
Islom Qobilov nega Janubiy Koreyaga ketmadi? "Lokomotiv"ga o‘tishdan maqsad chempionlikmi? Yoxud Maxaradze bilan tortishuv haqida
Yurtimizdagi iste’dodli futbolchilardan biri – Islom Qobilov haqida ko‘pchilik iliq fikrlar bildiradi. U shu kungacha turli terma jamoalarimizda to‘p surdi. Mana, endi milliy termamizda ham bemalol o‘z o‘rniga ega bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritmoqda.
Bir necha yil davomida “Bunyodkor” sharafini himoya qilgan Qobilov bu yildan “Lokomotiv” tarkibida o‘ynaydi. Vaholanki, uni legioner sifatida xorijda to‘p surishi ham kutilgandi. Futbolchi dastlab, “Lokomotiv”ga o‘tgani xususida sports.uz muxbiriga shunday dedi:
- O‘tgan yilgi mavsum tugaganidan so‘ng, dekabr oyida “Lokomotiv” jamoasi qiziqish bildirdi. Tarkibni kuchaytirishmoqchiligi va klub oldiga chempionlik vazifasi qo‘yilganini aytdilar. Ularga esa, mening oldimda xorijdan variantlar bor, agar ketishim aniq bo‘lib qolsa, qo‘yib yuborasizlar, deya aytdim. Yanvar oyining boshlarida Janubiy Koreya chempionati uchun variantim bor edi. Ammo nimadir bo‘lib, bu amalga oshmay qoldi. Keyin o‘ylab o‘tirmasdan, “Lokomotiv”da qolishga qaror qildim. Bosh murabbiy Mikael Sekeyra bilan gaplashdim. U meni jamoaga kerakligimni aytdi. Portugaliyalik mutaxassis O‘zbekistonga kelishidan avval, hammamizni o‘yinimizni ko‘rib chiqqan. Murabbiy bilan ilk bor uchrashganimizdayoq yuzimga qarab, “Ooo, Qobilov” deya tanidi. Masalan, hozir “Lokomotiv”da qaysi futbolchilar bo‘lsa, barchamizning kamida oxirgi 5-6 ta o‘yinimizni ko‘rib chiqqan. Meni, Sanjar Qodirqulov, Javohir Siddiqov, Xurshid Muxtorov, umuman barcha futbolchilarni o‘rganib chiqqan. Murabbiy bu erga yaxshilab tayyorgarlik ko‘rib kelgan ekan.
Shunday qilib, Islom Qobilovning yangi klubidagi faoliyati boshlandi. U bor e’tiborini “Lokomotiv”ga qaratgan. Shu bilan birga iqtidorli himoyachi ilk bor portugaliyalik Sekeyra bilan birga ishlamoqda. Shu sababdan, Islom yangi klubi va bosh murabbiy xususida quyidagilarni aytdi:
- Men uchun bu klubni begona deya olmayman. “Lokomotiv”dagi barcha futbolchilar tanish, terma jamoalarda ham birga o‘ynaymiz. Klubdagi etakchilar bilan oldindan tanish edim. Shuning uchun meni barchasi yaxshi kutib olishdi. Jamoada barchasi juda ahil va inoq. “Lokomotiv”da barcha ishlar faqat professional darajada yo‘lga qo‘yilgan. Bosh murabbiy to‘g‘risida, uning saviyasi haqida gapirsam noto‘g‘ri bo‘ladi. Chempionat oxirida hammasi bilinadi. Sekeyra haqida shuni aytmoqchimanki, u kelishidan oldin “Lokomotiv”ning o‘yinlarini ko‘rib, o‘ziga qaysi futbolchilar kerakligini bilib, shunga qarab, qanday taktika bo‘yicha o‘ynashimizni aniqlashtirib kelgan. Mana shundan ham uning maqsadi jiddiyligini bilsangiz bo‘ladi. Mashg‘ulotlarda ham ko‘p ta’kidlab o‘tadi, men bu erga oilamni tashlab, shunchaki sayr qilgani kelmaganman. Bu erga faqat natija ko‘rsatish uchun kelgani haqida ko‘p ta’kidlaydi. Tartib-intizomni ham yo‘lga qo‘ydi. Xorijdagi yig‘inimiz davomida turli taktikalar ustida ham ishladik.
