Hakim Fuzaylov: "O‘tgan yili ham nazorat bahslarida shu raqiblarga yutqazgandik va yakunda "Dinamo" bilan Superligaga chiqqanmiz"

  • 7 fevral, 2022, 06:37
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Mavsumga tayyorgalik ko‘rayotgan “Buxoro” klubi kecha o‘z maydonida nazorat bahsida “Sho‘rtan”ga mag‘lubiyatga uchradi. Shundan keyin buxoroliklar ustozi Hakim Fuzaylov mazkur o‘yin va keyingi rejalar haqida gapirdi.

Tecno

- Qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsam, biz o‘z ishimizni davom ettiryapmiz. 3 yanvardan boshlangan, salkam bir oydan oshiq davom etayotgan yig‘inimizning asosiy pallasiga etib kelyapmiz, hozir ekvator chizig‘idamiz. Toshkentdagi yig‘indan hozirgi yig‘inning farqi shuki, futbolchilarga ko‘plab yuklamalar beryapmiz, ular og‘irlikni his qilishyapti. To‘g‘risini aytsam, o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi natijalar meni unchalik xavotirga solmaydi. Ha, yutqazdik. Umuman olganda, yuklamalardan so‘ng, futbolchilarimning o‘yinni olib borishi meni qoniqtiryapti, yomon emas, hozirgi vaqt uchun. Solishtirish uchun aytaman, men o‘tgan yili “Dinamo” bosh murabbiyi bo‘lgan vaqtimda ham xuddi shu jamoalar bilan mavsumoldi uchrashuvlar o‘tkazgandik. O‘shanda Muborakda o‘z darvozamidan 3 ta to‘p o‘tkazib yuborganmiz, vaholanki, o‘sha uchrashuvda hatto 6 ta to‘p o‘tkazib yuborishimiz ham mumkin edi. Samarqandda ham “Sho‘rtan”ga 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchraganmiz.

fuzaylov2_1

- Keyin esa nimalar bo‘lganidan yaxshi xabardorsiz. “Dinamo” bilan mavsum tugashiga 4 tur qolganida Superliga yo‘llanmasini naqd qilgandik. Bu bilan nima demoqchiman? Bizda hammasi joyida, ishlar reja bo‘yicha ketyapti. To‘g‘ri, hatto nazorat uchrashuvlarida ham mag‘lubiyatga uchrash yoqimsiz holat, ko‘ngilni xira qiladi. Ammo bundan xulosa chiqarib, yana maqsad sari jamoani xotirjamlik bilan Superligaga chiqarish uchun tayyorlab boramiz.

- Endi og‘ir yuklamalardan so‘ng futbolchilarga 2 kunlik dam beramiz, ular 1 oy davomida 9 ta uchrashuv o‘tkazishdi. 9 fevraldan yana Toshkent shahrida yig‘ilamiz. U erda ham ko‘plab nazorat o‘yinlari o‘tkazish rejamizda bor. 12 fevralda “Qo‘qon-1912”, 15 fevralda esa “Surxon” jamoasi bilan hamda 18 fevral kuni “Paxtakor” o‘rinbosarlariga qarshi o‘yin o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishganmiz. 21 yoki 22 fevralda ham albatta raqib topishga harakat qilamiz. Shundan so‘ng, Buxoroga qaytamiz”, - deya fikrini yakunladi, Hakim Qayumovich.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!