Gol urib, “Roma”ni keyingi bosqichga olib chiqqan Shomurodovning o‘yini qanday baholandi?

  • 31 yanvar, 08:05
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Roma” Evropa ligasidagi yurishini davom ettiradigan bo‘ldi. Klaudio Raneri shogirdlari “Olimpiko” stadionida kuchli raqib – “Ayntraxt” darvozasiga javobsiz ikkita gol urdi. Uchrashuvning kluminatsion nuqtasi 69-daqiqaga to‘g‘ri keldi. Ikki daqiqa avval zaxiradan maydonga tushgan Eldor Shomurodov gol urib, g‘oliblik masalasini hal qildi.

Italiya futboliga ixtisoslashgan siamolaroma.it sayti ekspertlari “Roma” futbolchilarining uchrashuvdagi harakatlarini quyidagicha baholadi.

Svilar  6,5:

Har bir bo‘limning boshida bir necha marotaba xavfli vaziyatlarda o‘zini ko‘rsatdi. “Ayntraxt” Svilar darvozasiga yo‘l topa olmadi.

Manchini 7:

Tajribali himoyachi o‘z pozitsyada mustahkam turdi va yakkakurashlarda raqiblariga imkoniyat qoldirmadi. Anjelinoning erkin o‘ynashiga qulay sharoit yaratib berdi.

Xummels  7:

Raqib to‘purari Ekitikega umuman imkoniyat bermadi. O‘tkir hujumchi “Roma” darvozasiga birorta ham zarba yo‘llay olmaganida nemis himoyachisining hissasi katta.

Ndika 6,5:

Ivuarlik himoyachi ham umumiy hisobda yaxshi o‘ynadi. Faqat ikki vaziyatda Teate va Larssonga etarlicha qarshilik ko‘rsata olmadi xolos.

Saelemakers 6:

Raqib qarshi hujumlarini to‘xtatib turdi. Ogohlantirish olgani bois, himoya paytida ehtiyotkor bo‘lishiga to‘g‘ri keldi. Hujumda ancha keskin o‘ynadi.

Kone 6,5:

Yakkakurashlarda ishonchli o‘ynadi, jamoa hujumlarini tashkil qilishda jonbozlik ko‘rsatdi, raqib hujumlarini buzib turdi.

Paredes 6,5:

Birinchi bo‘limda barcha driblinglari muvaffaqiyatli chiqdi va birorta xatoga yo‘l qo‘ymadi. Raneri uni ikkinchi bo‘limda zaxiraga olgani yoqmadi.

Pellegrini 6,5:

Asosiy e’tiborini himoyaga yordam berishga qaratdi. O‘yinning ikkinchi yarmida jamoaga katta yordami tegdi.

Anjelino 7,5:

Raneri qo‘l ostida “Roma”ning asosiy figurasiga aylandi. Bu futbolchi barqaror o‘ynab kelyapti. Gol urib, muxlislarga quvonch ulashdi.

Dibala 7:

Argentinalik jahon chempioni jamoa hujumlarini tashkil qilish bilan band bo‘ldi.

Dovbik 5,5:

Uchrashuv boshida qulay vaziyatni barbod qildi. Aynan ana shu vaziyat uning o‘yiniga salbiy ta’sir qildi. Samaradorligi ko‘ngildagidek bo‘lmadi va 67-daqiqada o‘rnini Eldor Shomurodovga bo‘shatib berdi.

Pizilli 6:       

Maydonga tushishi bilan natijani ushlab qolishga yordam berishga kirishdi.

Chelik 6:

Klaudio Raneri turkiyalik futbolchini himoyani mustahkamlash uchun o‘ynatdi va bunga erishdi.

Sule 6,5:

Zaxiradan o‘yinga qo‘shilishi bilan samara keltira boshladi. Eldor Shomurodov gol urgan vaziyatda juda ishonchli o‘ynab, assist muallifi bo‘ldi.

Shomurodov 7:

Udineda bo‘lgan avvalgi uchrashuvda bo‘lgani kabi bu hal g‘alabada muhim rol o‘ynadi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilayotgan Shomurodov jamoaga katta foyda keltirmoqda. Bu gal gol urib, g‘oliblik masalasini hal qilib berdi. Mavsumdagi uchinchi gol.

Kristante 6:

Bu uchrashuvda Kristante oldingi chiziqda yorqin o‘yin namoyish etmagan bo‘lsa-da, himoyani mustahkam ushlashda ishtirok etdi.

Raneri 7:

“Roma” kelganidan beri jamoaning Italiya chempionatidagi ishlarini o‘nglamoqda, Italiya kubogida chorak finalga chiqdi va Evropa Ligasining umumiy bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Jamoani boshqarishda mahorat ko‘rsatyapti.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Депутат Уктамович
31/01/2025 09:04
7 + куйиш керак