Yana bir gap: o‘tgan yili “Lokomotiv” hamda “Bunyodkor” o‘rtasidagi bahsda futbolchilar o‘rtasida tortishuvli vaziyat yuzaga kelgani yodimizda. O‘shanda Qobilov “Bunyodkor” safida to‘p surgan holda raqib tarkibida Kaxi Maxaradze va Marat Bikmaev bilan o‘rtada nizo kelib chiqqandi. Endilikda “Loko” a’zosiga aylangan sobiq “bunyodkor”chi o‘sha holatni ham eslab, shunday dedi:
- “Loko”ga kelganimdan keyin o‘sha “Bunyodkor” bilan bahsdagi tortishuv eslanmadi. Buning sababi bor. To‘g‘ri, o‘shanda o‘yin paytida tortishib ketgandik, ammo har qanday bahs-munozaralar o‘yindan keyin esdan chiqadi. Uchrashuv chog‘ida Kaxi Maxaradzedan tashqari Marat Bikmaevga ham qattiq ohangda gapirib yuborgandim. O‘yin tugaganidan so‘ng, Marat akadan uzr so‘raganman. Maxaradzeni esa topa olmagandim. Keyin oradan bir-ikki kun o‘tgach, Kaxiga qo‘ng‘iroq qilib gaplashib olganmiz, undan ham uzr so‘raganman. Shundan so‘ng, bu mavzu yopilgan. Mana, hozir “Lokomotiv”daman, munosabatlarimiz zo‘r, hamma bilan.
Islom milliy terma jamoamiz bilan Dubaydagi yig‘inda ishtirok etib qaytdi. Fursatdan foydalangan holda undan safar haqida ham so‘radik.
- Terma jamoadagi bunday yig‘inlarning murabbiy uchun foydasi bor. Bilasiz, Vadim Abramovni ham futbolga o‘z qarashi bor. Shuning uchun doim o‘zining qarashlariga mos tushadigan futbolchilarni chaqiradi. Buning uchun avvalo har qanday o‘yinchiga nimani bajarish kerakligini o‘rgatadi, agar shuni qila olsa, keyin termada olib qoladi. Vadim Karlenovich futbolchilarga rosa tushuntiradi. Bunday yig‘inlar muhim o‘yinlar oldidan sinov tariqasida o‘tdi. Endi Dubaydagi o‘rtoqlik uchrashuvlariga kelsak, “Zenit”ga qarshi yopiq o‘yin bo‘ldi. Bu kuchli klubligini hamma biladi, ularning saviyasi terma jamoamiznikidan baland. Lekin gap unda emas, shunchaki 4:0 yirik hisob bo‘lib ketdi. Birinchi o‘yindan keyin 3-4 kun shug‘ullandik. Futbolchilar turli jamoalardan kelishgandi. Qisqa vaqt ichida kuchli raqibga qarshi to‘p surish ham oson emasdi. Qolaversa, tarkibda bir qator o‘yinchilar klublarini o‘zgartirishgan va keyin termaga qo‘shilishgandi. Navbatdagi bahsda Iordaniya bilan o‘ynadik. Ularning “Zenit”ga qarshi uchrashuvini ko‘rdik. O‘shanda kuchliroq o‘ynashgandi. Boz ustiga ularning murabbiyi xorijlik va evropacha futbol o‘ynashyapti. Iordaniya bilan uchrashuvda raqib o‘yinchisi tirsagi bilan Temurxo‘ja Abduxoliqovning yuziga urgani uchun maydondan chetlatildi. Shu bois ularning maydonda 10 kishi bo‘lib qolgani g‘alabamizni biroz osonlashtirdi. “Shaxtyor”ga qarshi bellashuvga kelsak, ular ham deyarli bir oydan beri Dubaydagi yig‘inda edilar. Vadim Karlenovich ushbu o‘yin uchun tarkibda rotatsiya qildi. Ushbu bahsda ham raqib o‘yinchisi qo‘polligi uchun maydondan chetlatilgandi. O‘rniga esa boshqa o‘yinchi tushdi, biz bu vaziyatdan hayron qoldik. Aslida biz yutishimiz ham mumkin edi.
Kecha O‘zbekiston Superligasi uchun qur’a tashlandi. “Lokomotiv” ilk turda safarda AGMKga qarshi o‘tkazadi. Islom Qobilovning qur’a borasidagi fikrlari shunday bo‘ldi:
- Qur’adan oldin “Bunyodkor”ga qarshi tushsak kerak, deb o‘ylab turgandim. Lekin kim bilan o‘ynashimizning katta farqi yo‘q. Axir qachondir o‘sha raqiblar bilan to‘qnash kelamiz. Faqat har doim birinchi uchrashuvning ahamiyatli jihati shunda bo‘ladiki, startni yaxshi boshlab olish muhim. Qolaversa, yangi bosh murabbiy ham debyutidagi ilk rasmiy uchrashuvni g‘alaba bilan boshlashni juda xohlayapti. AGMK o‘tgan yili 3-o‘rinni egalladi. Kuchli raqib. Bu yil tarkibini yanada shakllantirdi. Dastlabki turda “Nasaf” – “Paxtakor” va AGMK – “Lokomotiv” eng markaziy uchrashuvlar hisoblanadi.
Fikrlar