
"Gollivud" kinolaridagina uchraydigan qahramonlar real hayotda yo‘q deb o‘ylaysizmi? Unda bu maqolani o‘qing!
Bizda yosh chempionlar talaygina. Ammo professionallikka qadam qo‘yish vaqtida ularning ko‘pchiligi futboldan tashqari hayotni ko‘proq o‘ylab yuborgani uchun ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Biz ularni salohiyatini ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan noprofessionalligi uchun tanqid qilishga odatlanganmiz. Biroq hayot doim ham biz o‘ylagandek bir tekisda ketavermaydi.
22 yoshli Yann-Fite Arp 2000 yilda tug‘ilgan nemis iste’dodlaridan biri.
U yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida eng yaxshi to‘purar bo‘lgan, Bundesligada gol urgan birinchi "Z" avlod vakili, 17 yoshida "Chelsi" qiziqishi doirasiga tushgan. So‘nggi 2,5 yilni Arp "Bavariya" va ijara asosida boshqa jamoalarda o‘tkazdi. Yaqinda Fite "11Freunde" nomli nemis jurnaliga katta intervyu berdi. E’tiboringizga faoliyati tubsizlikka shung‘iyotgan germaniyalik yosh yulduz hikoyasini taqdim etamiz.
2017 yil Arpni super iqtidor deya aytishgan, u "Chelsi"ga o‘tishi mumkin edi, biroq transfer maktab imtihonlari sababli barbod bo‘lgan.
Fite Arp – "Gamburg" muxlisi.
Besh yoshida u "Imtex Arena"ning fan-klub sektorida futbol tomosha qilgan va shundan buyon "dinozavrlar"ga muxlislik qilib keladi. 10 yoshida esa, qahramonimiz "Gamburg" akademiyasiga qabul qilingan. Bolalik paytida uning o‘yin uslubi Xarri Keyn va Miroslav Klozeni eslatardi. Harakatchanligi va joyni to‘g‘ri tanlashi bilan yuqoridagi yulduzlarga qiyoslangan.
"Gamburg" U17 tarkibida Fite 45 o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 37 ta gol yozdirib qo‘ygan. Keyinchalik "Evro U17" turniri doirasidagi Bosniyaga qarshi bahsda eng tezkor xet-trik qayd etgan. 17 yoshlilar o‘rtasidagi jahon chempionatida 5 bor raqiblar darvozasini aniq nishonga olgan. Kolumbiyaga urgan goli esa, musobaqaning "Eng chiroyli goli" deya e’tirof etilgan.
Arp Germaniyaning barcha o‘smirlar terma jamoalarida sardorlik qilgan. Jamoadoshlari va murabbiylari unda etakchilik qobiliyati borligini ko‘p ta’kidlagan.
"Arp nafaqat maydonda, balki uning tashqarisida ham yaxshi xislatlarga ega edi. Yuksak aql-zakovati va maqsad sari intiluvchanligi uni tengdoshlaridan ajratib turardi. U bosimga hech qanday muammosiz dosh beradi va "Gamburg"ning asosiy tarkibiga qo‘shilib ketadi", - degandi Germaniya U17 bosh murabbiyi Kristian Vyuk.
2017 yilda Arp Germaniya U17 terma jamoasining eng yaxshi futbolchisi, deb tan olingan va "Frits Valter" medali bilan taqdirlangan. Undan avval, bu nomga Goretska, Verner va Gyottse sazovor bo‘lgandi.
Shu yilning yozida "Chelsi" futbolchi borasida "Gamburg"ga rasmiy taklif yuborgan. Ammo Fite yoshlik qilib, quyidagicha javob bergandi: "Hozir men faqat maktab imtihonlari va haydovchilik guvohnomasini olish haqida o‘ylayapman. Boshqa davlatga ko‘chib o‘tishga erta".
Qahramonimiz asosiy jamoada o‘ynamay turib, "Gamburg" yulduziga aylangandi.
