
Legionerimiz turklarni qanday hayratga soldi?
Bu mavsumdan e’tiboran, Turkiya Superligasi klublari o‘zbek futbolchilariga ko‘proq e’tibor qarata boshlanadi.
Yakunlangan mavsumda O‘zbekiston milliy terma jamoasining uch nafar o‘yinchisi Turkiya Superligasida to‘p tepdi. Husniddin Aliqolov “Rizespor”da muhim figuraga aylangan bo‘lsa, Otabek Shukurov autsayder “Fotih Karagyumryuk”dan “Qayserispor” jamoasiga ko‘chib o‘tdi.
Qatardagi Osiyo kubogidan keyin Azizbek Turg‘unboev kutilmaganda “Sivasspor” klubiga yo‘l oldi.
29 yoshli futbolchi “Sivasspor” tarkibiga chempionatning ikkinchi qismida 12 ta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
Mavsum yakunlanganidan keyin Superliga o‘yinchilari imkoniyatlarini tahlil qilishga kirishgan mutaxassislar Azizbek Turg‘unboevga ham e’tibor qaratdi.
Turklar o‘zbek futbolchisining universalligidan hayratga tushdi. Buni sivasmemleket.com.tr sayti tahlilidan bilib olish mumkin.
O‘zbekistonlik Azizbek Turg‘unboev “Sivasspor” bosh murabbiyi Byulent Uyg‘un uchun haqiqiy topilma bo‘ldi.
- Qishki transferlar davrida jamoaga kelib qo‘shilgan Azizbek texnik sifatlari yuqoriligi bilan murabbiylar shtabiga taktika tanlashda katta imkoniyatlar yaratib berdi. Bunda Turg‘unboevga himoyaning har ikki qanotida, tayanch hududida, chap va o‘ng qanot hujumida o‘ynay olishi juda qo‘l keldi.
O‘zbek futbolchisining har ikki oyog‘ida ham juda yaxshi o‘ynay olishi yana bir katta ustunlik sifatida e’tiborimizni tortdi.
Bu qobiliyatlari evaziga Azizbek Turg‘unboev “Sivasspor”da bir necha pozitsiyada ishonchli o‘ynab, murabbiylar ishonchini oqladi. Tajribali legioner himoya, yarim himoya va hujumda to‘p tepdi, mavsumni tayanch yarim himoyachi pozitsiyasida yakunladi.
Azizbekning futboldagi aqliy qobiliyati, tez yugurishi, jamoaviy o‘yin ko‘rsata olish imkoniyati yuqoriligini inobatga olib, mavsumni muvaffaqiyatli o‘tkazdi, deb baholash mumkin. Azizbek Turg‘unboevning “Sivasspor” bilan amaldagi shartnomasi yana bir yil davom etadi, - deb yozdi sivasmemleket.com.tr sayti eksperti Ismoil Haqsevar.
Azizbek Namangan futboli tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Yurtimizda “Navbahor” va Paxtakor” jamoalari sharafini himoya qilgan.
Turg‘unboev O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida hozirgacha 33 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga to‘rtta gol yozdirib qo‘ygan.
Fikrlar