
Evropa Ligasi. Zlatan «MYu»ga qarshi, Jozening «qo‘shig‘i» va Mxitaryanning «qaytishi»! Kimning imkoniyatlari yaxshiroq?!
SPORTS.uz Evropa Ligasi pley-off bosqichidagi juftliklar haqida fikr yuritadi.
«Shaxtyor» – «Roma». Eski qadrdonlar to‘qnashuvi!
«Roma» ustozi o‘z sobiq jamoasiga qarshi to‘qnash keladi. Fonseka «bo‘rilar»ni keyingi bosqichga olib chiqish ilinjida, ammo «konchilar» osonlik bilan taslim bo‘lmaydi. Sovuq ob-havo Kashtru shogirdlari foydasiga ishlashi mumkinligini inobatga olmasa, kuchlar teng.
- «Shaxtyor» bor e’tiborini Evropa Ligasiga qarata olmaydi. UPLda hozir «Dinamo» Kiev peshqadamlik qilmoqda. O‘rtadagi farq bir ochko, ammo kievliklar ajoyib sport formada.
- «Roma» ham chempionat o‘yinlarini asosiy planga olib chiqqan. Klub EChL yo‘llanmasi uchun kurash olib bormoqda. «Atalanta», «Napoli» va «Latsio»dan qolib ketmaslik uchun jamoa etakchilari har bir o‘yingga jiddiy yondashishi lozim.
«Dinamo» – «Tottenxem». Joze katta sahnada!
Angliyada «shporlar»ning omadi kelmayapti. 1-pog‘onadan 9-gacha bir qadam ekanligini «Tottenxem» isbotlab berdi. Jamoa Son va Xarri Keynga to‘liq bog‘lanib qolgan. «Qotil tandem»siz g‘alaba qozonish deyarli imkonsiz. Shunga qaramay, bu kamchilikni yigitlardagi sovrin yutishga bo‘lgan ehtiyoj «yopib» ketadi. Joze chinakam g‘olib murabbiy. U bu sovrinni ancha ilgari «Manchester Yunayted» bilan qo‘lga kiritgan. Zagrebning «Dinamo»si bunga to‘sqinlik qilishga urinib ko‘radi, ammo favorit baribir London klubi!
- «Dinamo» Evropa Ligasida faqat rus klublaridan gol o‘tkazib yubordi, xolos. TsSKA va «Krasnodar»dan boshqa klub xorvatiyaliklar darvozasini ishg‘ol qilgani yo‘q.
- «Tottenxem» TsSKA joylashgan guruhdagi «Volfsberg» darvozasini 8 bor ishg‘ol qildi. Umumiy hisobda jamoa musobaqada 23 ta gol kiritgan.
«Ayaks» – «Yang Boyz». Shveytsariyaliklar ancha xavfli!
Gollandiya klubi «Lill» qarshiligini sindirgan bo‘lsada, «Yang Boyz» bilan o‘yin oson kechmaydi. «Bayer»ni mehmonda er tishlatgan jamoadan hamma narsa kutish mumkin. Hozir «Ayaks» Erediviziyadagi ta’qibchisidan 6 ochkoga ilgarilab ketgan. Kamiga zaxirada yana bir o‘yin bor.
- «Ayaks» chinakam jamoaviy futbol namoyish etuvchi mashina. 17 futbolchi hisobida assist mavjud ekanligi so‘zimizga isbot bo‘ladi.
- O‘tgan mavsumda «Yang Boyz» ichki birinchilikda «Bazel»ni 18 ochkoga ortda qoldirmoqda. Klub bor e’tiborini Evropa Ligasida uzoqroqqa borishga qaratganini yashirib o‘tirmayapti.
«Dinamo» – «Vilyarreal». Yoshlik va tajriba to‘qnashuvi!
Luchesku shogirdlariga qur’ada omad kelmadi. Ispan klubi Evropa Ligasida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan jamoa sanaladi. Shunga qaramay, Mirko Luchesku bir nima o‘ylab topadi. Mutaxassis o‘z shogirdlarini maydonda jang qilishga o‘rgatib bo‘ldi.
Kievliklar safidagi Mikolenko, Popov, Zabarnog, Shaparenko uchun bu o‘yinlar Evropa chempionatida ishtirok etish imkonini yaratadi.
- Luchesku jamoasining o‘rtacha yoshi 25,1. Unay Emerida bu ko‘rsatkich 28 yoshni ko‘rsatmoqda. «Dinamo» joriy mavsumda evrokuboglarda ishtirok etayotgan eng yosh klub.
- Unay Emiri Evropa Ligasida 3 bor g‘alaba qozongan. Luchesku ham o‘z vaqtida bu sovrinni boshi uzra ko‘targanini unutmaslik lozim.
«Granada» – «Molde» Eng kam o‘rganilgan juftlik!
Ispaniyaliklar Jennaro Gattuzoning «Napoli»sini musobaqadan chiqarib yubordi. Italiyaliklar turnir g‘olibligi uchun asosiy da’vogarlardan biri edi. Kamtarin «Molde» esa, «Xoffenxaym»ni pley-offda qoldirib ketdi.
- «Granada» ELdagi 11 o‘yinning yarmida darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. Ularni faqat bir bor PSV mag‘lub etdi, xolos.
- «Molde» joriy mavsum faqat «Arsenal»ga engildi. Norvegiya chempionati aprel oyida start oladi. Hozir klub bor e’tiborini «Granada» bilan o‘yinlarga qaratgan.
«Slaviya» – «Reynjers». Mardlar to‘qnashuvi!
Stiven Jerrard shogirdlari hozir super formada. Ichki birinchilik masalasi amalda hal etilgan. Endi bemalol «Slaviya»ga qarshi o‘yin haqida boshqotirish mumkin. So‘nggi bor o‘tgan asrning 30 yillarida shov-shuv ko‘targan «Slaviya» bundan avvalgi raqibi «Lester»ga hech qanday imkon qoldirmadi.
- «Slaviya» Chexiya chempionatida mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettirmoqda. Ular bilan bir guruhda to‘p surgan «Bayer»dan farqli o‘laroq, jamoa qishki transferlardan unumli foydalandi.
- Shotlandiya klubi anchadan beri xalqaro arenada o‘zini ko‘rsatgani yo‘q. Motivatsiyaga to‘la Jerrard kichik “mo‘’jiza” ko‘rsatishi va «Liverpul»ning kelajakda boshqarmoqchi ekanligiga ishora berishi uchun bu turnir juda muhim.
«Olimpiakos» - «Arsenal». G‘olib noma’lum juftlik
Bir yil ilgari greklar «kanonirlar»ni Evropa Ligasidan chiqarib yuborgan edi. London klubi darvozasini qo‘shib berilgan bo‘limlarda ishg‘ol qilgan «Olimpiakos» keyingi bosqichga chiqish uchun kurash olib borishi aniq.
«Arsenal» EChLda ishtirok etish uchun ELda zafar quchishi lozim. Arteta shogirdlari APL turnir jadvalida 11 pog‘onada bormoqda.
- «Olimpiakos» EChL guruh bosqichida «Marsel»ni ortda qoldirib Evropa Ligasi yo‘llanmasiga ega chiqdi.
- «Arsenal» futbolchilari mavsumni saqlab qolish uchun eng so‘nggi imkoniyatdan unumli foydalanish kerakligini anglab turibdi.
«Manchester Yunayted» – «Milan» EChL shabadasi esib turgan juftlik
Jamoalarning nomi va tarkibdagi yulduzlardan kelib chiqib, bu juftlikni EChL darajasida deb bemalol ayta olamiz. «Milan» musobaqaga jiddiy yondashmoqda. «Rossonerilar» xalqaro arenani juda sog‘ingan. EChLdan chiqib ketgan «Manchester Yunayted» omadini ELda sinab ko‘rishga majbur.
Bu juftlikda nafaqat nomdor klublar, balki nomdor futbolchilar to‘qnashuvini ko‘rishimiz mumkin. Reshford - Ibragimovich, De Xea - Donnarumma, Maguayr - Romanoli, va Fernandesh -Chalxano‘glu!
Fikrlar