
Farhod Nishonov: "Hammasini hisob-kitobini olganmiz!"
O‘zbekiston U20 - Xitoy U20 jamoalari o‘rtasidagi nazorat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvning asosiy vaqtida 2:2 hisobi qayd etildi. Penaltilar seriyasida vakillarimiz 5:4 hisobida g‘alaba qozondi.
Terma jamoamiz bosh murabbiyi Farhod Nishonov o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
"Yaxshi o‘yin o‘tkazdik. Xitoy ham kuchli jamoa ekan. Himoyada juda ham tartibli harakat qilishdi. O‘yinimizga keladigan bo‘lsak, deyarli ko‘nglim to‘ldi. Reja bo‘yicha, tanlagan tarkibimiz o‘zini oqladi.
Uchrashuv oxirida gol o‘tkazib yubordik. O‘zi g‘alaba qozonishimiz kerak edi. Butun tarkibni almashtirdik, zaxiradan tushganlar moslasha olmadi yoki o‘zini ko‘rsata olmadi. Shuni hisobiga darvozamizdan to‘p olib chiqdik.
Jamoamizning kayfiyati a’lo darajada. Yigitlar kundan-kunga musobaqaga tayyor bo‘lib bormoqda. Bugungi bellashuv kim qanchalik tayorligini ham ko‘rsatdi. Bu nazorat o‘yinidan maqsad ham shu edi.
Adaptatsiya jarayoni yaxshi kechmoqda. Hammasini hisob-kitobini olganmiz va shuning uchun Xitoyga erta kelganmiz. Vaqt bor, namlik bor - hammasi joyiga tushmoqda", - dedi Nishonov.
Fikrlar