Husanov, raqobatching charchadi!

  • 11 oktabr, 10:05
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov “Manchester Siti” futbolchi hisoblangani bois sports.uz portali ushbu klubga oid ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qilishni davom ettiradi.

Tecno

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola oxirgi ikkita transfer oynasi davomida tarkibni tubdan yangilaganiga qaramay, jamoada ayrim muammolar hamon davom etmoqda.

Eng katta muammo o‘ng qanot himoyasi ekani mavsum boshidayoq ma’lum bo‘ldi. Bu pozitsiyani Xosep Gvardiolani qoniqtiradigan darajada yopa oladigan o‘yinchi Abduqodir Husanov bo‘lib turibdi. Biroq 21 yoshli legionerimiz aslida markaziy himoyachi hisoblanadi.

Endi eng ko‘p o‘yinchi jamlangan himoya markazida ham muammolar kelib chiqa boshladi. Bu joyda o‘ynash uchun asosan Ruben Diash, Yoshko Gvardiol, Jon Stounz va Abduqodir Husanov da’vogar. Ular orasida Abduqodir markazdan ko‘ra o‘ng tomonda o‘ynashiga ehtiyoj ko‘proq.

Jon Stounz yoshi o‘tib qolgan va xuddi o‘tgan mavsumdagidek jarohatlarga moyilligi kuzatilmoqda va tiklanish jarayoni ko‘p vaqt olyapti.

Endi Yoshko Gvardiol ham shiddatli bahslarga to‘liq tayyor emasligini tan oldi. Xorvatiyalik himoyachi jarohatini davolatib safga qaytgan bo‘lsa-da, qiynalayotganini ma’lum qildi.

- Men tizzamdagi jarohat tufayli uzoq vaqt o‘ynay olmadim. Hozir hammasi joyida va salomatligim nazorat ostida. Shunga qaramay, keyingi paytda kuchli charchoqni his qilyapman. Buning sababi mavsum oldi tayyorgarligini talab darajasida o‘tay olmaganim bilan bog‘liq.

O‘yinlar juda ko‘p, toliqib qolayotgan bo‘lsamda, jamoaga qo‘ldan kelgunicha yordam berishga harakat qilyapman, - dedi 23 yoshli himoyachi.

Yoshko Gvardiolning markaziy o‘rnini Abduqodir Husanov yopa oladi. Biroq uning asosiy vazifasi o‘ng qanot himoyasida o‘ynash ekani aytilmoqda. Gvardiolning o‘zi ham o‘zbek himoyachisi singari universal. Yoshko himoya markazidan tashqari chap qanotni mustahkam ushlashi mumkin.

“Manchester Siti” bir o‘yinchidan voz kechadi

Xosep Gvardiola jamoasida o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan tayanch yarim himoyachisi Kelvin Fillips qishki transferlar oynasi ochilishi bilan boshqa klubga o‘tishi kutilmoqda.

Jarohatini davolatib, tiklanish jarayonini o‘tayotgan 29 yoshli futbolchi asosiy tarkibga kirishi uchun “Oltin to‘p” sohibi Rodri va yanvarda kelgan Niko Gonsales bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi. Gvardiola ko‘proq ispan futbolchilariga ishonch bildiryapti.

Kelvin Fillips esa, “Everton”ga o‘tishi mumkin. Bu klub angliyalik yarim himoyasiga jiddiy qiziqish bildirayotgani haqida  Football Insider nashri xabar tarqatdi.

“Everton” Kelvinni mavsum oxiriga qadar ijaraga olmoqchi. “Manchester Siti” rahbariyati yarim himoyachi Gvardiola ishonchini qozona olmagani uchun uni qo‘yib yuborishga tayyor.

Kelvin Fillipsning manchesterliklar bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning 30 iyunigacha davom etadi. Transfermarkt portali ekspertlari tajribali yarim himoyachini 12 million evroga baholamoqda.

Xolandga tan berganman!

Angliya Premer-ligasi to‘purarlar poygasida “Manchester Siti” hujumchisi Erling Xolandni ta’qib qilayotgan “Bornmut” futbolchisi Antuan Semeno raqobatchisining zo‘rligini tan oldi.

- Xoland – birinchi raqamli to‘purar. Uning urayotgan gollarini ko‘rib, “Bunaqasi hayotda bo‘lmasa kerak”, degan xayolga boradi odam. Bo‘y-basti, qaddi-qomatini aytmaysizmi?!

Bo‘yi baland, jismonan baquvvat, harakati tezkor va gol urishni biladi. Erling hujumchiga kerakli xususiyatlarning barchasini o‘zida mujassam etgan, - dedi Antuan Semeno.

APLning joriy mavsumida norvegiyalik hujumchi o‘z hisobiga to‘qqizta gol yozdirib qo‘ydi. 25 yoshli Xoland Premer-liganing sentyabr oyidagi eng zo‘r futbolchisi, deb topildi. Semeno esa, chempionat boshlanganidan beri raqiblar darvozasini olti marotaba ishg‘ol qilgan.

“Real”dan “dahshatli” transfer: Xolandni olamiz!

“Manchester Siti”ning Husanov bo‘yicha yakuniy qarori ma’lum bo‘ldi

Husanov mashhur futbolchining mundialga yo‘lini to‘sib qo‘ydi

Husanov “dahshatli” qurol, murabbiy uni kutyapti!

ChatGPT Husanov gol urgan jamoaga manchesterlik futbolchini joyladi

O‘zbekistonda mundialni “yondiradigan” uchta futbolchi bor!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!