
Foden: "Biz har doim Xolanga tayana olmaymiz"
"Manchester Siti"ning hujumkor yarim himoyachisi Fil Foden jamoadoshi Erling Xoland haqida gapirdi.
Norvegiyalik forvard Premer-liganing shanba kuni bo‘lib o‘tgan "Everton"ga qarshi bahsida (2:0) dubl qayd etib, jamoasiga g‘alaba keltirdi.
"O‘ylaymanki, u ikki emas, to‘rtta gol urishi kerak edi. Albatta, hazil qilyapman! Uning har qanday holatda diqqatni saqlab qolish qobiliyati ajoyib. Hatto o‘yin unga omadli kelmayotgan paytda ham u bitta imkoniyat bilan gol urishni biladi. Shu holatda u biz uchun juda katta foyda keltirmoqda. Men va boshqa hujumkor futbolchilar faolroq bo‘lishimiz, ko‘proq gol urishni boshlashimiz kerak — chunki biz doim Erlingning gollariga suyana olmaymiz. Buni yaxshi tushunamiz", — dedi Foden "City Report" nashriga.
Ma’lumot o‘rnida, Xoland Premer-liga to‘purarlar ro‘yxatida 8 ta o‘yinda 11 ta gol urib etakchilik qilmoqda.
Fikrlar