
Kecha futbolchi edi, bugun esa rahbar!
Hujumchi Nosir Otaqo‘zievni ishqibozlar yaxshi tanishadi. «Neftchi»dagi faoliyati orqali katta futbolga kirib kelgan va so‘ng bir qator klublarda to‘p surgan farg‘onalik futbolchining faoliyatida yaqinda tub burilish bo‘ldi. Aslida u joriy yilni ham futbolchi sifatida boshlagandi va «Neftchi» jamoasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi. Lekin keyinchalik voqealar rivoji o‘zgarib, Otaqo‘ziev Farg‘ona viloyat futbol assotsiatsiyasiga vitse-prezident lavozimiga tayinlandi. Shu tariqa, u birdaniga futbolchilik faoliyatini yakunlab, rahbarlik lavozimini egalladi. Endi u Farg‘ona futbolini rivojlantirish uchun ishga kirishdi. Bu qanday ro‘y berdi deya qiziqayotgandirsiz-a? Kuni kecha Otaqo‘ziev bilan bog‘lanib, bir qator masalalarda suhbbatlashdik.
- To‘g‘ri, 2019 yilda ham faoliyatimni futbolchi sifatida boshlagandim, - deya gap boshladi, Otaqo‘ziev. - Hech bo‘lmasa yana bir yil futbol o‘ynab, keyin tugataman degan maqsadim bor edi. Hamma biladi, mening «Qo‘qon-1912» bilan shartnomam bor edi. Mavsum boshida esa 3-4 futbolchini «Neftchi»ga yordam berish uchun jo‘natishdi. Bizni o‘sha paytdagi bosh murabbiy Bahrom Haydarov ham taklif etgandi. Maqsad esa jamoani yana Superligaga qaytarish edi. Lekin «Neftchi» moliyaviy tomondan qiynaldi. Buning orasida esa Haydarov jamoadan ketib qoldi. Buning orasida esa men jarohat oldim. Baribir yosh ham o‘z so‘zini aytar ekan. Oldingidek o‘ynash oson emasdi. Natijada «Neftchi» rahbarlari bilan gaplashib, faoliyatimni tugatishga qaror qildim. Bilasiz, men uchun «Qo‘qon-1912» qadrdon jamoam hisoblanadi. Shu bois ular meni ishga chaqirishdi. Klub rahbari Baxtiyor aka Tolipov meni Aziz To‘xtaboevga yordamchi qilib taklif qildi. Bilasiz, Rishtonda katta obodonlashtirish ishlari olib borilyapti. U erda esa mening xususiy oshxonam ham bor. Natijada qurilish va bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilganidan keyin bir oycha Rishtondagi ishlarim bilan qolib ketdim. Viloyat hokimi Shuhrat Madaminovich G‘aniev esa doimiy ravishda Rishtonga kelib, u erda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib yurdi. Biz bir-birimizni tanirdik. Tabiiyki, Rishtondagi obodonlashtirish ishlarini kuzatayotgan chog‘ida ko‘rishib qoldik. Gapdan-gap chiqib, hozir qaerdasan, nima qilyapsan deb so‘rab qoldi. Qaerda o‘qiganim bilan qiziqishdi. Shundan so‘ng meni Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasining vitse-prezidenti lavozimiga tayinlashdi. Shunday qilib, bu erdagi ishimni boshlab yubordim. Kuni kecha Toshkentga chaqirtirishdi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatovning qabulida bo‘ldim. Shuningdek, sport vaziri bilan uchrashdik. Toshkentda «Charm to‘p» musobaqasi o‘tkazildi va u erga Marg‘ilondan jamoamiz ham qatnashdi.
- Ermatov bilan uchrashuvingiz qanday o‘tdi?
- Ravshan Ermatov futbolimiz saviyasini yanada yuqoriga ko‘tarish uchun harakat qilyapti. U futbolimizning ichidagi hammasini biladi. Sobiq futbolchilarning viloyat futbol assotsiatsiyasi rahbariyatiga tayinlanayotganini ham alohida aytmoqchiman. Masalan, Shuhrat Mirholdirshaev Namangan futbol assotsiatsiyasida, Asqar Jadigerov Toshket viloyati futbol assotsiatsiyasida, Andijonda Bekzod Karimov, Samarqandda esa Ilhom Yunusov. Ravshan aka bilan o‘zaro suhbatimiz davomida esa futbolimizni ko‘tarish kerakligini, buning uchun mavjud muammolarni hal qilish mumkinligini va bunday ishlarni futbolning ichida yurgan insonlargina hal qila olishini aytib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz muhimligi haqida ta’kidladi. Shuningdek, akademiyalarga, yoshlar sportiga e’tiborni oshirish zarurligini, Superligada ham Farg‘onadan jamoa bo‘lishi muhimligiga ham e’tibor qaratdi.
- Sizning hali bu lavozimda ishga kirishganingizni ko‘pchilik bilmaydi. Chunki aksariyati futbolchi Nosir Otaqo‘ziev sifatida bilishadi. Kecha maydonda o‘ynayotgandingiz, bugun esa rahbarlik lavozimidasiz. Endi zimmangizdagi mas’uliyat yanada oshdi. Boisi, siz butun viloyat futboli uchun javob berasiz. Bunday katta ishga tayyormidingiz?
- To‘rg‘i, men uchun yangi ish desam bo‘ladi. Lekin o‘zimning ham firmam borligi uchun tashkiliy ishlardan ham oz-moz xabarim bor. Shuning uchun bu ishni yangilik demagan bo‘lardim. Lekin mendan oldin bu erda rahbar bo‘lib ishlagan Rasul Yo‘ldoshevni olib qoldim. Hakim Jo‘raevich ham yordam beradi. Ular bilan birgalikda katta maqsadlar sari ishga kirishdik. Mening hali ulardan o‘rganadigan narsalarim ko‘p. Odam qilgan ishni odam qiladi.
- Bu erga kelgach, yangi maqsad va g‘oyalaringiz qanday? Dastlabki ishni nimadan boshladingiz?
- Futbol akademiyalariga borib, direktorlar, futbolchilar bilan gaplashdik. Maydonlarni ko‘zdan kechirdik. Etarli darajada sharoitlarni yaratib berishga harakat qilamiz. Tizimli muammolarni o‘rganib chiqyapmiz va ularni bartaraf etish yo‘llarini o‘ylab topamiz.
- Farg‘ona futboli tarbiyalanuvchisi sifatida faoliyatingizning katta qismini shu viloyatda o‘tkazgansiz. Aytmoqchimanki, Farg‘ona futbolidagi holatni ipidan-ignasigacha bilsangiz kerak. Taassufki, oxirgi yillarda Farg‘ona futboli orqaga ketdi. Misol uchun «Neftchi» quyi ligaga tushib ketishi oqibatida endi Superligada bu shahardan jamoa yo‘q. Fikringizcha, nima sababdan Farg‘ona futboli pasayib ketdi?
- Birinchidan avlodlar almashinuvi yuz berdi. Ikkinchidan, asosiy homiyga keladigan bo‘lsak, hali ishga tushib, jadallashib ketgani yo‘q. Shu bois mablag‘ ajratilmadi. «Neftchi» mana shunday oraliqqa tushib qoldi. Ya’ni, moliyaviy tomondan qiyinchiliklarga duch kelishdi. Hamma biladi, «Neftchi»ning tarixi uzun va chuqur. Ravshan Ermatov ham «Neftchi»ning oldingi mavqeini qaytarish muhimligini aytdi. Muammo esa asosan moliyaviy masalaga borib taqaladi. «Istiqlol»ga kelsak, ularda hech qanday muammo yo‘q. Superligaga chiqish uchun astoydil kurash olib borishyapti. Shu bois ularda aniq maqsad bor. Bu jamoaga ham e’tibor qaratyapmiz. Viloyat hokimi esa futbolga befarq emas. Shuncha ishlari bo‘lsa-da, meni chaqirtirib futbolga yanada ko‘proq e’tibor qaratib, ishlashimizni tayinlayapti. «Qo‘qon-1912», «Istiqlol»ning qayd etayotgan natijalaridan ham xabardor bo‘lib turibdi. Xudo xohlasa, «Neftchi»dagi ishlar ham yaqin bir-ikki oyda yaxshi bo‘lib ketadi.
- Farg‘onada futbolni ko‘tarish uchun to‘siq bo‘layotgan katta muammo sifatida nimani aytgan bo‘lardingiz?
