
Fevzi Davletov: "Bu ishga jiddiy yondashishimiz kerak"
Superligada 14-tur yakuniga etdi. Turning so‘nggi o‘yinida OKMK - "Surxon" qarama-qarshiligiga guvoh bo‘ldik.
Qiziqarli o‘tgan uchrashuvda "Surxon" klubi kuchli raqibi maydonida 0:1 hisobida g‘alaba qozonib, juda muhim bo‘lgan uch ochkoni o‘z hisobiga yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
"Surxon" matbuot xizmati o‘yindan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida termizliklar bosh murabbiyi Fevzi Davletovning fikrlarini havola qildi.
O‘yin haqida
- Bizga bu g‘alaba juda kerakli edi. "Sho‘rtan" bilan o‘yindagi natijada o‘zimiz aybdormiz. Bugungi uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Birinchi bo‘lim juda sifatli bo‘ldi. Ikki jamoa ham tezroq gol urishga harakat qildi. Tanaffusdan keyin gol urdik, ikkinchi golni ham urishimiz mumkin edi. Vaziyatlarimiz ham etarlicha bo‘ldi. Gol urmaganimizdan so‘ng asabiylasha boshladik. Keyin esa hisobni saqlab qolishga harakat qildik. Yigitlar barcha ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajarishdi. Birinchi davraning safar uchrashuvlaridagi dastlabki g‘alabamizni qo‘lga kiritdik.
- "Sho‘rtan"ga qarshi o‘yindan so‘ng tayyorgarlikda va taktikada qandaydir o‘zgarishlarga qo‘l urdingizmi?
- Ha, o‘zgarish qilsak bo‘lardi, ammo biz himoyada mustahkamroq o‘ynashimiz kerak edi. Oddiy vaziyatlarda xatolarga yo‘l qo‘ydik va alamli tarzda mag‘lub bo‘ldik. Bugun esa biz g‘alaba qozona oldik.
- Iqtidorli Asilbek Jumaev maydonda katta hajmdagi ishni bajaradi, ammo so‘nggi yarim yil davomida Jumaevda "realizatsiya" masalasida muammolar kuzatilayotgan edi. Bugungi gol yosh futbolchiga yanada ko‘proq gol urishga yordam berishi mumkinmi?
- U ko‘p mehnat qiladi, ammo "realizatsiya" - muhim jihat. Masalan, Evropa futboliga qarang, vingerlar bir mavsumda nechta gol uradi? Ushbu jihat ustida yanada ko‘proq ishlashi kerak. Ko‘proq gol ursa, men faqatgina xursand bo‘laman. Asilbek bugun yaxshi paslarni ham amalga oshirdi.
- O‘tgan o‘yinlarda jamoada "realizatsiya" masalasida katta muammolar kuzatilgan edi. Bugungi o‘yinda ham "Surxon" vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha qiyinchiliklarga duch keldimi?
- Biz har doim etarlicha vaziyatlar yarata olyapmiz. Endi "Buxoro"ga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Shundan so‘ng "realizatsiya" masalasida ish olib boramiz. Bu ishga jiddiy yondashishimiz kerak bo‘ladi.
Fikrlar