Klub o‘sha yili yaxshi davrlarni boshdan kechirmadi – moliyaviy qiyinchiliklar, salbiy natijalar. Dastlabki 10 turda "dinozavrlar" 7 marta mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan. Fiteni maydonda ko‘rishni istagan muxlislar bosh murabbiy Markus Gizdolga "Qachon Arpga imkoniyat beriladi?", degan savol bilan tinimsiz murojaat qilgan. Murabbiy esa yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatidan keyin u hordiq olishi va U17 jamoasida tajriba orttirishi lozimligini aytgan. Ammo Markus ularning qarshiligiga ko‘p dosh bera olmadi va fikrini darhol o‘zgartirdi.
Hujumchi 2017 yilning sentyabr oyida yuqori divizionda debyut qiladi va oktyabrda "Gerta" darvozasini ishg‘ol etib, Bundesligada gol urgan 2000 yilda tug‘ilgan ilk futbolchiga aylanadi. O‘z maydonida kechgan keyingi o‘yinda u "Shtutgart" postiga yo‘l topib, muxlislar tomon otildi. Yigitcha yaqindagina farm-klubning oddiygina bir a’zosi edi.
Arpning gamburglik ishqibozlarga muhabbati cheksiz, o‘z navbatida, klub fanatlari unga "Uns Fiete" ("Bizning Fite") laqabini berishdi. Bu nom avval "Gamburg" safida 519 ta o‘yin o‘tkazgan jamoaning afsonaviy hujumchisi Uve Zeelerga tegishli hisoblanardi. Qahramonimizning debyut o‘yinidan keyin Uve quyidagicha fikr bildirgan: "Bu yigit aqlbovar qilmas darajada. Umid qilaman, murabbiylar shtabi uning rivojlanishiga yordam berishda davom etadi".
Arp butun faoliyatini "Gamburg"da o‘tkazishni xohlagan. Ammo moliyaviy qiyinchiliklar sababli uni "Bavariya"ga sotib yuborishgan.
Hikoya erta yakunlandi. U tushkun "Gamburg"ning eng yorqin futbolchisi sifatida tarixda qoldi. 2017/18 yilgi mavsum yakuniga ko‘ra, jamoa Bundesligani tark etdi. Fite boshqa gol urmadi, ammo "dinozavrlar"ning muxlislar tanqidiga uchramagan yagona futbolchi edi.
Yozda forvardni bir nechta nemis klublari o‘z safiga qo‘shib olishni istagan. "Bild" nashri "Bavariya" futbolchini xarid qilib, Nagelsmanning "Xoffenxaym"iga ijaraga berishga tayyor ekanligi haqida yozgandi. Ammo Fite jamoada qolib, "Gamburg"ni Bundesligaga qaytarishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygandi.
Intervyularning birida u Xarri Keynning "Tottenxem"ga qanchalik sodiqligi va o‘zi ham butun faoliyatini "Gamburg"da o‘tkazishga tayyorligini aytgan. Ammo klubga foyda keltirish uchun jamoani tark etishga majburligini tushuntirgan.
Fite sevimli klubi bilan bunchalik tez xayrlashishni kutmagandi. 2019 yil fevral oyida "Gamburg" hujumchini "Bavariya"ga 4 million evroga transfer qildi.
"Men jamoani tark etishni xohlamadim, biroq "Bavariya" bunga majbur qildi. Klubda vaziyat yomonlashayotgandi, murabbiy meni asosiy tarkibga kiritmay qo‘ydi. Rahbariyat bu transfer moliyaviy qiyinchiliklarni bartaraf etishiga sha’ma qildi. "Gamburg" uchun myunxenliklar taklifini rad etardim, ammo ular mening fikrlarimni inobatga olmayotganini tushunib etdim", - degandi futbolchi. Bundan ko‘rinib turibdi-ki, Arp ushbu transfer orqali ham jamoaga sodiqligini isbotlagan.
"Bavariya"dagi faoliyat – falokat. 5 million evro maosh, uch mavsumda bittagina o‘yin.
Myunxen klubida barchasi ajoyib boshlandi. Yuqori maosh, asosiy tarkib bilan mashg‘ulotlar, murabbiy (o‘shanda "qizillar"ni Niko Kovach boshqarardi) maqtovi: "Ishonaman, kelajakda Fite Germaniya terma jamoasida o‘ynaydi".
Oradan uch yil o‘tdi, Arp "Bavariya" asosiy tarkibida shu qadar kam maydonga tushdi-ki, hatto Shomurodov "Roma" safida undan ko‘proq boshlang‘ich tarkibda o‘yinga tashlandi.
