
Husanov atrofida katta o‘zgarishlar bo‘ldi!
Abduqodir Husanov uchun Frantsiyadagi ikkinchi mavsum muhim ahamiyat kasb etadi. O‘tgan chempionatda asosan o‘rinbosar vazifasini bajargan 20 yoshli futbolchimiz bu gal asosiy tarkibga kirish uchun kurashadi.
Hozircha boshlanishi yomon emas. Legionerimizning himoya chizig‘i etakchisi sifatida maydonga tushgan uchrashuvlardagi o‘yini mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
“Lans” oldiga jiddiy vazifa qo‘yilgan. Jamoa Chempionlar ligasiga yo‘llanma beradigan yuqori o‘rinlar uchun kurashishi talab etiladi. Bu maqsadga erishish uchun jamoaga yangi bosh murabbiy etib Uill Still tayyorlandi.
Yozgi transferlar vaqtida bu mutaxassisga jamoa tarkibini o‘ziga moslashtirish vakolati berildi. “Lans”da oxirgi uch oy davomida katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Hozir shu haqida.
“Lans” moliyaviy baquvvat klublar sirasiga kirmaydi. Shu bois yozda kelganlardan ketganlar ko‘p bo‘ldi. Asosiy e’tibor o‘yinchilarni qimmatroq sotib, yangi ijrochilarni arzonroq olish, katta maosh olayotgan futbolchilardan qutilishga qaratildi. Biroq har doim ham reja amalga oshmadi.
Ikki katta transfer barbod bo‘ldi. Nil El-Aynauning “Monako”ga o‘tishi g‘aznaga 14 million evro daromad keltirilishi kerak edi. 2021 yili “Augsburg”dan besh million evroga xarid qilingan Kevin Dansoning “Roma” belgilagan tibbiy ko‘rikdan o‘tolmay ortga qaytgani 25 million evrolik transferni barbod qildi.
“Lans”dan ketganlar:
Lansliklarning eng yirik chiqish transferi Ele Vaxi bo‘ldi. “Marsel” hujumchi uchun 25 million evro tladi. Biroq bu o‘yinchi “Lans”ga 30 million evroga tushgan edi va savdo foyda keltirdi, deb bo‘lmaydi.
Jamoa sotuvga qo‘ygan futbolchilardan Adam Buksa “Midtyulland”ga (Daniya) 4 million, Ayanda Sushiba “Verona”ga (Italiya) 2,5 million, Julen Le Kardinal “Brest”ga (Frantsiya) 1,7 million, Lukash Poreba “Gamburg”ga (Germaniya) 750 million evroga sotib yuborildi.
Morgan Gilavogi “Sankt-Pauli”ga (Germaniya) Salis Abdul Samed “Sanderlend”ga (Angliya), Yannik Pandor “Bulon”ga (Frantsiya), Antoni Bermon “Ansi”ga (Frantsiya) ijaraga berildi.
Steyn Spirings, Massadio Haydara, Ibrohim Balde, Mamadu Kamara erkin agent sifatida “Lans”ni tark etdi.
“Lans”ga kelganlar:
Uill Still yo‘qotishlar o‘rnini bir necha yangi o‘yinchilar evaziga qopladi. Eng qimmat xrid “Byornli”dan olingan chap qanot hujumchisi Anas Zaruriy bo‘ldi. Bu o‘yinchi uchun lansliklar 9 million evro to‘ladi.
Jamoa o‘tgan yili ijara asosida o‘ynagan Joanner Chavesni Braziliyaning “Baiya” klubidan 4,5 million evroga to‘liq transfer qildi.
“Lans”ga darvozabon Xerve Koffi 2,5 million, tayanch yarim himoyachisi Xamzat Ojediran 1,5 million, markaziy himoyachi Sidi Beyn 250 ming evroga tushdi. Markaziy hujumchi Martin Satrianoning ijarasi uchun “Inter”ga bir million evro to‘lanishi kelishildi. Tajribali forvard Mbala Nzola “Fiorentina”dan ijaraga olindi.
Erkin agent sifatida “Chelsi” vakili Malang Sarr va “Nant” darvozaboni Denis Petrich “lans”ga bepul qo‘shildi.
Bugungi kunda Uill Still ixtiyorida 29 nafar futbolchi bor. Ekspertlar “Lans” Evrokuboklarni erta tark etganini inobatga olib, ichki musobaqalar – Liga 1 va Frantsiya kubogida jamoa tarkibi yuqori o‘rinlar uchun kurashishga qodir, degan xulosani bermoqda.
Abduqodir Husanov yangi mavsumda “Lans”ning barcha uchrashuvlarida ishtirok etib kelmoqda. 20 yoshli markaziy himoyachi hozirgacha Frantsiya chempionatining uchala turida, Konferentsiyalar ligasining ikkita o‘yinida maydonga tushdi.
“Lans” Liga 1 doirasidagi navbatdagi uchrashuvini FIFA kunlari yakunlanganidan keyin o‘tkazadi. Lansliklar 15 sentyabrda “Lion”ni qabul qiladi.
FIFA kunlari musobaqati bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasiga chaqirtirilgan Abduqodir Husanov kichik jarohat tufayli Frantsiyaga qaytarib yuborildi. Terma jamoamiz murabbiylar shtabi yosh himoyachining salomatligini o‘ylagan holda uni KXDRga qarshi uchrashuvda maydonga tushirmadi. Qolaversa, 10 sentyabrda safarda Qirg‘iziston bilan bo‘ladigan o‘yinda ham Husanovdan foydalanmaslikka qaror qilindi.
Mashhur yulduzning peshonasiga o‘zbeklar bilan o‘ynash yozilgan ekan...
Shomurodovga Evropada yana imkoniyat berishga qaror qilishdi!
Shomurodovning davri keldi. “Roma” Eldorga suyanadigan bo‘lyapti!
Fikrlar