
Fayzullaev Evropaning top-klubida o‘ynashi mumkin!
Tez orada yozgi transfer oynasi ochilib, klublari o‘z tarkibilarini tartibga solishni boshlaydi.
O‘zbekistonning turli terma jamoalari xalqaro miqyosdagi musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashayotgani bois o‘zbek futbolchilariga ham kuchli ligalardan chorlov bo‘lish ehtimoli katta.
Ayniqsa, 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarimiz Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgani hamyurtlarimizga o‘z iste’dodlarini jahon miqyosida namoyish etish uchun yaxshi imkoniyathisoblanadi. Chunki yozda Parij shahri mezbonlik qiladigan o‘yinlarni ko‘plab jamoalarning skautlari kuzatib borishi hech kimga sir emas.
Evropaga borishni ko‘zlayotganlardan biri Abbosbek Fayzullaevdir. Nafaqat o‘zbekistonlik, balki rossiyalik ekspertlar, jurnalistlar va muxlislarni ham 20 yoshli legionerimizning faoliyati qiziqtirib qo‘ygan.
Rossiya futbolini yoritishhb kelayotgan championat.com sayti jurnalisti Vladislav Kruglov Premer-ligada “Rubin” sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz Umarali Rahmonaliev bilan suhbatda TsSKA hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaevning imkoniyatlariga baho berishni so‘radi.
- Abbosbek Fayzullaev zo‘r futbolchi bo‘lib etishishi va Evropaning top-klubida o‘ynay olishiga yuz foiz ishonaman.
Men xorijda to‘p tepayotgan har qaysi o‘zbek futbolchisi hamma erda o‘ynay oladi, deb o‘ylayman. Buning uchun o‘ziga ishonib, mehnat qilishda davom etish zarur.
Abbos – ajoyib yigit va zo‘r futbolchi, - dedi Umarali Rahmonaliev.
Umarali Abbosbekning imkoniyatlari yaxshi biladi. Chunki bu ikki yigit o‘tgan yili 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining g‘olib chiqishiga katta hissa qo‘shdi, Argentina mezbonlik qilgan jahon chempionatida ham elkama-elka o‘ynadi.
Qolarvesa, har ikkisi yaqinda O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Qatardagi Osiyo kubogida muvaffaqiyatli qatnashib, o‘zbek futboli tarixida ilk bor Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga yordam berdi.
Endi Rossiya Premer-ligasida tajriba oshirib, mahoratini charhlayotgan Abbos va Umarali yozda Frantsiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qiladigan to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Fikrlar