
Fu Ming boshqargan o‘yinlarda o‘zbek jamoalari qanday natijalar qayd etgan?
Xabaringiz bor, ertaga O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2022 saralash bosqichi doirasida Falastinga qarshi bahs olib boradi. Mazkur bahsni Fu Ming boshliq xitoylik hakamlar brigadasi boshqaradi. Unga kanotlarda hamyurtlari Huo Veiming hamda Vang Detsin yordam beradi.
Fu Ming shu vaqtga qadar o‘zbek jamoalari ishtirokidagi 6 ta uchrashuvda faoliyat olib borgan. Unda jamoalarimiz 3 ta g‘alaba, 2 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etgan.
36 yoshli referi OChL-2016 1-turi doirasida "Lokomotiv" - "Al Ahli" (BAA) bahsida ishlagan va o‘shanda "temiryo‘lchilar" 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritishgan.
Xuddi shu mavsum "Bunyodkor"ning "Al Ahli" (Saudiya Arabistoni)ga qarshi o‘yinida ham aynan xitoylik hakamlar faoliyat olib borishgan va "qaldirg‘ochlar" ham 2:0 hisobi bilan raqibdan ustun kelishgan.
O‘tgan yilning yanvar oyida Xitoy mezbonlik qilgan U-23 Osiyo chempionatining chorak final bosqichida Ravshan Haydarov boshqaruvidagi terma jamoamiz Yaponiyani 4:0 hisobida mag‘lub etishning uddasidan chiqqan. O‘sha uchrashuvda ham Fu Ming hakamlik qilganligin qayd etish joiz.
O‘tgan mavsum "Lokomotiv" safarda "Zob Ahan"ga 0:2 hisobida engilgan bahs, joriy yilgi mavsumda esa "Paxtakor" - "Al Sadd" (2:2) va "Lokomotiv" - "Al Ittihod" (1:1) uchrashuvlari ham aynan Fu Mingga ishonib topshirilgan edi.
Fikrlar