
Kurash bo‘yicha Osiyo chempionatida qochoqlar jamoasi xam ishtirok etadi
Xabaringiz bor, joriy yilning 6-11 iyun kunlari Eron Islom Respublikasi poytaxti Tehron shahrida kurash bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.
Ushbu Osiyo chempionatida 20 ta davlatdan 250 nafarga yaqin eng sara polvonlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Ahamiyatli jihati, o‘n uchinchi bor o‘tkazilayotgan kattalar o‘rtasidagi mazkur qit’a birinchiligida ilk marta qochoqlar jamoasi ham ishtirok etadi. Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, qochoqlar bu-ijtimoiy, siyosiy yoki boshqa jiddiy sabablarga ko‘ra, o‘z vatanidan chiqib ketgan insonlar sifatida tushiniladi. Ularda asosiy vatanlari nomidan xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etish imkoniyati mavjud emasligi sababli, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan qochoqlar jamoasi sifatida ishtirok etishi ta’minlab kelinmoqda.
Kurash bo‘yicha xalqaro musobaqalar tarixida ham bu ilk bor yuz bermoqda.
Qochoqlar jamoalari to‘g‘risidagi qaror 2023 yil Ashxabodda bo‘lib o‘tgan IKA Kongressi va 2024 yil Dubay shahrida o‘tkazilgan IKA Boshqaruv qo‘mitasi yig‘ilishlarida muhokama qilingan va tegishli normativlar qabul qilingan.
Endilikda qochoqlar jamoasi Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi taqvimidagi barcha musobaqalarda ishtirok etishi mumkin. Bunda jins toifasidan tashqari irqi, millati va ijtimoiy kelib chiqishlari hisobga olinmaydi. Jamoa Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi tomonidan koordinatsiya qilinadi.
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi standartlari asosida jamoaning bayrog‘i va madhiyasi sifatida Xalqaro Kurash assotsiatsiyasining bayroq va madhiyasidan foydalaniladi.
Tehron gilamlarida qochoqlar jamoasi safida 5 nafar ayol kuch sinashadi.
Fikrlar