
"Karpenko bilan tushunmovchilik bo‘ldi, "Neftchi" bilan kelishuvga erishgandik, keyin bilsam..." yoxud Dilshod Jo‘raev "Qizilqum"ga nima uchun o‘tganini aytdi
Iqtidorli yarim himoyachi Dilshod Jo‘raev “Bunyodkor” klubini tark etib, “Qizilqum” jamoasiga ko‘chib o‘tdi. Holbuki, u ikkinchi davrani boshqa klubda boshlashi ham mumkin edi.
Qizig‘i, uning yangi jamoasidagi debyut o‘yini sobiq klubi – “Bunyodkor”ga qarshi o‘tdi va g‘alaba qozondi. Kuni kecha Jo‘raev Sports.uz uchun bir qator masalalar bo‘yicha munosabat bildirdi.
“Bunyodkor”ga qarshi o‘yin o‘zimga ham qiziq bo‘ldi”
- O‘yin o‘zimga ham qiziq bo‘ldi. Chunki “Qizilqum”dagi debyut uchrashuvim sobiq klubim – “Bunyodkor”ga qarshi o‘tdi. Tabiiyki, g‘alabadan xursandmiz. Bu bizning ikkinchi davradagi ilk g‘alabamiz bo‘ldi. Men bu uchrashuvda zaxiradan maydonga tushdim. Biroz mashg‘ulotlarni qoldirgandim, sport formamni tiklashga harakat qilyapman. “Qizilqum”ga o‘tganimdan maqsad jamoaga yordam berish va sovrinli o‘rinlar uchun kurashishda o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Jamoa juda ahil. “Bunyodkor” ham yaxshi qarshilik ko‘rsatdi. U erdagi futbolchilarim o‘zimni ukalarim. Sobiq jamoamga keyingi uchrashuvlarda omad tilayman.
“Bunyodkor”dan ketishimning sabablari bor”
- “Qizilqum”dagi debyutim “Bunyodkor”ga qarshi bo‘lishini kutgandim. Uchrashuvdan avval murabbiy bugundan boshlaysan, deb aytgandi. Bundan oldin o‘ynamaganim sababi biroz tayyor emasdim. Boya aytdim, “Bunyodkor” bilan uchrashuv juda qiziqarli bo‘ldi. Men uchun bu klub begona emas. Birinchi davrada 70-80 foiz yoshlar bilan birinchi davrani 7-o‘rinda tugatdik. Bu yaxshi natija bo‘ldi. Jamoa bilan katta hajmdagi ishni bajardik, hamma mehnat qildi. U erda asosan yoshlar edi. Kattalardan asosan men, Davron aka Ergashev va Suhrob Sultonov. Menimcha, birinchi davrada yoshlarimizni ortimizdan ergashtira oldik. “Bunyodkor”dan ketishimning ayrim sabablari bor. Yaxshi taklif va sovrinli o‘rinlar uchun Osiyo Chempionlar ligasida qatnashishni xohlayotgan jamoadan taklif bo‘lgani sababli “Bunyodkor” bilan kelishgan holda ketishga qaror qildim.
“Bosh murabbiyga ketganim yaxshi dedim”
- Aslida yil boshida ham oldimda yaxshi variantlar bo‘lgandi. O‘zim “Bunyodkor” klubidan chiqqanman, bu jamoaga mehrim baland bo‘lgani bois rahbariyat tomonidan tushgan taklifni qabul qilganman. O‘sha paytdagi bosh murabbiy Shuhrat aka Maqsudov asosan yoshlar, faqat 2-3 ta yoshi katta o‘yinchilar bo‘ladi, ortinglardan ergashtirasizlar deb aytgan va bu mening yaxshi ko‘rgan klubim bo‘lgani uchun ham kelgandim. Viktor Karpenko bosh murabbiy bo‘lganidan so‘ng ochiq aytishim mumkinki, taktika, o‘yin uslubi jihatidan biroz tushunmovchiliklar bo‘ldi. Shundan keyin bosh murabbiyga ketganim yaxshi, yoshlar o‘ynasin, sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan klubga boraman deb aytdim.
“Levchenkoga minnatdorchilik bildiraman”
- “Neftchi”dan sport direktori va murabbiy qo‘ng‘iroq qildi. Shu fursatdan foydalanib, Vitaliy Levchenkoga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. U bilan kelishuvga erishgandik. Bu klubda ikki kun bo‘ldim. Keyin bilsam ularni PFLdan qarzdorligi bor ekan. PFL klubga cheklov qo‘yibdi. Shuni hisobiga Levchenko bilan do‘stona xayrlashdik va “Qizilqum”ga o‘tib ketdim.
“Xuddi o‘z jamoamga kelgandek bo‘ldim”
- “Qizilqum”ni tanlashimda birinchi o‘rinda rahbariyat, murabbiy va futbolchilarning ishonchi. U erdagi ko‘plab o‘yinchilar bilan “Bunyodkor”, AGMKda va terma jamoada birga o‘ynaganman. Bu erga kelishimga futbolchilar ham turtki bo‘ldi. Kelishimni xohlashdi. Oldimizga qo‘yilgan maqsadni bajarishga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Jamoa meni juda yaxshi qabul qildi. Sanjar Shoahmedov, Salim Mustafoev, Oleg Zoteev, umuman barcha futbolchilar bilan munosabat yaxshi va xuddi o‘z jamoamga kelgandek bo‘ldim. Klubda barchasi tajribali yigitlar.
“Ilk suhbatdayoq Lazarevich yaxshi taassurot qoldirdi”
- Nikola Lazarevich bilan ilk ko‘rishganimdayoq yaxshi taassurot qoldirdi. Ajoyib inson ekan. Ko‘ngli ochiq, odamgarchilik tarafidan ham zo‘r. Futbolchilarni to‘g‘ri tushunadi. Birinchi chaqirishganida “O‘zbekiston” mehmonxonasida uchrashdik. Futbol o‘z yo‘liga, ammo birinchi o‘rinda o‘zaro hurmat, munosabat va ishonch ustun. Shu narsalar suhbatimizda ko‘rindi. Ular ham talablarini aytishdi va buni bajarishga bor kuchimni ishga solaman.
Fikrlar