Jasur Yaxshiboev: "Hozir ham takliflar bor, lekin..."
Barchaga tanish bo‘lgan iqtidorli futbolchilarimizdan biri Jasur Yaxshiboev hozirda jamoasiz.
Ma’lumki, u oxirgi marta shu yili Eron chempionatida “Nassadji Mazandaran” klubida faoliyat olib bordi. Lekin ushbu jamoada uzoq qolgani yo‘q.
Kuni kecha Sports.uz jurnalisti Jasur Yaxshiboevdan intervyu oldi.
- Oxirgi marta Eronda faoliyat olib bordingiz. U erdan ketganingizdan keyin sizni maydonda ko‘rmadik.
- Nima desam bo‘ladi? Ko‘rib turibsizlar, oxirgi jamoam Eron klubi edi. Undan keyin variantlar bo‘ldi. Lekin ko‘nglimdagidek takliflar chiqmadi. Yuqoriga ko‘taradigan jamoalardan takliflar bo‘lmagani uchun vaqtinchalik tanaffus qilib turdim. Lekin hozirgi paytda yaxshi variantlar kutib turibman.
- Demak, sizni ma’lum vaqt jamoasiz qolishingiz jarohatingiz bilan bog‘liq emas, shundaymi?
- Yo‘q.
- Eronning “Nassadji Mazandaran” klubidagi faoliyatingiz qanday kechgandi va u erdan ketishingiz nima sabab bo‘lgan?
- Eron chempionati yaxshi. Lekin men borgan jamoa ligada qolish uchun kurashayotgandi. Oxirgi 6 ta o‘yin qolganida u erga bordim. Afsuski, klub ligada qololmadi. Birinchi ligasida legionerlar ishtirok eta olmasligi uchun u erdan ketishga majbur bo‘ldim. Ammo ular menga yana 1,5 yillik shartnoma taklif qilishgandi. Jamoa quyi ligaga tushib ketgani uchun u erdan ketishga majbur bo‘ldim.
- Bizda qishki transfer oynasi ochilgan. Tabiiyki, bunday mahalda turli mish-mishlar ko‘payadi. Shu nuqtai nazardan aytadigan bo‘lsak, siz bilan bog‘liq gap-so‘zlar ham yo‘q emas...
- Taklif tushsa xursand bo‘laman. Ko‘rgan bo‘lsangiz, ijtimoiy tarmoqlarda meni “Andijon”ga o‘tyapti deb yozishdi. Buni ko‘rib o‘zim hayron bo‘ldim. Men bu masalada hech kim bilan gaplashmaganman va qo‘ng‘iroq ham bo‘lmagan.
- Yangi mavsumda rejangiz bo‘yicha Superligada o‘ynamoqchimisiz yoki yana legioner sifatida faoliyatingizni chetda davom ettirmoqchimisiz?
- Aniq bir nima deya olmayman. Vaqt ko‘rsatadi. Balki Superligada, balki yana legioner bo‘lib o‘ynarman. Ko‘ramiz!
- Yaqinda jahon chempionatiga qur’a tashlandi. Milliy terma jamoamiz joy olgan guruh haqida fikringiz qanday?
- O‘zbekistonga ikkita kuchli jamoa tushdi - Kolumbiya va Portugaliya. Ular Janubiy Amerika va Evropada o‘z o‘rniga ega. O‘ylaymanki, mundialda juda qiziq o‘yinlar bo‘ladi. Jahon chempionatida terma jamoamizga omad tilayman.
- Shuningdek, siz o‘z vaqtida Evropa Chempionlar ligasida “Real”ga gol urgan holda o‘zbek futboli tarixiga kirgansiz. O‘sha golingizni ko‘rib turasizmi?
- Bunga bir necha yil bo‘ldi. Baribir xotiramda qoladiyu, lekin tarixga aylangan. Kelajakda yana shunaqa formaga kirib, yaxshi klublarda to‘p surishga niyatim bor. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘sha video kelib qolsa ko‘raman.
- Yangi mavsum bo‘yicha yangi klubingiz masalasida qachon bir to‘xtamga kelishingiz mumkin?
- Hozir dekabrdamiz. Transferlar oynasi yaqindagina ochildi. Balki bu oy, balki yanvarda hal bo‘lar. Hozir ham takliflar bor. Lekin o‘zimni unchalik qoniqtirmayapti. Kutishga biroz vaqt bor. Yaxshi variantlarni kutib turibman.
Fikrlar