• 2019/20 yilgi mavsumni Fite asosiy tarkib bilan boshladi. "Tottenxem"ga qarshi mavsumoldi o‘rtoqlik uchrashuvida gol urishga ham muvaffaq bo‘lgan, biroq keyinchalik ketma-ket 3 ta jarohat sababli, yarim mavsumni o‘tkazib yubordi. Bu vaqt ichida Kovach o‘rnini Xans-Diter Flik egalladi. Shundan keyin Arpni asosiy jamoada ko‘rishmadi. U yilni "Bavariya-2" safida 3-ligada tugatib qo‘ydi.
• 2020/21 yilgi mavsum oldidan Fiteni nihoyat "Bavariya-2"ga o‘tkazishdi. Bu murabbiylar shtabining intizomiy qarori ekanligi haqida yozishdi, lekin futbolchi bunga quyidagi tushuntirish berdi: "Buni men o‘zim so‘radim. Ikkinchi jamoada o‘ynashdan tashvishlanmadim, men bu mavsumni kelgusi yillarda faoliyatimda tramplin vazifasini bajarishi uchun "qurbon qilmoqchi" edim".
Qahramonimiz birinchi marta bu kabi past saviyadagi chempionatda harakat qildi va kutilmaganda, muvaffaqiyatsizlikka uchradi: 30 ta o‘yin 5 ta gol!
Uning jamoasi esa to‘rtinchi ligaga tushib ketdi.
• 2021 yil yozda Arp ijara asosida Bundesliga quyi divizioni vakili "Xolshtayn Kil"ga ko‘chib o‘tdi. Bu kelishuv amalga oshishi uchun myunxenliklar hujumchi maoshining asosiy qismini to‘lashga rozi bo‘ldi. Uning o‘zi ham bu darajaga loyiq ekanligini tan olgan:
"O‘tgan mavsumdan keyin men o‘zimni "Meppen" (3-divizion autsayderi) tarkibida ko‘rgandim, "Xolshtayn" esa so‘nggi muammolarimdan keyin omadli chiptadek ko‘rindi".
Uch yil ichida Arp "Bavariya" safida bor-yo‘g‘i 13 daqiqa harakat qilgan. U 2020 yil oktyabr oyida Germaniya Kubogi doirasidagi "Dyuren"ga qarshi bahsda maydonga tushgan. Fite Levandovskidan asosiy tarkibdagi o‘rnini olib qo‘yishini hech kim kutmagandi, biroq umidlar umuman o‘zini oqlamadi.
Arpning debyutiga besh yil to‘ldi. "Shtutgart" va "Verder"ga urilgan gollar Bundesligada yagonaligicha qoldi. Bu omadsizliklarni jarohatlar bilan izohlash mumkin – uch mavsumda hujumchi 120 kunni lazaretda o‘tkazdi. Ammo haqiqiy sabab bu emas!
Muammo uning ruhiy holatida. Fite juda ko‘p muvaffaqiyatsizliklarni boshdan kechirdi va qanday qilib g‘alabalardan xursand bo‘lish kerakligini unutib qo‘ydi. Bu vaqt davomida u tezligi, texnikasi va gol urish instinktini yo‘qotmadi. Ammo ruhiy holati avvalgi darajasiga chiqishiga to‘sqinlik qilaverdi.
Futbolchi birinchi marta "Bavariya"dagi ilk his-tuyg‘ulari haqida gapirdi.
"Erta kelgan shon-shuhrat ko‘pchilikning boshini gangitib qo‘yadi. Ammo men bilan bunday bo‘lmadi. Har safar gazetada mening buyuk futbolchi ekanligimni yozishganida, jahlim chiqardi va o‘zimga o‘zim "Yo‘q, yo‘q, sen bunday emassan" derdim. Bu fikr miyamda aylanaverardi va kichik zavqlarni qabul qilmay qo‘ydim. Hamma narsaga qandaydir past nazar bilan qarardim, qul bo‘lib qolgandim. Tanqid menga ta’sir qilmasdi va o‘z o‘rnida muvaffaqiyatdan ham xursand bo‘lolmasdim. Bu esa menga to‘g‘ri kelmaydi – futboldagi his-tuyg‘ular juda muhim".
