
Farhod Bekmuratov: "Lokomotiv"ning oldingi mavqeini qaytarishimiz kerak"
Pro ligaga ravona bo‘lgan Toshkentning “Lokomotiv” klubi yangi mavsum uchun tarkibini sezilarli darajada kuchaytiryapti.
Jamoa Superligaga qaytish uchun pro ligadan yanada kuchli jamoaga aylanmoqchi. Tajribali yarim himoyachi Farhod Bekmuratov ham yangi mavsumni “Loko”da boshlaydi. "Andijon"da to‘p surgan Farhod 2025 yilda klubini o‘zgartirdi.
U 2018 va 2019 yillari ham “Temiryo‘lchilar” tarkibida to‘p surgan va yana sobiq jamoasiga qaytdi.
- Farhodjon yangi mavsumni "Lokomotiv"da boshlashga qaror qildingiz. Avvalo, ushbu taklifni qabul qilishingizda asosiy sabab nima bo‘ldi?
- Oldimda 2-3 ta takliflar bo‘lishiga qaramasdan, “Lokomotiv”ni tanladim. Chunki To‘labek Akramov qo‘ng‘iroq qildi va muzokaralar olib bordik. Samvel Vyacheslavovich sizni so‘rayapti, jamoamizga kelib yordam berishingizni istayapmiz dedi. Natijada faoliyatimni “Lokomotiv”da davom ettirishga qaror qildim.
- Ma’lumki, siz ilgari ham ushbu klubda to‘p surgansiz. U erga qaytganingizda nimani esladingiz?
- Ha, to‘g‘ri aytdingiz. Ilgari bu klubda o‘ynaganman. Bu erda hamma tanish. Klubda mehnat qilayotganlar hozir ham shu erdalar. Ularni ko‘rib xursand bo‘ldim va ular ham meni ko‘rib xursand bo‘lishdi.
- Tarkib kuchaytirilyapti. Yangi futbolchilar bilan moslashuv qanday kechmoqda va jamoa sizlarni qanday qabul qildi?
- Tarkib kuchaytirilyapti. Moslashish yaxshi kechyapti. Hammamiz futbolni ichidagi odamlarmiz va bir-birimizni yaxshi taniymiz. Yangi legionerlar kelyapti. Ular bilan ham chiqishib ketdik.
- Xizmatingizga yana qanday qiziqishlar bo‘lgandi?
- Superligaga chiqqan va Superligada o‘ynab turgan klublar aloqaga chiqishgandi. Uydagilar bilan maslahatlashgan holda eng yaxshisi “Lokomotiv” deya o‘yladik va shu qarorga keldik.
- Samvel Babayan bilan ishlash qanday kechyapti va u ko‘proq nimaga e’tibor qaratadi?
- Samvel Vyacheslavovich bilan ishlash albatta yaxshi. Talabchan, qattiqqo‘l, tartib-intizomga e’tibor beradi. Hammamizga tushuntiryaptiki, “Lokomotiv”ni oldingi mavqeini qaytarishimiz kerak. Shunga asosan mashg‘ulotlarda qattiq ishlayapmiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar