
"Jamoada chempionlik ruhi bor" yoxud legionerimiz yangi jamoasidagi ilk sovrinni qo‘lga kiritdi
Yaqinda Qirg‘izistonning chempion jamoasi – “Abdish Ota” safiga qo‘shilgan hamyurtimiz Abdug‘ani Kamolov birinchi urinishdayoq sovrin yutishga muvaffaq bo‘ldi.
Gap shundaki, Qirg‘izistonda yangi mavsum oldidan Superkubok o‘yini o‘tkazildi. Unda amaldagi chempion “Abdish Ota” amaldagi Kubok sohibi “Muras Yunayted”ga qarshi maydonga tushdi.
Asosiy vaqtda hisob ochilmadi. Penaltilar seriyasida “Abdish Ota” g‘olib chiqdi. Abdug‘ani Kamolov ham uchrashuvda to‘liq ishtirok etdi.
Natijada legionerimiz dastlabki sovrinini yutdi. O‘yindan keyin futbolchimiz Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Abdug‘ani, “Abdish Ota” bilan ilk rasmiy o‘yindayoq ilk sovrinni qo‘lga kiritdingiz. Buni kutganmidingiz?
- Avvalo, barchani kirib kelgan Ramazon oyi bilan tabriklayman. Albatta, ushbu sovrinni qo‘lga kiritishimizni kutgandim. Chunki bizda juda yaxshi jamoa yiilgan. Xudoga shukr, maqsadimizga erishdik.
- “Muras Yunayted”ga qarshi uchrashuvda kuchlar teng keldi va penaltilar sepiyasida omad kulib boqdi. Umuman, o‘yin haqida nima deya olasiz?
- Ha, “Muras Yunayted” ham yaxshi jamoa. Ular o‘tgan yili mamlakat Kubogini qo‘lga kiritgandilar. Omad doim kuchlilarga kulib boqadi va bugungi uchrashuv juda ajoyib o‘tdi, deya olaman.
- Jamoangiz penaltilar seriyasiga ham alohida tayyorgarlik ko‘rganmidi?
- Albatta. Biz penaltilar seriyasiga tayyor bo‘lishimiz kerak edi. Mashg‘ulotlarda buni bajardik.
- Superkubok qo‘lga kiritilgani jamoangizga qo‘shimcha motivatsiya beryaptimi?
- Albatta. Yana 5 kundan so‘ng bizni mavsumni birinchi turi kutib turibdi. Xudo xohlasa, boshlanishi yaxshi bo‘ldi. Endi qolgani ham yaxshi kechadi. Jamoada chempionlik ruhi bor.
- Adashmasam, siz ham ilk bor faoliyatingizda Superkubokni yutdingiz. Bu siz uchun qanday ahamiyat kasb etmoqda?
- Ha, to‘g‘ri. Bu mening birinchi titulim. Emotsiyalar ajoyib. Xudo xohlasa, mamlakat chempionligini ham yutamiz.
- Demak, chempionatda ham chempionlik asosiy vazifami?
- Albatta. Bizni jamoa oxirgi 4 yilda chempion bo‘lgan. Bizga chempionatda har bir sovrinni yutish vazifasi qo‘yilgan.
- Bu g‘alabadan keyin sizni birinchi bo‘lib kim tabrikladi?
- Albatta, ota-onam, uydagilarim.
- “Abdish Ota”dagi barcha sharoitlar sizni qoniqtiryaptimi? Sizni xayron qoldirayotgan jihat nimada?
- Ha, “Abdish Ota”da hamma sharoitlar bor. Meni hayron qoldirayotgan jihat esa jamoada bosim yo‘q. Futbolchilarga kerakli hamma sharoitni qilib berishyapti.
Fikrlar