘tkazgach, joriy mavsumdan e’tiboran, sezilarli darajada o‘sishga erishdi. Qarama-qarshi tarafdagi Mbappe Ronaldudan ko‘ra, ushbu tengdoshiga e’tibor qaratsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Ushbu tarkibdan e’tiborimizni tortayotgan yana bir nom Diogu Jotadir. “Liverpul”ning parokanda himoyasi hujumdagi xilma-xillik bilan yopilib turishga mahkum. Endi mersisaydliklardan “quruq o‘yin”lar kutish besamardek ko‘rinmoqda. Ammo hujum orqa chiziqdagi xatolarni yopib ketish uchun ham ko‘proq harakat qilishi aniq. O‘yiniga joziba va sermahsullik qo‘shilib borayotgan Jota Klopp e’tiborini terma jamoadagi super o‘yinlari orqali ham o‘z varianti ustida to‘xtalishga majbur etishi lozim.
Taxminiy tarkib: Patrisiu, Kanselu, Semedu, Diash, Gerreyru, Villiam, Moutino, Fernandesh, Gedesh, Ronaldu, Felish.
Frantsiya
Amaldagi jahon chempionlarining Finlandiyadan 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchrashi rosmana kutilmagan ish bo‘ldi. Boisi, o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lishiga qaramay, bu ularning Millatlar Ligasi guruh bosqichining hal qiluvchi bahsi oldidan so‘nggi bellashuvi edi. Dide Deshamning o‘zi ham har qanday holatda Portugaliya maydoniga mag‘lubiyatga uchrab, ruhi cho‘kib borishni istamagani aniq.
Jamoa etakchilarining muhim o‘yin oldidagi holatlarini ideal darajada, deb bo‘lmaydi. Mbappe PSJ safida bir necha uchrashuvlarni o‘tkazib yubordi. Grizmann penaltidan gol ura olmaslik seriyasiga barham bera olmayapti. Marsyaldagi aniqlik bilan bog‘liq muammolar ingliz matbuotida bot-bot muhokama mavzusiga aylanib kelmoqda.
Jamoa etakchilaridan Pol Pogbaning holati ham havas qilarli darajada emas. Deshamning baxtiga, Ngolo Kante o‘z o‘yinini tobora topib olmoqda. “Chelsi”da o‘tkazgan so‘nggi 2 o‘yini bunday fikr bildirishimizga asos bo‘lyapti.
Jamoa himoyasining tom ma’nodagi kelajagi sifatida qaralgan Varan muvaffaqiyatsizliklar botqog‘idan chiqib keta olmayapti. “Real”ning ketma-ket omadsiz o‘yinlarida aynan Rafael bosh figura vazifasini o‘tab beryapti. Uning termadagi sherigi Upamekano esa tobora o‘sib boryapti. Markaziy himoyadagi zaxiraning etarli emasligidan kuygan “Liverpul” qishda u uchun ancha katta summadan voz kechishga tayyor bo‘lsa kerak!
Taxminiy tarkib: Loris, Pavar, Varan, Langle, Mendi, Rabo, Kante, Tolisso, Grizmann, Marsyal, Mbappe.
Murabbiylar
Fernandu Santush: “Ikkala jamoada ham etarlicha yuqori saviyali futbolchilar bor. Sen bu kabi raqiblarga qarshi o‘yinlarda to‘pni yo‘qotar ekansan, qarshi hujum darvozangni jiddiy xavfga qo‘yishi tayin. Demak, barchasi tayyorgarlik va diqqatni jamlashga bog‘liq, ammo biz o‘zimizga ishonamiz. Oldingi to‘qnashuvimizga o‘xshamagan o‘yinni kutmoqdaman. Raqib hujum uchligida Jiru o‘rniga Marsyal harakat qilishini taxmin qilishim mumkin. Mbappe va Grizmann doimgidek old chiziqda yuqori darajadagi futbol namoyish etishda davom etadi”.
Dide Desham: “Jarohatlangan futbolchilar Portugaliyaga qarshi bahsgacha qayta oladimi? Menimcha, ha! Lekin u kim va qay holda qaytishini bilmayman. Mbappe va Pavarning holatida so‘nggi kunlarda ancha yaxshi tomonga siljish kuzatilyapti. Ularda tiklanish uchun hali vaqt bor. Biz Portugaliyani bilamiz. Finlandiyadan uchralgan mag‘lubiyat bu butkul boshqa masala. Har 3 kunda futbol o‘ynayotganimizni inobatga olsak, o‘tkazgan uchrashuvlarimizni uzoq tahlil qila olmasligimiz tabiiy”.
Xulosa o‘rnida
Jismoniy tayyorgarlik jihatidan Portugaliya yaxshiroq holatda ekanligi kundek ravshan. Ruhiy tomondan ham ularda kichik ustunlik bor. Andorra darvozasiga 7 ta javobsiz to‘p kiritish har qanday holatda ham, sizga o‘zgacha ishonch bag‘ishlashi tabiiy. Lekin aynan shu faktor ularni keraksiz xotirjamlikka olib borishi ham ehtimoldan holi emas.
O‘yin Frantsiyaning faolligi ostida o‘tishini taxmin qilish qiyin emas. Chunki 0:0 hisobi har qanday holatda ham, Portugaliya foydasiga ishlaydi. Desham o‘z jamoasi bilan ushbu turnir pley-offida o‘ynamoqchi bo‘lsa, bugun o‘zaro o‘yinda bunga loyiq ekanini isbotlay olishi zarur.
Favqulodda keskin burilishlar bo‘lmagan taqdirda, o‘yin kartinasi teng kurashlarda davom etishi va qaysidir jamoa minimal hisobda g‘alaba qozonishi shaxsiy taxminim. Ammo bu qaysi jamoa bo‘lishini aytish juda mushkul. O‘tgan galgi nursiz o‘yindan keyin bugungi bahsda har ikki jamoa raqiblarini gol bilan siylashi ehtimoli yuqori.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar