Kapadze: "Kannavaroning o‘z ish rejalari bor, mening reja va fikrlarim bor"

  • 11.11.2025 14:07
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

Timur Kapadze O‘zbekiston milliy axborot agentligi uchun intervyu berib, O‘zbekiston terma jamoamizdagi lavozimini tark etgani va boshqa qiziqarli savollarga javob berib o‘tdi. 
 
"Birinchi navbatda rahbariyatga shu lavozimni taklif qilishgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Ushbu vaqt davomida mutaxassislarning va muxlislarning ishonchini oqlashga harakat qildim. Shuningdek, Jahon chempionatiga yo‘l olganimizdan juda xursandman. 
 
Yangi murabbiy kelayotganda yuqoridagilarga men navbatdagi ikki yig‘inda unga moslashib olishi uchun yordamlashib yuboraman, keyin esa shaxsiy o‘z ishimni davom ettiraman, deb aytgan edim. Ular ham rozi bo‘lishdi". 
 
Hozirgi kunda menga yaxshi takliflar bor. Ko‘ramiz, qaerga borsam ham albatta o‘z ustimda ishlashga harakat qilaman". 

 
Jahon chempionatiga borish niyatingiz bor edi? Bu rejangizdan qaytdingizmi? 
 
"Albatta, har bir murabbiy Jahon chempionatida ishlashni xohlaydi va bunga harakat qiladi. Yangi murabbiy keldi, uning shtabida bo‘lishim mumkin edi. Lekin ko‘p o‘ylaganimdan so‘ng shu qarorga keldim. Ya’ni men qolsam, men ham, Fabio ham o‘zini noqulay his qiladi. Kannavaroning alohida fikrlari, idealar bor. Menda ham shunday". 
 
Siz qaysidir terma jamoani yoki klubni boshqarishni xohlayapsizmi? 
 
"Hozirgi kunda terma jamoa bilan ham qolishim mumkin edi. Lekin aytganimdek, o‘z idealarim va fikrlarim bor. Shuningdek, o‘z ustimda ishlashni istayapman".
 
 
Terma jamoani 10 oy boshqardingiz va jamoani Jahon chempionatiga olib chiqdingiz. Bundan tashqari, xalqaro turnirda ham g‘olib bo‘ldingiz. Boshqa murabbiylarning ishlash davomiyligi bilan taqqoslasak, siz ancha muvaffaqiyatli murabbiy bo‘lib chiqasiz. Shu haqida fikringiz? 
 
"Nafaqat milliy balki Olimpiya terma jamoasi ham turibdi. 4 yil davomida o‘z vazifamizni bajardik. Birinchidan Jahon chempionatiga, so‘ngra Olimpiadaga chiqqanimiz bilan muxlislarimiz va rahbarlarimiz oldidagi yuzimiz yorug‘ bo‘ldi". 
 
Siz terma jamoani 4 ta rasmiy uchrashuvda boshqardingiz. Qaysi birida o‘z rejalaringiz amalga oshdi va qaysi to‘qnashuvlarda adashibman, deb fikr tug‘ildi? 
 

"Bilasiz, men jamoani qishdagi yig‘inda qabul qilib oldim. O‘sha payt oldimizda muhim uchrashuvlar kutib turgan edi. Vaqtimiz ham juda oz edi. Men terma jamoada o‘ynaganman ham, murabbiy va yordamchi murabbiy bo‘lib ham ishlaganman. Lekin u paytda oldimizga qo‘yilgan asosiy vazifa bu - natija edi!". 
 
Jahon chempionatiga bir necha kundan so‘ng qur’a tashlanadi. Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston terma jamoamiz qanday natija qayd etadi? 
 
"Birinchi navbatda guruhdan chiqadi deb umid qilaman. Bunga kuchi ham etadi deb o‘ylayman. Lekin bu qur’aga ham bog‘liq. Sababi, navbatdagi turnirda jamoalarning soni juda ko‘p". 
 
O‘zbekistonda qolib Superliga klubini boshqarsangiz, ularga qanday talab qo‘ygan bo‘lar edingiz? 
 
"Albatta, maqsadga qarab tanlashim mumkin. Chunki maqsad qanchalik yaxshi bo‘lsa, safar ham, ish ham juda qiziqarli bo‘lar edi".

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!