2021 yil Fite "11Freunde" nashriga intervyu berdi. Quyida ushbu suhbatdagi eng muhim qismlarni taqdim etamiz.
• Yo‘qotilgan yoshlik haqida: "Men hayotim davomida biror marta o‘yin-kulgiga berilmaganman. Bitiruv kechasidan ham 23:30 da ketib yuborgandim, sababi, ertasi kuni "Dyusseldorf" bilan o‘yinimiz bor edi. 16 yoshingizda professional bo‘lsangiz, shunday qilishga majbursiz.
Maktabda shunchaki o‘rta sinfning eng yaxshi futbolchi bo‘lishni to‘xtatdim. Menga "Gamburg" a’zosi sifatida qarashardi. Oshxonada beshinchi sinf o‘quvchilari men bilan suratga tushmoqchi bo‘lganida, asabiylashardim. Agar ularning kayfiyati yomon bo‘lsa, ular uchun takabbur ko‘rinardim. Ustozlarim mening holatim va Bundesligadan tushib ketganimiz haqida so‘rashardi. Ba’zan bundan charchab ketardim. Avvallari hayotimda futbol va maktab bo‘lgan. Keyin esa faqat futbol qoldi".
• Bundesligadan tushib ketgandagi holati haqida: "Bu menga ikki barobar ta’sir qildi - muxlis va futbolchi sifatida. Ikki kun uydan chiqmadim, yopinchiq ostida yotardim. Keyin hammasiga qo‘l siltab, Kanadaga chipta xarid qildim.
U erga etib borgach, o‘rmondagi uyga joylashdim. U erni aylandim, daraxtlarni tomosha qildim va nimalar bo‘lganligini o‘ylab chiqdim. Tushunib etdim-ki, men etarlicha gol urmaganman".
• O‘ziga bo‘lgan ishonchsizlik va yolg‘izlik haqida: "Faoliyatim shunday ko‘rinishda: 4 mavsum, 2 bor quyi ligaga tushib ketish, bitta chempionlik va 1 yil o‘yin amaliyotisiz qolish. Nima bo‘ldi? Nega boshqa hujumchilar kabi yiliga 10-12 ta gol urib, asosiy tarkib futbolchisi bo‘la olmayapman?
"Ko‘ryapsizmi, ko‘p pul bilan ham o‘zingizni yolg‘iz his qilishingiz mumkin. Ammo bu haqda gapira olmaysiz. Agar ahvolim yomonligi, kechasi uxlay olmasligim yoki boshqa bir muammo haqida gapiradigan bo‘lsam, darrov odamlar "Yaxshi, yaxshi, lekin u ko‘p pul topadi", deyishadi".
• Faoliyatidagi eng omadsiz o‘yin haqida: "Frayburg"ga qarshi uchrashuvni yaxshi eslayman. Qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushdim. Personal raqibim Chaglar Suyunju edi. U meni shunchaki "eb qo‘ydi" va ahmoq yigitga chiqdim. U bor-yo‘g‘i 21 yoshda, lekin har jabhada mendan ustun keldi. Keyingi haftalardan zaxirada qolishni boshladim. Oyoqlarim zanjirlangandek tuyulardi".
O‘tgan mavsumni Fite Germaniya shimolidagi "Xolshtayn Kil" klubi safida o‘tkazdi. U erda ruhiy tomonlama osonroq bo‘lishini umid qilgandi. Aftidan, bunday bo‘lmadi: 25 ta o‘yin 3 ta gol.
Arp top-klublar va yuqori maosh ketidan quvmadi. E’tibordan qochdi, o‘zini tanqid qildi. Ammo avvalgi darajasiga chiqa olmayapti.
Buning bariga moliyaviy ahvolini yaxshilash uchun yosh futbolchini katta klubga sotgan "Gamburg" rahbariyati aybdor. Bunday voqealar katta futbolda uchrab turadi. Ayrim jamoalar moliyaviy qiyinchilikdan chiqish uchun akademiyadagi sadoqatli yosh yigitlarni pullaydi. Oddiy misol Jasur Jaloliddinov! "Bunyodkor" uning transferidan pul qilgani qoldi, xolos. Jasurning esa Rossiyadagi sarguzashtlari hech kimga sir emas.
Jaloliddin Qobiljonov tayyorlardi.
Fikrlar