
Evropani zir titratayotgan "kouch"lar yoxud ayni paytdagi eng kuchli murabbiylar to‘rtligi
Evropa yashil maydonlarida futbol mavsumi tobora avjiga chiqib bormoqda. Jamoalar borgan sari katta musobaqalarda finishga yaqinlashib kelyapti va tabiiyki, unda ba’zi insonlar o‘z mehnati va iste’dodi evaziga qolganlardan yaqqol ajralib turibdi.
Barchamizga ma’lumki, futbol yaralganidan boshlab unda murabbiylarning o‘rni beqiyos bo‘lib kelgan. Hozir ham Gvardiola, Klopp, Anchelotti kabi mutaxassislar klubida futbolchilardan ko‘ra yuqori mavqega ega. Ronaldu va Messi erasida yashagan, ikki dahoning o‘yinlarini kuzatgan muxlislar uchun bu noodatiy tuyulishi aniq. Ammo hozir rostan vaziyat shunday ko‘rinish olgan.
Ayni paytda shunday "kouch"lar borki, ular boshqarayotgan klub nafaqat Evropa, balki butun dunyoda alohida e’tibor bilan tilga olinmoqda. Quyida shunday murabbiylarning to‘rttasi bilan sizni batafsil tanishtiramiz.
4. Xavi Ernandes ("Barselona").
Evropa ligasidagi MYuga uchralgan mag‘lubiyatga qadar Kataloniyaning "Barselona"si hammaning og‘zidan tushmay kelayotgandi. Har holda, yuqori formada bo‘lib turgan va Ispaniyani deyarli o‘ziniki qilib olgan "Real"ni sezilarli farq bilan ortda qoldirish oson ish emas. Bu natijalar tasodifan bo‘lib qolayotgani yo‘q, albatta. Buning asosiy sababi ispaniyalik sobiq afsonaviy futbolchisi Xavi Ernandes nomi bilan bog‘liq.
Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, "ko‘k-anorranglilar" La Liganing 26 o‘yinida o‘z darvozasidan atigi 9 ta to‘p olib chiqqan. Bu har 3 bahsda bittadan golga to‘g‘ri keladi. Bu borada kataloniyaliklar Ispaniyada tengsiz. Gol urishda ham Xavi shogirdlarining natijasi chakki emas. 49 bora raqiblarni ranjitgan jamoa ligada eng yaxshi 2-natija egasi sanaladi. 1-pog‘onada azaliy raqib "Real" ketmoqda.
Analitik tahlil bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar Xavining yarim himoyachilardan o‘ta samarali foydalanayotganini alohida tilga olmoqda. De Yong, Buskets, Pedri va Gavini ajoyib tarzda maydonda joylashtirayotgan mutaxassisning asosiy ustunligi balansni to‘g‘ri ushlay olganida bo‘lmoqda. Hujumga o‘tish chog‘ida Pedri va Gavi qanotlarga va Levandovski ortiga o‘tib oladi va raqib mudofaachilarining u tomondan bu tomonga "chayqalishiga" sababchi bo‘lishadi. Bu esa o‘z navbatida, raqib himoyasida bo‘shliqlar yuzaga kelishiga ta’sir o‘tkazadi.
Umumiy qilib olganda, Xavi sekin-asta "As-Sadd"dagi nazariyalarini "Barselona"ga ham o‘tkazishga harakat qilmoqda. 3 ta himoyachi bilan harakatlanishni boshlagani shundan dalolat bersa ajab emas.
3. Luchano Spalletti ("Napoli").
Italiyada yaqqol gegemonlik qilayotgan neapolliklar aynan Spalletti qurayotgan futbol evaziga etakchilik qilmoqda. To‘g‘ri, Xvicha va Osimxenning o‘ta ajoyib formada ekani ham e’tibordan chetda qolmasligi lozim. Biroq murabbiy tanlagan taktika evaziga ular mana shu darajada harakat qila olishyapti. Masalan, ko‘pchilik yuqorida tilga olingan ikki futbolchining boshqa klublarda ham shu tarzda to‘p tepib keta olishiga ishonmayapti.
Qizig‘i, "Napoli" chempionatdagi gol urish va o‘tkazib yuborish borasidagi statistikada ham raqiblariga "non qoldirmayapti". 64 ta gol urgan Spalletti shogirdlari o‘z darvozasidan 16 ta to‘p olib chiqqan. Liga yakuniga hali 11 ta tur bor. Biroq Italiyada hammasi hal bo‘lganini ko‘pchilik juda yaxshi anglab turibdi. Neapol shahri vakillari uzoq kutilgan "Skudetto"ni bu yil qo‘lga kiritishga har safargisidan ham ko‘ra juda yaqin kelmoqda. Qandaydir mo‘jiza ro‘y berib qolmasa, A Seriya tituli "Napoli"ga nasib etishi deyarli aniq.
2. Mikel Arteta ("Arsenal").
Chempionlar ligasiga ham chiqa olmay yurgan, doimiy tarza memlarga sabab bo‘lib yuruvchi jamoani kimsan APLda chempionlik uchun asosiy da’vogarga aylantira olgan mutaxassis. Ha, bir necha yil oldin uni faqat "Gvardiolaning shogirdi" sifatida tanishardi. Hozir esa o‘sha shogird ustozidan o‘tib ketib, jadvalda 8 ochkoga oldinda bormoqda.
"Arsenal" hozirda jamoaviy o‘yin borasida nafaqat Angliyada, balki butun Evropada ham yuqori o‘rinlarda turibdi. Yosh va tezkor futbolchilardan tashkil topgan tarkib tajribali Jorjino, porloq istiqbolga ega Trossard kabi nomlar evaziga yanada kuchayishi shubhasiz. Qanot va markazda kuchli raqobat vujudga kelishi "to‘pchilar" uchun faqat va faqat foydali bo‘ladi, deya olamiz.
Londonliklar statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha faqatgina "Manchester Siti"dan ortda qolyapti. Boshqa klublar raqamlar borasida Arteta jamoasi bilan bellasha olmaydi. Ko‘ramiz, mavsum oxirida ham "kanonirlar" APL turnir jadvalining yuqorisida qolishni eplay olarmikin?! Har holda, Evropa ligasi kabi muhim musobaqa bejizga boy berilmagandir...
1. Erik ten Xag (MYu).
Birinchi pog‘ona juda bahsli. Ammo izohlab bersa bo‘ladi. Masalan, Arteta jamoasini chempionlikka etaklagunga qadar 3 yil davomida selektsiya ishlarini olib bordi. Xavi ham 1 yildan ko‘proq vaqt sarfladi, Spalletti esa 2 yil oldin Neapolda ish boshlagandi. Ten Xag janoblari esa atigi yarim mavsum mobaynida MYuning yana jiddiy qabul qilinishiga sababli ishlarni bajara oldi. Jamoaviy futbolni tashkillashtirdi, klub ichida tartib-intizom o‘rnatishga erishdi. Bo‘yin egmas "ba’zi" yulduzlar aslo ayab o‘tirilmasligini ham ko‘rsatib qo‘ydi. Umuman olganda, klub manfaati hamma narsadan ustun ekanini barchaga birdek singdirish yo‘lida ish olib bordi va hamon shu yo‘nalishda davom etyapti.
Endi o‘zingiz tasavvur qiling, agar Erik shu yo‘sinda Artetadek imkoniyatlarga ega bo‘lib, yana 3 yil Manchesterning qizil tarafida bosh murabbiy bo‘lib tursa...
Shohrux Zoirov maqolasi.
Fikrlar