"Kloppni tanlagan bo‘lardim" - o‘zbekistonlik mutaxassis Bentu va Kapadze haqida
Kuni kecha yurtimizga portugaliyalik mutaxassis Paulo Bentuning kelishi ortidan milliy terma jamoamizga aynan ushbu mutaxassisni bosh murabbiy etib tayinlanishi haqidagi gap-so‘zlar avj olmoqda.
Ayni paytdagi bosh murabbiy Timur Kapadzening masalasi esa Bentu fonida ochiq qolayotgandek. Hozircha O‘FA bu borada hech qanday rasmiy xabar bergani yo‘q.
Paulo chindan ham terma jamoamizni boshqaradimi yoki Kapadzeni o‘zi ishlashda davom etadimi? Bu masalada futbolimiz jamoatchiligi ham qizg‘in muhokamalarni olib bormoqdalar. Ushbu vaziyat bo‘yicha Sports.uz jurnalisti Ja’far Irismetovning fikrlariga qiziqib ko‘rdi.
- Ja’far aka, oxirgi paytlarda asosiy mavzuga aylangan masala - bu Paulo Bentuning yurtimizga kelishidir. Terma jamoamizga Bentu bosh murabbiy etib tayinlanishi kutilayotgan bir paytda siz bu masalaga qanday qaraysiz?
- Nima ham derdik, Bentuni chaqirishibdi. Masharipov aytgan gap-da, rahbariyat shuni to‘g‘ri deb hisoblayotgan bo‘lsa, demak shu to‘g‘ri bo‘lsa kerak-da. Lekin Kapadze masalasi ko‘tarilyapti, buni O‘FA rahbarlari hal qilishadi.
- Timur Kapadze bosh murabbiy postida qolgani ma’qulmi yoki sizningcha, yangi xorijlik top darajadagi mutaxassis kerakmi, bizga?
- To‘g‘risini aytsam, bu savolga O‘FA javob bersa to‘g‘ri bo‘lardi. Bu masalada meni nimadir deyishim qiyin. Fikrlar har xil. Kapadze qolgani yaxshimi, chetdan murabbiy kelgani ma’qulmi yoki ikkalasini birlashtirish kerakmi?! Bunga O‘FAga aloqador mutaxassislar javob bergani yaxshi.
- Agar bizga xorijlik murabbiy zarur bo‘lsa, siz kimni tanlagan bo‘lardingiz va nima uchun?
- Xorijlik murabbiy kerak bo‘lganida menimcha hozirda bo‘sh yurganlaridan oladigan bo‘lsak, Yurgen Klopp bor. Shu murabbiyni tanlagan bo‘lardim. Vaholanki, o‘zim “barsa”chiman va Gvardiolani ish uslubini yoqtiraman. Kloppga o‘xshagan murabbiy bo‘lsa yaxshi bo‘lardi.
- Umuman olganda, Bentu haqidagi fikringiz qanday? Sizningcha, u qanday murabbiy?
- Paulo Bentu o‘ziga yarasha obro‘li murabbiy. Lekin katta pulga ega bo‘lgan BAAda ham natija bera olmadi. Qisqa muddat ichida natija keltirish juda qiyin. Agar vaqt bo‘lsa, boshqa gap. Bir yil juda qisqa muddat. Bentu haqida nimadir deyishim qiyin. Uni faoliyatini yaxshi kuzatmaganman. Baho berish uchun uni ko‘proq ko‘rish kerak. Jahon chempionati boshlanishiga bir yil qoldi. Bunday paytda nimadir aytish qiyin. Bizni futbolchilarni o‘rganishiga ancha vaqt ketib qoladi.

Fikrlar