- Eng katta muammo deb yoshlar bilan ishlaydigan murabbiylarning etishmasligini aytgan bo‘lardim. Borlarini ham bilim va saviyasini oshirish, maxsus o‘quv-kurslarida o‘qib, malaka oshirishlari muhim. Yoshlar murabbiylari baribir qaerdadir futbol o‘ynagan bo‘lib chiqishmaydi, asosan ikkinchi ligalarda o‘ynashgan. Respublikadagi bolalar bilan ishlaydigan tajribali mutaxassislar kelib, ularga dars o‘tishlari, malakalarini oshirishlari uchun seminarlar tashkil qilish kerak. Uy qurish uchun esa avvalo uning poydevori mustahkam bo‘lishi lozim. Shunday ekan, futbolchining bu yo‘lga kirishi avvalo bolalar futbolidan boshlanadi. Afsuski, bizda aynan bolalar bilan ishlash bo‘yicha etarli kadrlarning etishmasligini ko‘rdim. Qolgan masalalarni ham hal qilsa bo‘ladi. Masalan, maydonlar etarli, tajribali mutaxassislar ham bor. Hakamlarimiz ham etarli. Bolalarni sportga jalb qilish ishlari ham keng miqyosida olib borilmoqda. Ravshan Ermatov bilan yana uchrashganimizda ushbu masalaga ham echim topamiz deb umid qilaman. Shuningdek, futbol maktablari va akademiyalariga alohida ruhshunoslarni ham biriktirish haqida o‘ylamoqdaman. Yoshlarni tushkunlikdan olib chiqish uchun emas, balki ularga yurtga bo‘lgan muhabbatni, vatanparvarlik, insoniylik qadriyatlarini oshirish yuzasidan shug‘ullanishi ham mumkin. Axir bolalarda ong, aql, tafakkur, madaniyat degan tushunchalar ham shakllanib borishi lozim. Shuning uchun ham ruhshunos kerak. Buning uchun yoshligidanoq tarbiyalab borish muhim sanaladi. Natijada ertaga ular futbolchi bo‘lib etishmagan taqdirda ham vatanga manfaati tegadigan inson bo‘lib etishishlari mumkin.
- Nosir aka, futbolchilik faoliyatingizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, qanday xotiralar qolgan?
- Futbolchi bo‘lib elga tanildim. Xudoga shukrki, sog‘ligim joyida. Yurt ko‘rdim. Vatanning qadrini bildim. Shu bilan birga ko‘plab yutuqlarga erishdim. Ularning orasida eng katta yutug‘im sifatida 2011 yili «Nasaf» bilan OFK Kubogidagi muvaffaqiyatimizni aytishim mumkin. O‘shanda birinchi Prezidentimiz tomonidan bizni mashinalar bilan taqdirlashgan. 2006 yili «Neftchi»ning to‘purari bo‘ldim. 2010 yilgi mavsumda esa Olmaliqda ham to‘purarlikka erishdim. Yuriy Sarkisyan, Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin kabi murabbiylar bilan ishladim. Bularning o‘zbek futbolida alohida o‘rni bor. Faoliyatimda qattiq jarohat olganim yo‘q. Shukrki, futbol o‘ynab yomonlik ko‘rmadim. Futbolchi bo‘laman deb niyat qilganlarga shuni aytmoqchimanki, futbolni deb o‘qishni tashlab qo‘ymasliklari kerak. Masalan, men ikkita institutni bitirganman. Jismoniy tarbiya bilan iqtisod yo‘nalishida tahsil olganman va o‘qish uchun vaqt topa olganman. Futbolchi bo‘lgandan keyin baribir aqlini ham ishlatishi kerak. Futbolda o‘ziga yarasha hisob-kitob ham kerak bo‘ladi. Agar siz tez fikrlay olmaydigan bo‘lsangiz, futbol o‘ynay olmaysiz. Maydonda shunday paytlar bo‘ladiki, siz qisqa soniyalarda fikr qilib, to‘g‘ri yo‘lni tanlashingiz va to‘pni sherigingizga uzata olishingiz lozim. Buning uchun aqlni ishlatish kerak bo‘ladi.
- Aslida o‘zingizda murabbiylik qilish rejangiz bormidi?
- Murabbiylik qilishga xohishim ham, rejam ham bor edi. Hattoki, «S» litsenziyasiga ham ega edim. Yaqinda esa «V» uchun litsenziyaga hujjatlarni topshirib turgandim. Ammo keyinchalik voqealar rivoji o‘zgarib ketdi. Nima bo‘lganda ham men yana futbolda qoldim. Viloyat hokimining tashabbusi bilan yana futbolda ishlashda davom etyapman. Chindan ham viloyatimizdagi futbolni yaxshi bilaman. Murabbiylar va futbolchilarning hammalarini taniyman. Shu bois ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, to‘g‘ri va kerakli maslahatlarni ham aytishim oson.
Fikrlar
Кимдир Нефтчини Истиклолдан юкорида туришини хохламаётгандек гуё йукса Нефтчи муаммолар гирдобига уралашиб колса-ю Истиклолда хаммаси жойида булса.
Эхтимол адашгандурман бу мени шахсий фикрим.
Нефтчи бундай э'тибордан четда колишга лойик эмас.
Битта кузга куринган вилоят узининг асосий футбол жамоасини молиявий ахволини яхшилашни уддалай олмаслигига ишонмаслик у/н олий ма'лумотли булиш шарт эмас.