Legionerimiz ligani tark etmoqda. Murabbiyning iltimosi o‘tmadi!

  • 11 yanvar, 2023, 20:20
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Belarus oliy ligasining eng qudratli jamoalaridan biri – BATE klubi matbuot xizmati o‘zbekistonlik  legioner Shahboz Umarov mamlakat chempionatini tark etishga qaror qilganini ma’lum qildi.

23 yoshli futbolchi aslida “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq, professinonal o‘yinchi sifatida AGMK jamoasida shaklangan.

Shahboz Umarov 2020 yilning boshida Olmaliqdan Belarus chempionatiga ko‘chib o‘tgan edi. “Energetik-BGU” jamoasida mahoratini namoyish etish orqali mahalliy va xorijiy muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozongan.

Legioner sifatidagi dastlabki mavsumida o‘zini ko‘rsatgan Shahboz Umarovni BATE o‘z safiga qo‘shib olgandi. Borisov jamoasidagi debyut mavsumida ham hamyurtimiz muvaffaqiyatli o‘ynadi va qisqa vaqt ichida etakchi o‘yinchiga aylandi.

159272_680

BATE o‘tgan mavsum oldidan Shahboz Umarov yordamida chempionlik uchun kurashishni maqsad qilgandi. Lekin mavsumoldi tayyorgarlik jarayonida iste’dodli futbolchimiz jamoaga yangi tayinlangan bosh murabbiy Aleksandr Mixaylov bilan kelisha olmay qoldi.

Gap shundaki, bungacha yoshlar bilan ishlab o‘rgangan Mixaylov o‘rtoqlik uchrashuvlaridan birida Shahboz Umarovni bir necha bor haqorat qildi. Tajribasiz murabbiyning  bu qo‘pol munosabati jamoa etakchisi sifatida to‘p tepayotgan legionerimizga yoqmadi va u maydonni tark etdi.

Bu mojaro oqibatida Mixaylov Shahboz Umarovni ochiqchasiga o‘ynatmay qo‘ydi. Hamyurtimizning uzr so‘ragani ham vaziyatni o‘zgartirmadi. Bosh murabbiyning qaysarligidan hamma yutqazdi. BATE eng qimmatbaho futbolchisini yo‘qotdi, Umarovning yordamisiz bazo‘r uchinchi o‘ringa ilinib qoldi. Shahbozning o‘zi yarim yil futboldan chetda qolib ketdi.

O‘tgan yili yozda Shahboz Umarov o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun Qozog‘istonning “Ordabasi” jamoasiga ijara asosida ko‘chib o‘tdi. Har qalay hamyurtimizning qo‘shni mamlakat futbolidagi ilk mavsumi omadli kechdi.

Shahboz 2022 yilni Qozog‘iston kubogidagi g‘alaba bilan yakunladi.

Umarovning borisovliklar bilan amaldagi shartnomasi 2023 yilning 31 dekabriga qadar tuzilgan. Lekin Shahboz jamoa yig‘inlarida qatnashmayapti va boshqa chempionatga o‘tishi haqida klub rahbariyatini ogohlantirgan. O‘yinchining ketishini BATEning hozirgi bosh murabbiyi Kirill Alshevskiy ham tasdiqladi.

- Futbolchi o‘zi uchun muhim qarorni qabul qilib bo‘lgan va u boshqa klubga o‘tmoqchi. Men uni olib qolish uchun bir murabbiy sifatida qo‘limdan kelgan barcha ishni qildim. Lekin u boshqa chempionatda, boshqa klub sharafini himoya qilish fikridan qaytgani yo‘q.

Tabiiyki, jamoaga foyda keltirishga ishtiyoqi bo‘lmagan o‘yinchini majburan olib qolish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.  Men uning qolishini istayman. Lekin ish u biz bilan bo‘lmaydigan vaziyatga qarab ketyapti. Biz uni olib qolish uchun hamma narsa qilib ko‘rdik, lekin tanlovni Umarovning o‘zi amalga oshirdi, - dedi Kirill Alshevskiy.

Shahboz Umarov bir necha jamoalar, xususan, “Ordabasi” jamoasi bilan muzokara olib bormoqda.

162_51e29d1d091f1b4d2586980c83061e60

Yaqinda Belarus chempionatini yana bir legionerimiz – o‘tgan mavsum qahramoni Bobur Abduxoliqov ham tark etgan edi. Bobur “Energetik-BGU” tarkibida 26 ta gol urib, Belarus chempionatlari tarixida eng ko‘p to‘p kiritgan legionerga aylandi. Abduxoliqov  chempionat kumush medalidan tashqari, turnirning eng yaxshi futbolchisi va eng zo‘r to‘purari sovrinlariga ham sazovor bo‘ldi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!