Mashhur yulduzning peshonasiga o‘zbeklar bilan o‘ynash yozilgan ekan...

  • 5 sentabr, 2024, 23:09
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Evropa futbolida transfer bozori rasman yopilganiga qaramay, hali transfer oynasi ochiq ligalarga futbolchi jo‘natish amaliyoti davom ettirilmoqda.

Tecno

Xususan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov o‘ynayotgan “Roma” ham ortiqcha o‘yinchilardan qutilish maqsadida bir necha chiqish transferlarini uddaladi.

Ketganlar orasida yulduzli davrlarini “Manchester Yunayted”da o‘tkazib, 2019 yildan beri “Roma” sharafini himoya qilib kelgan taniqli markaziy himoyachi Kris Smolling  ham bor.

Rim klubida Eldor Shomurodov bilan birga o‘ynagan angliyalik yulduz “Roma”ni Daniele De Rossi qabul qilib olganidan keyin asosiy tarkibdagi joyini yo‘qotdi.

Bir necha yil Rim klubi himoya chizig‘ini boshqarib kelgan 34 yoshli Smolling endi Evropa futbolini tark etishiga to‘g‘ri keldi.

“Roma” rasmiy saytining ma’lum qilishicha, angliyalik charm to‘p ustasi faoliyatini Saudiya Arabistoni chempionatida davom ettiradi.

“Al-Feyha” klubi mashhur o‘yinchini to‘liq transfer qildi. Hozircha, bu transfer qanchaga tushgani haqida ma’lumot chiqarilgan yo‘q.

Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.world arablar Kris bilan 2026 yilning yarmigacha davom etadigan shartnoma tuzgani qayd etilgan.

Smolling “Roma”dagi besh yillik faoliyati davomida jami 155 ta uchrashuvda ishtirok etib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari, raqiblar darvozasini 10 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga to‘rtta golli pas uzatgan.

Himoyachi Rim klubida faqat bir sovrin – UEFA Konferentsiyalar ligasi kubogiga sazovor bo‘ldi.

Aslida Daniele De Rossi boshchiligidagi murabbiylar shtabi yozda klubni tark etadigan o‘yinchilar ro‘yxatiga Eldor Shomurodovni ham kiritgan edi. Biroq legionerimizning mashg‘ulotlardagi faol harakati, “Empoli”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdagi o‘yini va urgan goli bosh murabbiy fikrini o‘zgartirib, hamyurtimizga Italiya poytaxtida qolish imkonini berdi.

Kris Smolling esa, yangi jamoasida O‘zbekiston terma jamoasining boshqa vakili Otabek Shukurov bilan to‘p tepadigan bo‘ldi.

Turkiya Superligasida “Fotih Karagyumryuk” va “Kayserispor” jamoalari sharafini himoya qilgan Otabek Shukurov yangi mavsumda jamoasini o‘zgartirishga qaror qildi. “Kayserispor”da etarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan hamyurtimiz klubni tark etishni ma’qul ko‘rdi.

“Al-Feyha” o‘zbek yarim himoyachisini transfer qilish uchun turk klubiga 400 ming evro miqdorida badal puli to‘ladi.

Ta’kidlash joizki, arab futboli 28 yoshli legionerimiz uchun begona emas. Otabek Turkiyaga yo‘l olgunga qadar to‘rt yili boshqa arab mamlakati – Birlashgan Arab Amirliklari chempionatida “Sharja” klubida to‘p tepgan.

Uning yangi jamoasi “Al-Feyha” Saudiya Arabistoni professional ligasi autsayderi hisoblanadi. Endi Otabek Shukurov nomdor hamkasbi Kris Smolling bilan hamkorlikda jamoani musobaqa jadvalida yuqori ko‘tarishga harakat qiladi.

 

“Roma” Shomurodov va yana 18 nafar futbolchini kuzatib qo‘ydi!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Адхамжон Низомов
03/09/2024 11:32
2 йилда 28 миллион ишлаб олади.