Jamshid Saidov va uning jamoasi OKMKga qarshi o‘yinda nimani rejalashtirmoqda?

  • 11 oktabr, 2023, 08:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

12 oktyabr kuni Superliganing 12-turiga start beriladi. Faqat qolgan uchrashuvlar 20, 21 va 22 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. “Qizilqum” – OKMK jamoalari ishtirokidagi uchrashuvning ancha barvaqt o‘tkazilishiga olmaliqliklarning OChL va O‘zbekiston Kubogidagi o‘yinlari borligi sabab.

Navoiyda bo‘ladigan uchrashuv oldidan nima deyish mumkin? Yaxshi bilasiz, “Qizilqum” ligada jon saqlab qolish uchun bor kuchini sarflayapti. Qaysidir ma’noda elitada qolishga haqli ekanlinigi o‘z o‘yinlari bilan isbotlayotgandek. Oxirgi uchta turda yutqazgani yo‘q, shulardan ikkitasida g‘alaba va bittasida durang qayd etdi. Shuning evaziga mezbonlar ochkolarini 18 taga etkazib va oldi yaqin ta’qibchisi – “Buxoro”dan 4 ochkoga ilgariladi. Lekin bu navoiyliklarga aslo xotirjamlik bag‘ishlamasligini o‘zlari ham yaxshi tushunib turibdilar. Buning uchun o‘z maydonida OKMK bilan bo‘ladigan uchrashuvda ham ochko qo‘lga kiritishi va mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirishi uchun jon-jahdi bilan kurashadi.

okmk2_2

OKMK klubiga nimagadir barqarorlik etishmayapti. Shuning uchun turnir jadvalida 5-o‘rinda boryapti. Lekin Mirjalol Qosimov jamoasi uchta frontda kurashayotganini ham unutmaslik kerak. Superligadan tashqari, O‘zbekiston Kubogi va Osiyo Chempionlar ligasida ham ishtirokini davom ettirmoqda. Kubokda yarim finalga chiqqan, OChLda esa guruh bosqichida hozircha dastlabki ikkita uchrashuvda mag‘lubiyatga uchradi. Jamoaning maqsadi esa aniq: Kubokni yutish, chempionatda sovrindorlar qatoridan joy egallash va OChL guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tish. Albatta, bu oson emas. Mirjalol Qosimov jamoasi kuchini to‘g‘ri taqsimlashi muhim omillardan biri. Hozirda ularning oldida turgan birinchi vazifa – bu Navoiydan g‘alaba bilan qaytish. Lekin shuni ham unutmaslik kerakk, Jamshid Saidov va uning jamoasi OKMKga qarshi o‘z rejasi borligi aniq. Faqat buni o‘yin kuni ko‘rishimiz mumkin.

Yuqoridagi omillar “Qizilqum” – OKMK ishtirokidagi o‘yinning keskin va qiziqarli o‘tishini ta’minlashi turgan gap. Statistikaga nazar soladigan bo‘lsak, mazkur jamoalar 33 marotaba to‘qnash kelishgan. Kichik ustunlik OKMK tarafida. Navoiy jamoasida 13 ta, Olmaliq jamoasida esa 15 ta g‘alaba bor. Yana 5 ta bellashuv durang bilan yakun topgan. To‘plar nisbati 44\57 OKMK foydasiga. Birinchi davradagi o‘yinda OKMK raqibini 4:0 hisobida dog‘da qoldirgan.

kizilkum3_6

“Qizilqum” jamoasi o‘z uyida olmaliqliklarni so‘nggi bor 2019 yilgi mavsumda mag‘lub etgan. O‘sha yilning 29 mart kuni o‘tkazilgan o‘yinda navoiyliklar 3:1 hisobida ustunlikka erishgan. Shu paytgacha olmaliqliklar Navoiyda 3 durang va 3 g‘alabani qo‘lga kiritgan. Navbatdagi uchrashuv ikkala klubga muhim. OKMK imkoni qadar medallar uchun kurashayotgan klublarga yaqinlashib olmoqchi, “Qizilqum” esa ligada qolish uchun xavfli zonadan yanada uzoqlashib olmoqchi.  E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, navoiyliklar har bir uchrashuvda raqibiga hujumkor o‘yinni taklif qilmoqda.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!