Fevzi Davletov: "Keyingi yildan o‘yinlarni Termizda o‘tkazamiz"

  • 10 noyabr, 2024, 01:54
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Surxon” –“Neftchi” (0:0) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin matbuot anjumanida termizliklar bosh murabbiyi Fevzi Davletov bir qator savollarga javob qaytardi.

- Bugun muhim bahs edi. Turnir jadvalida yuqoriga ko‘tarilib, liderlar qatoriga qo‘shilish imkoniyatini nazarga tutganda durang natija og‘ir o‘yin bo‘ldi. Adolatli natija. Vaziyatlar bo‘ldi, foydalanish kerak edi. Bunday imkoniyatlar doim ham bo‘lavermaydi. Raqib ham yaxshi himoyalandi. Shu sababli bu o‘yin qiyin o‘tdi.

- “Surxon” barqarorlik ko‘rsatmoqda – o‘tgan mavsum jamoa 6-o‘rinni egallagandi. Klub rahbarlari jamoa faoliyatiga qanchalik qiziqish bildirmoqda? Natija ularni qanchalik qoniqtirmoqda?

- Rahbariyat har doim biz bilan doimiy aloqada. Bugun ham gaplashdik. O‘tgan yili 6-o‘rin bo‘lgandi. Bu mavsumda yuqoriroqda bo‘lishga harakat qilamiz. Bizda shu o‘yinda va oldingi o‘yinda ham xatolar, yo‘qotishlar bo‘ldi. Samarqandda ham ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ydik. Rahbariyat ko‘rsatyotgan o‘yinimizdan xursand. Murabbiy xohlagan o‘yinni yigitlar namoyish etishmoqda. Qaysidir o‘yinlarda hujumlarda biroz bo‘shashdik, hujumchilar bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. Chetlatishlar bizni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. O‘yin tashkil etish bo‘yicha, menimcha, bizda hammasi joyida.

- Men klub egasi Baxtiyor Fozilovni nazarda tutgandim. Uning futbolga qiziqishi qanchalik? “Surxon” jamoasi aynan Samarqandda o‘ynayotgani jamoa rahbarlarining shu erdan ekanligi bilan bog‘liqmi?

- Maydonimizda rekonstruktsiya ishlari nihoyasiga etmaganligi uchun Samarqandda  o‘ynamoqdamiz. Keyingi yildan to‘liq o‘yinlarni Termizda o‘tkazamiz. Albatta, doim vaziyatdan xabardor bo‘lib turibmiz.

- Aytmoqchimanki, “Surxon” jamoasining asosan Samarqandda ekani Baxtiyor Fozilov bilan bog‘liq emasmi?

- PFL shunday chora ko‘rdi. Samarqandda o‘ynash yuzasidan ulardan so‘raganingiz ma’qul. Boshqa stadion ham yo‘q edi. Qaerda ham o‘ynar edik, hammasi band edi. Shuning uchun ham shunday qarorga kelingan.

- Jamoani 7-o‘rindaligi sizni qoniqtiryaptimi?

- Natija bo‘yicha ha. Kubok bahsida biroz omad kelmadi. Finalga chiqish imkoniyatimiz ham bor edi, ammo aytganimdek, biroz omad etishmadi.

- Superliga yakunlanishiga 2 tur qoldi. Natijalardan qanchalik qoniqyapsiz?

- Bizda tartibsiz o‘yinlar ham bo‘ldi. Shunday o‘yinlardan xulosa qilib bunday vaziyatdan chiqib keta oldik. Klubning maqsadi va o‘yini bor. Buning uchun yanada ko‘proq ishlash kerak.

- “Surxon” jamoasida moliyaviy muammolar borligi, maoshlar berilmayotgani haqida eshitgandik...

- Bizda oylik maoshlardan cho‘zilish muammosi yo‘q. Hammasi vaqtida. To‘g‘ri bitta oylik maoshimiz berilishi kerak. Lekin hammasi joyida.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!