
Fayzullaevni “Bayer”ni engilmas jamoaga aylantirgan yulduz bilan tenglashtirishdi
Rossiya Premer-ligasining aksariyat muxlisu mutaxassislarini mavsumning birinchi qismida asosiy kashfiyotga aylangan Abbosbek Fayzullaev chempionatning qolgan o‘yinlarida qanday harakat qilishi qiziqtirmoqda.
20 yoshli futbolchimiz Qatarda otkazilgan Osiyo kubogida ham yorqin o‘yin ko‘rsatganidan keyin xorij klublari kuzatuvida ekani haqida bir qator ma’lumotlar tarqatildi.
Ayrim ekspertlar TsSKA mavsumni qaysi o‘rinda yakunlashi ko‘p jihatdan o‘zbek legionerining o‘yinga bog‘liq ekanini ta’kidlamoqda.
TsSKAning sobiq hujumchisi Valeriy Masalitin “armiyachilar”ni Germaniya chempionatini ostin-ustun qilib tashlagan “Bayer” singari o‘ynashga chaqirdi. Ma’lumki, leverkuzenliklar ispaniyalik murabbiy Xabi Alonso qo‘l ostida mavsumni mag‘lubiyatsiz o‘tkazmoqda.
“Bayer” Bundesliganing 23 ta uchrashuvida hali mag‘lubiyatga uchragani yo‘q, bu bellashuvlarning 19 tasini o‘z foydasiga hal qildi va to‘rt marotaba durang o‘ynadi. Leverkuzenliklar faqat amaldagi chempion “Bavariya”, ikkala “Borussiya” va uchinchi o‘rinda borayotgan “Shtutgart” bilan ochko bo‘lishdi.
Ikkinchi davrada “Bavariya” darvozasiga javob uchta gol urib, ochkolar orasidagi farqni sakkiztagacha oshirdi va chempionlikka asosiy da’vogar bo‘lib turibdi.
Tajribali ekspert Valeriy Masalitin TsSKAga “Bayer”ni o‘rnak qilib, quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish lozimligini maslahat berdi.
- Bahordan boshlab TsSKAdan hujumkor futbol kutib qolaman, chunki shunda gollar bo‘ladi, gol urilsa, g‘alabalar ham keladi. TsSKAda hujumkor futbolga moslashgan futbolchilar guruhi bor, faqat ulardan foydalanishni bilish kerak, balki o‘yin sxemasini o‘zgartirish lozimdir.
Har bir murabbiy o‘yinda balansni topishni istaydi, lekin buni faqat kam sonli mutaxassislar eplay oladi. Keling, mana shu ishni “Bayer”da uddalagan Xavi Alonsoni misol keltiraylik.
U klubga kelganidan keyin, nimalarnidir o‘zgartirdi, hammani kerakli joyga qo‘ydi va jamoa super darajaga ko‘tarildi.
“Bayer” ikki nafar pleymeyker bilan o‘ynaydi, ularda kichkinagina Florian Virts bor, u xuddi Abbosbek Fayzullaevga o‘xshaydi. Bu futbolchi butun maydonni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlaydi, unga hech qanday cheklov qo‘yilmagan, lekin himoyalanish vaqtida ortga qaytib, himoyaga ham yordam beradi. Hujum vaqtida esa, u har joyda paydo bo‘ladi.
Agar TsSKA bosh murabbiyi Vladimir Fedotov Abbosbek Fayzullaevni chap qanotga, Ivan Oblyakovni o‘ng tarafga birintirmasdan, ularga erkinlik berganida edi, hammasi yaxshi tomonga o‘zgargan bo‘lardi.
Bu ikki futbolchini ramkaga solib, qanotlarga bog‘lab qo‘yib bo‘lmaydi, shu sababli ular bor mahoratini namoyon eta olmayapti, - dedi Valeriy Masalitin.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullaev o‘tgan yilning avgust oyida “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tganidan keyin qisqa fursatda “armiyachilar”ning etakchi o‘yinchisiga aylandi. Mavsumning birinchi qismida TsSKAning deyarli barcha hujumlari Abbosbek Fayzullaev orqali tashkil etildi.
Hamyurtimiz Moskva klubiga ko‘chib o‘tganidan buyon barcha turnirlarda 18 marotaba maydonga tushib, ikkita gol va to‘qqizta assist muallifi bo‘lgani ham legionerimizning TsSKA o‘yiniga ta’siri katta ekanidan dalolat bermoqda.
Fayzullaevni 60 million evrolik yulduzga tenglashtirishdi
O‘zbekistonda yana xorijga ketishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilar bormi?
O‘zbek futbolchilari legionerga aylanishga tayyor
Fikrlar